Ilmga bagʻishlangan kapsulalar: Birinchi Renessans ruhi Islom sivilizatsiyasi markazida jonlanmoqda

 

🔴 Eng murakkab, ammo eng esda qolarli bosqichlardan biri


🔴  Tarixiy manbalar, nodir qoʻlyozmalar va estetik ifoda


🔴  Nafaqat oʻtmishga nazar, balki kelajakka yoʻlchi nur

 

    Italiyaning “Magister Art” kompaniyasi arxitektor-dizayneri Laura Perettining soʻzlariga koʻra, mazkur ekspozitsiya ustidagi ish jarayoni “eng murakkab, ammo eng esda qolarli bosqichlardan biri boʻlmoqda”. 


    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Birinchi Renessans” davriga bagʻishlangan ekspozitsiyani mazmunan boyitish, eksponatlarning joylashuvi va taʼlimiy-konseptual yoʻnalishlarini belgilash boʻyicha navbatdagi muhokama yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Markaz rahbari Firdavs Abduxoliqov, “Al-Furqon” Islom merosi fondi rahbari Sali Shahsuvariy, Italiyaning “Magister Art” kompaniyasi arxitektor-dizayneri Laura Peretti, OʻzFA tasarrufidagi ilmiy-tadqiqot institutlari olimlari, Imom Moturidiy markazi va boshqa ilmiy muassasalar vakillari ishtirokida oʻtkazilgan muhokama yigʻilishining markaziy nuqtasi — Birinchi Renessans boʻlimida tashkil etiladigan 7 kapsula mazmuni boʻldi. 


    Ushbu kapsulalarda ilmiy va maʼnaviy tiklanish davrining turli jihatlari — falsafa, tibbiyot, astronomiya, matematika, sanʼat va maʼrifat bilan bogʻliq yoʻnalishlar tarixiy manbalar, nodir qoʻlyozmalar va estetik ifoda vositalari orqali taqdim etiladi.

 

    Arxitektor Laura Perettining soʻzlariga koʻra, mazkur ekspozitsiya ustidagi ish jarayoni “eng murakkab, ammo eng esda qolarli bosqichlardan biri”. 
 

“Bu davrni oʻrganar ekanmiz, yangi bilimlarga ochiq boʻlish va tarixiy ildizlarni ilmiy asosda qayta tartiblash muhim ahamiyat kasb etdi”, – dedi u.


    Yigʻilishda, shuningdek, vitrinalarning oʻlchami, eksponatlar joylashuvi, Abu Ali ibn Sino faoliyatiga bagʻishlangan boʻlim konsepsiyasi va tibbiyotga oid fundamental asarlar bilan bogʻliq materiallar muhokama qilindi.

 

    Mazkur tarixiy-maʼrifiy ekspozitsiya nafaqat oʻtmishga nazar, balki kelajakka yoʻlchi nur sifatida baholanmoqda. Tadbir ishtirokchilari taʼkidlashicha, Oʻzbekiston Prezidenti ilgari surgan “Yangi Renessans” gʻoyasi aynan ana shu tarixiy merosga tayanadi va bu merosni zamonaviy texnologiyalar orqali keng jamoatchilikka taqdim etish — milliy taraqqiyotning maʼnaviy poydevorini mustahkamlaydi.