Toshkent global koʻrgazmaga tayyorgarlik koʻrmoqda

 

    Dunyo muzeylari Oʻzbekistonda jamlanadi.  Toshkent shahrida “Oʻzbekiston madaniy merosi – butun insoniyat mulki” mavzusida global koʻrgazma tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. 


    Ushbu nufuzli tadbirda dunyoning 50 ga yaqin muzey va kutubxonalari ishtirok etishi koʻzda tutilgan. Bu haqda Markazda boʻlib oʻtgan navbatdagi ilmiy kengash yigʻilishida maʼlum qilindi.

 

    Koʻrgazmada namoyish etiladigan qariyb 1000 ta noyob eksponat – qoʻlyozmalar, tarixiy hujjatlar, asarlar va artefaktlar roʻyxati Tashqi ishlar vazirligi, Madaniyat vazirligi va Oʻzbekistonning xorijdagi elchixonalari koʻmagida shakllantirilmoqda. Bu jarayonda xalqaro nufuzga ega muzey va fondlar hamkor sifatida jalb etildi.



 

    Kamola Akilova, Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasi direktori, akademik:

 

— Dunyoning qator muzey va kutubxonalari “Oʻzbekiston madaniy merosi – butun insoniyat mulki” koʻrgazmasida qatnashish taklifini mamnuniyat bilan qabul qilishdi. Jumladan, Malayziyaning “Islom sanʼati muzeyi”, “As-Saboh” fondi, Fransiya, Germaniya, Qirgʻiziston, Qozogʻiston muzeylari, Turkiyaning Toʻpqopi, Turk islom asarlari muzeyi, Sulaymoniya kutubxonasi va boshqa ilmiy-madaniy muassasalar oʻz eksponatlari bilan qatnashish niyatini bildirdi.

 

    Koʻrgazmada Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi yirik allomalarimizga oid asarlar, tarixiy Qurʼon nusxalari, jumladan, xorijda saqlanayotgan 200 ga yaqin qoʻlyozmaning faksimilelari namoyish etiladi.

 

    Shuningdek, 61 ta muhim eksponatning mulyaji tayyorlanib, ularning xavfsiz tashilishi, saqlanishi va namoyishi boʻyicha zarur texnik talablar, sugʻurta hujjatlari va maxsus vitrina maʼlumotlari tayyorlangan.



 

    Xorijiy muzeylar rahbarlari nodir artefaktlarning tashilishi va qaytarilishi jarayonida ularga ziyon yetmasligi kerakligini alohida taʼkidlagan.

 

    Global koʻrgazma uchun eksponatlarni tashish ishlarini amalga oshiradigan “Bek Broker” kompaniyasi vakillari taʼkidlashicha, muzey eksponatlarining qadimiyligi, nozikligi, hajmi va vazni kabi parametrlar har bir detalda inobatga olinmoqda.


Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati