Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida dunyoga soʻzlaydigan kitob tayyorlanmoqda


    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining boy maʼnaviy-maʼrifiy salohiyatini nafaqat milliy, balki xalqaro miqyosda keng targʻib etish maqsadida bir qator yangi media va nashr loyihalari amalga oshirilmoqda.

 

    Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur markaz haqida, uning faoliyati,  maqsad va vazifalari, meʼmoriy mahobatini dunyo jamoatchiligiga namoyon etish uchun  alohida kitob yaratilmoqda.


    Markaz Ilmiy kengashining navbatdagi yigʻilishida mazkur kitob loyihasi konsepsiyasi bilan “Dinara & So” nashriyoti direktori Dinara Doʻltayeva tanishtirdi.

 

— Bizning asosiy maqsadimiz – Islom sivilizatsiyasi markazi orqali Oʻzbekistonni jahonga zamonaviy, madaniy-sivilizatsion maskan sifatida namoyon etish. Bu markaz necha asrlik Renessans davrlarini va boy ilmiy merosimizni birlashtiruvchi muhim ilmiy markazdir. Kitobda nafaqat Markazning vazifalari, balki unda saqlanayotgan artefaktlar, Prezident tashabbuslari va madaniy diplomatiya boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham batafsil soʻz yuritiladi. Unda infografikalar, xaritalar, fotosuratlar keng qamrab olinadi, — dedi D.Doʻltayeva.

 

    Kitob 300 sahifadan iborat boʻlib, oʻzbek tilida yozilib, rus, ingliz va arab tillariga tarjima qilinishi belgilangan. 

 

    Ilmiy kengash aʼzolari loyihani bir ovozdan maʼqullab, ayrim taklif va ilova tavsiyalarini bildirishdi.

 

    Loyiha doirasida kitobni tuzish, ilmiy tahrir qilish va vizual bezash ishlari Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.