BBC News bilan hamkorlikdagi loyiha: Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi jahon sahnasida

 

🔴 BBC News orqali keng qamrovli namoyish

 

🔴 Islom sanʼatini qayta hikoya qilish

 

🔴 Oʻzbekistonning yangi madaniy imidji


   
    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va BBC News hamkorligida “Guardians of Heritage” xalqaro media loyihasi amalga oshiriladi.

 

    Mazkur loyiha dunyodagi eng yirik va ishonchli axborot platformalaridan biri — BBS News telekanali va rasmiy sayti orqali jahon auditoriyasiga taqdim etiladi.



 

    Loyiha maqsadi — Oʻzbekistonning islomiy madaniy merosini global miqyosda tanitish, Islom sivilizatsiyasi markazi fondidagi noyob artefaktlar, tarixiy qoʻlyozmalar, kulolchilik va sanʼat asarlari orqali islom dunyosidagi intellektual va estetik boylikni tarannum etishdan iborat.

 

    Loyiha doirasida tayyorlangan videomateriallar BBC News telekanali orqali Yevropa, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mamlakatlarida ikki hafta mobaynida 120 marta efirga uzatiladi. Shuningdek, “Guardians of Heritage” deb nomlangan maxsus veb-sahifa BBC platformasida yaratiladi va u uch yil davomida faol boʻladi. Unda matn, foto va video kontentlar, shu jumladan, ekspertlar intervyulari ham joylashtiriladi.

 

    Mazkur loyiha doirasida Christie’s va Sotheby’s kabi nufuzli auksionlardan xarid qilingan nodir artefaktlar — Shoh Jahon davriga tegishli qilichlar, Damashq shamshirlari, kulolchilik namunalari, qadimiy qoʻlyozmalar kabi muzey eksponatlari koʻrsatiladi. Ular islom sivilizatsiyasi tarixidagi muhim bosqichlarning guvohi sifatida taqdim etiladi.



 

    BBC News telekanali vakili Mariya Tebyakinaning taʼkidlashicha, “Guardians of Heritage” loyihasi faqat eksponatlarni namoyish qilish emas, balki ular orqali islom sanʼatini estetik, ilmiy va maʼnaviy jihatdan qayta hikoya qilishni koʻzlaydi. Loyiha tuzilmasi shunday ishlanganki, har bir artefakt nafaqat muzey qimmatligi, balki tamaddunni tasdiqlovchi tarixiy guvoh sifatida namoyon boʻladi.

 

    Bugungi kunda BBC telekanali 465 milliondan ortiq auditoriyaga ega boʻlib, loyihaning keng qamrovli taʼsirini kafolatlaydi. “Guardians of Heritage” loyihasi nafaqat madaniy diplomatiya, balki global media makonda Oʻzbekiston imijini yuksaltirish, uni jahon bilan uzviy muloqotga chiqarish uchun yangi imkoniyatlarni ochadi.