Atoyi adabiy merosi targʻib qilinadi
🔴 “Shohbayt” nima?
🔴 Atoyi qaysi sulola davrida yashagan?
🔴 Atoyi ijodi kimlar tomonidan tadqiq etilgan?
Shoirlar borki, devonlarini birov bilmaydi, shoirlar borki, bir bayt sheʼri bilan mashhur boʻlib ketadi. Bunday baytlarni mumtoz adabiyotshunoslikda “shohbayt” deyishadi. Atoyi mana shunday shoirlardar biri sifatida tanilgan. Uning quyidagi bayti shoirning shuhratini elga yoygan “shohbayt”lar sirasiga kiradi:
Ul sanamkim, suv yaqosinda paritek oʻlturur,
Gʻoyati nozuklukindin suv bila yutsa boʻlur.
Alisher Navoiygacha oʻtgan turkiy adabiyotning zabardast namoyandalaridan biri, oʻzbek gʻazalchiligi ustozlaridan boʻlgan Atoyi XIV asrning ikkinchi yarmi — XV asrning birinchi yarmida yashab ijod qilgan. Yassaviya shayxlari avlodidan boʻlganligi uchun Shayxzoda Atoyi deb yuritiladi. U bir-ikki avlod orqali bevosita “Turkiston mulkining shayx ul-mashoyixi” Xoja Ahmad Yassaviyga borib bogʻlanadi. Shoirning tarjimai holi haqida deyarli maʼlumot yoʻq: uning qachon va qayerda tugʻilgani, qaysi shaharlarda qancha muddat yashagani hamda asl ismi nomaʼlum.
Mavlono Atoyidan bizgacha 260 ta gʻazaldan iborat yagona devon yetib kelgan boʻlib, u hozirda Sankt-Peterburgdagi Sharqshunoslik institutining Sharq qoʻlyozmalari boʻlimida saqlanadi. Alisher Navoiy “Majolis un-nafois” tazkirasida yozadi: “Mavlono Atoyi Balxda boʻlur erdi. Ismoil ato farzandlaridindur, darveshvash va xushxulq, munbasit kishi erdi. Turkigoʻy erdi. Oʻz zamonida sheʼri atrok orasida koʻp shuhrat tutti... Mavlono koʻp turkona aytur erdi... Qabri Balx navohisidadur”. “Muhokamat ul-lugʻatayn” asarida mamlakat turkiy sultonlar qoʻliga oʻtgan Huloguxon va sohibqiron Amir Temur qamonidin farzandi Shohrux Mirzo zamonining oxirigacha maydonga chiqqan turkiy shoirlar Sakkokiy, Haydar Xorazmiy, Muqimiy, Yaqiniy, Amiriy va Gadoiylar qatorida Atoyini ham hurmat bilan tilga oladi. “Oʻq va yoy” munozarasida Yaqiniy ham Atoyining bir baytini misol qilib keltiradi.
Atoyi devonini topib, uni keng jamotchilikka maʼlum qilgan olim taniqli sharqshunos A.N. Samoylovich hisoblanadi. U 1927 yili bu hakda “XV asrdagi Chigʻatoy shoiri Atoyi” nomli maqola yozib, shoirning 17 ta gʻazalini eʼlon qiladi. Shundan keyin shoir ijodi-ga qiziqish kuchayib ketadi. Abdurauf Fitrat, Gʻafur Gʻulom, Hodi Zarif, Ergash Rustamov, Oybek, Natan Mallayev, Erkin Ahmadxoʻjayev, Abduqodir Hayitmetov, Suyima Gʻaniyeva, Ibrohim Haqqul, Sayfiddin Rafiddin kabi olimlar shoir hayoti va ijodini tadqiq qilish hamda asarlarini nashr etishga oʻz hissalarini qoʻshdilar. Akademik shoirimiz Gʻafur Gʻulomning yozishicha, Atoyi “shimoliy Turkiston (Chimkent, Sayram, Turkiston, Iqon, Oʻtror)ning qaysi bir yeridadir tugʻilib, keyin maʼrifat qidirib qadim poytaxtimiz Hirotga borib, shu yerda turgʻun boʻlib qolgan boʻlsa kerak. U Shohrux va Ulugʻbek davrida yashagan, ijod qilgan... Shoirning soʻzidagi oʻta tiniq oʻzbeklik shimoliy Turkiston oʻzbeklarining shevasini eslatadi. Uning 260 lirik gʻazalidan 109 tasi aruz vaznlariga mos tushadigai xalq qoʻshiqlari vaznlari bilan yozilgandir. Asarlariga til tomonidan shoir Ahmad Yassaviyning kuchli taʼsiri bor”.
Atoyi nafaqat shoir, balki maʼrifatparvar zot boʻlib, oʻz faoliyatida inson qalbini poklash, yaxshilik va bilim orqali yuksalish gʻoyasini yoygan. Bugungi kunda Atoyining faoliyati – maʼnaviyat va milliy oʻzlikni tiklash jarayonida qimmatli ilmiy va madaniy meros sifatida oʻrganilmoqda.
Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan amalga oshirilayotgan “Atoyi adabiy merosi” medialoyihasi orqali shoir ijodi jamoatchilikka xususan, yosh avlodga yetkazish maqsad qilingan.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
