Sakkiz asrni koʻrgan tilla taqinchoqlar

🔴 Taqinchoqlar qayerdan topilgan?

 

🔴 Ular qaysi sulola davriga toʻgʻri keladi?

 

🔴 Christie's savdo uyining qonun-qoidalari nimalardan iborat?


    Yaqinda dunyodagi eng qadimiy va mashhur auksion uylaridan biri – Buyuk Britaniyaning London shahrida joylashgan Christie's savdo uyida Hindiston va islom olamiga tegishli osori-atiqalarning savdosi boʻlib oʻtdi. Unda bevosita Oʻzbekiston madaniy merosiga oid qadimiy buyumlar, qoʻlyozmalar ham savdoga qoʻyildi. 

 

    Ular orasida saljuqiylar davrida yaratilgan oltin taqinchoqlar toʻplami koʻpchilikning eʼtiborini tortdi. 

 

     Taqinchoqlar qayerdan topilgan?

 

   Dunyodagi koʻplab auksion uylari qatori Christie's savdo uyining ham qonun-qoidalari bor. Ular sotilayotgan buyumning egasi agar oʻz nomini oshkor qilishni istamasa, bu haqda maʼlumot berishmaydi. Sotib olgan shaxs ham oʻz nomini sir tutishni talab qilish huquqiga ega. Biz tilga olgan taqinchoqlar ham oldin kimga tegishli boʻlgan, auksion uyiga qanday kelib qolgani haqida toʻliq maʼlumotlar berilmadi. Ammo, shunisi aniqki, har bir lot savdoga chiqarilishidan avval maxsus ekspertizadan oʻtkaziladi. Tarixchilar, sanʼatshunoslar, etnograflar va boshqa tegishli soha vakillari har bir osori atiqan har tomonlama tekshiruvdan oʻtkazadilar. Chunki, notoʻgʻri maʼlumot yoki soxta artefakt savdo chiqarilgani oshkor boʻlib qoladigan boʻlsa, bu oxir-oqibat katta mojarolarga, hatto sudlashishgacha borib yetadi. 

 

   Ekspertlar ushbu taqinchoqlar aynan saljuqiylar davrida, eng kechi bilan XIII asrda Saljuqiylar davrida yasalganini aniqlashgan. Mazkur taqinchoqlarda ishlatilgan bezaklar, turli belgilar aynan shu davrga tegishli osori atiqalarda koʻplab uchraydi.  Qizigʻi, 35 dona buyum (zebigardon, bilaguzuk, zanjirlar, uzuk va sirgʻalar) orasida yurakcha shaklidagi taqinchoqlar ham bor. Bu belgi shu paytgacha Yevropadan kirib kelgan, sevgi ramzi sifatida qarab kelingan. Ammo, oʻrganishlar shuni koʻrsatdiki, bu shakldagi oltin buyumlar bundan 2500 yil avvalgi Ahamoniylar davriga oid buyumlar orasida ham uchraydi. Mutaxassislar hattoki qadimgi Misr iyerogliflari orasida ham bu belgi borligini aytishadi. 

 

    Ushbu zargarlik buyumlari mohir ustalar tomonidan yaratilgan va hukmdorlar oilasiga tegishli ayollar taqqan boʻlishi mumkin. 


    Auksionga chiqarilgan bu taqinchoqlar toʻplami mazkur savdoda ishtirok etgan oʻzbekistonlik mutaxassislar yordamida sotib olish uchun saralangan  va yurtimizga keltirilishi kutilmoqda.



Rustam Jabborov

P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.