Amir Temur maqbarasi eshigining oʻymakor nusxasi islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida

   
    Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasi yana bir benazir tarixiy namunani oʻz ichiga oladi — Amir Temurning Samarqandda joylashgan maqbarasi eshigining yuksak sanʼatda yaratilgan oʻymakor nusxasi. Bu nusxa nafaqat moddiy madaniyatimizning, balki maʼnaviy merosimizning ham qimmatli timsoli sifatida namoyon boʻladi.

 

    1404 yilda qurilishi boshlangan maqbara — Temuriylar sulolasining asoschisi Amir Temur, uning farzandlari va avlodlari dafn etilgan muqaddas maskan. Maqbaradagi eshik — oʻsha davrdagi yogʻoch oʻymakorlik sanʼatining yuksak namunasi boʻlib, u chin mohirlik va yuksak zehn bilan ishlangan.

 

    Yongʻoq daraxtidan yasalgan eshikdagi naqshlar geometrik shakllar, arabcha xushxatlar va rastagul uslubidagi oʻsimliksimon ornamentlar bilan boyitilgan. Bu ish uslubi temuriylar davridagi ziynatlash maktablarining mukammalligini koʻrsatadi.

 

    Eshikdagi har bir oʻyma — islomiy gʻoyalar, sanʼat va maʼnaviyat uygʻunligining yorqin ifodasidir. Unda “Bismilloh”dan tortib, qurʼoniy oyatlar ham maxsus uslubda joy olgan.

 

    Markazdagi bu eshik nusxasi tarix va hunarmandlikni zamonaviy mulohaza bilan baholash, yosh avlodga Amir Temur davridan qolgan madaniy merosni yaqindan koʻrsatishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, u mehmonlarda yurtimizdagi sivilizatsiya, zehn, yuksak sanʼat va islomiy dunyoqarash uygʻunligini his qilish imkonini beradi. Artefakt Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahridagi Davlat Ermitaji kolleksiyasida saqlanadi. Eshikning tepa qismida “Bu foniy dunyo yolgʻon dunyodir, har bir jonimiz va narsamiz omonatdir. Haqiqiy dunyo - u dunyodadir” kabi soʻzlar yozilgan. Eshikning balandligi 2,5 metr, kengligi 62 santimetr, qalinligi 7 santimetr boʻlgan.

 

    Bu kabi eksponatlar yurtimiz tarixi va islom sivilizatsiyasi oʻrtasidagi uzviy bogʻliqlikni anglash, oʻtmishdan iftixorlanish va kelajakka ilhom bilan qarashda muhim ahamiyat kasb etadi.