Oʻzbekiston-Buyuk Britaniya: Oksford Islom tadqiqotlari markazi bilan hamkorlik muloqoti
Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifi bilan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi binosining ikkinchi qavatida Buyuk Britaniyadagi Oksford Islom tadqiqot markazi ish boshlashi kutilyapti. Joriy yilda ushbu tashkilot faoliyatiga 40 yil toʻldi.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Kengaytirilgan Ilmiy kengashining navbatdagi yigʻilishida Buyuk Britaniya Oksford Islom tadqiqotlari markazi direktori doktor Farxan Nizami bilan ZOOM orqali muloqot boʻlib oʻtdi.
Muloqot avvalida, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduholiqov Farxan Nizami va uning jamoasini Oksford Islom tadqiqot markazi faoliyatining 40 yilligi munosabati bilan muborakbod etdi:
— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning takliflari bilan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi binosining ikkinchi qavatida xalqaro hamkor tashkilotlar uchun joy ajratilgan. Jumladan, Oksford Islom tadqiqot markazi uchun ham. Shu munosabat bilan Siz va siz rahbarlik qilayotgan Markaz jamoasi vakillarini Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida kutib qolamiz. Sizning tashrifingiz kelajakda amalga oshiriladigan hamkorlikdagi ishlarimiz uchun yanada kattaroq eshik ochadi, – dedi Markaz direktori F.Abduholiqov.
Yigʻilish davomida Bahrom Abduhalimov hamda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi katta ilmiy xodimi Zohidulla Munavvarov ham soʻzga chiqib, yoʻlga qoʻyilishi kutilayotgan hamkorlikdan mamnun ekanliklarini bildirib oʻtishdi.
Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yilning dekabr oyida ikki Markaz oʻrtasida “Islom ijtimoiy va intellektual tarixi ATLASI”ning Markaziy Osiyo bilan bogʻliq qismi boʻyicha qoʻshma hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan edi. Ushbu loyihada Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi katta ilmiy xodimi Zohidulla Munavvarov boshchilik qilib, yaqin kunlarda ushbu loyiha yuzasidan Londonga xizmat safari amalga oshirilishi maʼlum qilindi.
Muloqot soʻngida Buyuk Britaniya Oksford Islom tadqiqotlari markazi direktori doktor Farxan Nizami yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik va Oʻzbekistonga taklifdan xursand ekanligini taʼkidlab oʻtdi.
Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
