Tarix yoshlar uchun zamonaviy ifoda bilan uygʻunlashmoqda
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida yaratilayotgan ekspozitsiyalarda anʼanaviy ifoda vositalari zamonaviy texnologiyalar bilan uygʻunlashtirilmoqda.
Qoʻlyozmalar, maketlar, tarixiy artefaktlar va mulyajlar qatorida interaktiv yechimlar, 3D animatsiyalar, raqamli vizualizatsiyalar, virtual koʻrgazmalar va maxsus videokontentlar keng qoʻllanilmoqda.
Markaz direktori Firdavs Abduxoliqovning taʼkidlashicha, ekspozitsiyani zamonaviy media mahsulotlar bilan toʻldirish, xususan, yoshlar uchun qiziqarli va taʼsirli formatda taqdim etish ustuvor vazifa hisoblanadi.
– Prezidentimiz Markazning bunyodkorlik ishlari bilan tanishish maqsadida qilgan tashriflarida muzey ekspozitsiyalarida yosh avlodni jalb etadigan ifoda vositalarini qoʻllash zarurligini alohida qayd etganlar. Shu bois media kontent Markaz faoliyatining muhim yoʻnalishlaridan biriga aylandi, – dedi Markaz rahbari.
Shu maqsadda Islom sivilizatsiyasi markazi va Kinematografiya agentligi oʻrtasida megaloyiha ekspozitsiyasining kino-media loyihalariga doir hamkorlik uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishda maʼlum qilinishicha, loyihalar doirasida tarixchilar, rejissyorlar va media mutaxassislari hamkorlikda faoliyat yuritmoqda. Ayniqsa, Temuriylar davri malikalari — xususan, Gavharshodbegim obraziga oid sahnalarni tarixiy asoslangan va tiniq vizual yechimlar bilan yaratishda maxsus muvofiqlashtiruvchi tizim zarurligi taʼkidlandi.
Rejissyorlar tomonidan loyihalarning badiiy darajasini kafolatlash maqsadida maxsus badiiy kengash tuzish va barcha vizual elementlarni (libos, sahna maketi, aksessuar va boshqalar) olimlar va mutaxassislar tahlilidan oʻtkazish taklifi ilgari surildi.
Yigʻilishda Abu Rayhon Beruniy va Jaloliddin Manguberdi hayotiga bagʻishlangan ilk videoishlanmalar namoyish etildi hamda kelgusidagi media mahsulotlarga doir aniq vazifalar belgilab olindi. Ular orasida har bir ish sifatli, aniq va oʻz vaqtida yakunlanishi, taklif va muammolar tezkor hal etilishi kerakligi alohida qayd etildi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
