“Birinchi Renessans kapsulalari”: islom sivilizatsiyasi merosi zamonaviy texnologiyalarda taqdim etiladi
🔴 Yoshlar uchun tarix qiziqarli formatda
🔴 Toʻrtta kapsulada islom dinining asosiy qadriyatlari
🔴 Ibn Sinoning jarrohlik anjomlari koʻrgazmadan oʻrin oladi
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Birinchi Renessans” davriga bagʻishlangan ekspozitsiya ilmiy muhokamalar asosida mazmunan va texnologik jihatdan boyitilmoqda.
Ekspozitsiya islom dinining Oʻrta Osiyodagi tarqalishi, ilm-fan, adabiyot va tibbiyot sohalaridagi merosni keng yoritib beruvchi taʼlimiy makon sifatida shakllantirilayapti. Unda zamonaviy texnologiyalar, jumladan immersiv shou, interaktiv namoyishlar, multimedia vositalari va sunʼiy intellekt asosida tayyorlangan vizual kontentlar keng qoʻllanilmoqda.
Navbatdagi ilmiy muhokamada ekspozitsiya mazmuni va uslubi yuzasidan fikrlar almashilib, allomalar merosini yoshlar uchun qiziqarli formatda taqdim etishga alohida eʼtibor qaratildi. Taʼkidlanishicha, bu boʻlimda yettita mavzuli kapsula tayyorlanmoqda. Ular islom arkonlari, dinning Oʻrta Osiyo va dunyoga tarqalishi, allomalar hayoti va asarlarini qamrab oladi.
Ushbu loyiha Fransiyaning “Avesto” hamda Italiyaning “Magister art” dizayn kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Yaqinda London shahridagi “Al-Furqon” islom merosi jamgʻarmasi direktori Sali Shahsuvariy xalqaro ekspert sifatida loyihaga jalb etildi. U kapsulalar konsepsiyasi yuzasidan oʻz takliflarini berib, ishchi guruh aʼzolari bilan fikr almashdi.
— “Birinchi Renessans” boʻlimi ekspozitsiyasidan oʻrin oladigan ilk toʻrtta kapsulada islom dinining asosiy qadriyatlari, uning tarqalish xaritasi va tarixiy artefaktlar aks ettiriladi. Qolgan uchta kapsulada esa allomalarning asl va faksimil asarlari, shuningdek, multimedia vositalari bilan boyitilgan vitrinalar joylashtiriladi, — dedi Sali Shahsuvariy.
Yangi konsepsiyada sunʼiy intellekt orqali Ibn Sino va Abu Rayhon Beruniy singari allomalarning hayotini interaktiv ekranlarda namoyon etish ham rejalashtirilgan. Shu bilan birga, qadimiy asarlarni virtual tarzda "varaqlash" imkoniyati ham yaratiladi.
Ekspozitsiyaning muhim qismlaridan biri sifatida Ibn Sinoning mashhur “Kitob ash-Shifo” asarining Oksford kutubxonasida saqlanayotgan toʻliq nusxasini Oʻzbekistonga olib kelish va namoyon etish tashabbusi ustida ham ishlar olib borilmoqda. Qolaversa, allomaning jarrohlik anjomlari ham qayta tiklanib, koʻrgazmada oʻrin olishi kutilmoqda.
Ekspozitsiya orqali milliy uygʻonish davri qayta kashf etilishi va zamonaviy avlod uchun ruhiy-maʼnaviy bilim manbaiga aylanishi kutilmoqda. Ilmiy muhokamalar davom etmoqda.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
