“Birinchi Renessans” ekspozitsiyasi islom merosi mutaxassislari ishtirokida takomillashtirilmoqda


🔴 Oʻzbekistondagi megaloyiha muzeyida islom ilmlari vizual tarixga aylanmoqda.

 

🔴 Renessans yangi formatda qayta uygʻonmoqda.

 

🔴 Yuz yillik bilimlar uchun yangi sahna shakllanmoqda.




    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan ishlab chiqilayotgan loyihalar islom dinining ilmiy, madaniy va maʼnaviy merosini yuqori estetik darajada namoyon etishni maqsad qiladi.

 

    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida ilmiy maslahat va loyihaviy ishchi guruh aʼzolari ishtirokida navbatdagi maslahat yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Yigʻilishda markaz ekspozitsiyasining asosiy yoʻnalishlaridan sanalgan “Birinchi Renessans davri” boʻlimidagi “Islom ilmlari” kapsulalari yuzasidan olib borilayotgan ishlar atroflicha muhokama etildi.




 

    Tadbirda xalqaro hamkorlar sifatida Londonda joylashgan “Al-Furqon” Islom merosi jamgʻarmasi direktori Sali Shahsuvariy, Fransiyaning “Avesto” kompaniyasi vakili Yusuf Xatto hamda Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyining “Birinchi Renessans” boʻlimi ekspozitsiyalari ishchi guruhi rahbarlari va aʼzolari – professorlar Bahrom Abduhalimov, Surayyo Karimova, dotsent Ibrohim Usmonov va boshqa taniqli olimlar ishtirok etdi.

 

    Muzokaralar davomida asosiy eʼtibor ekspozitsiyaning “Birinchi Renessans” sektorida islomning Markaziy Osiyoga kirib kelishi mavzusini yorituvchi videoroliklar mazmuniga qaratildi.



 



    Shular qatorida, ularda aks ettirilishi moʻljallanayotgan tarixiy xaritalar va vizual yechimlar konsepsiyasi yuzasidan fikr almashildi. Sali Shahsuvariy bu yoʻnalishda qator amaliy takliflar kiritib, Islomning besh rukni va shariatning besh shartlariga bagʻishlangan qisqa videolar uchun ssenariy matnlarini shaxsan tayyorlab berishini maʼlum qildi.




    Bu tashabbus va bildirilgan taklif-mulohazalar sabab Sali Shahsuvariy muzey ekspozitsiyasining “Birinchi Renessans” boʻlimi ishchi guruhiga xorijiy mutaxassis sifatida biriktirildi. Shuningdek, xorijlik mutaxassis nafaqat Birinchi Renessans ekspozitsiyasidagi 3 ta Islom ilmlari kapsulalariga, balki bu boʻlimdagi jami 7 ta kapsula uchun ham takliflarini bildirib oʻtdi.


    Yigʻilish davomida muhokama qilingan taklif va gʻoyalar loyiha ishchi guruhi tomonidan ijobiy baholandi va markaz rahbariyati koʻrib chiqishi uchun taqdim etildi. Mazkur takliflar tasdiqlangach, texnik ishlanmalarni amalga oshirish uchun Italiyaning “Magistr Art” kompaniyasiga rasmiy ravishda yuborilishi belgilandi.



 

    Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan ishlab chiqilayotgan ushbu loyihalar Islom dinining ilmiy, madaniy va maʼnaviy merosini yuqori estetik darajada namoyon etishni maqsad qiladi. Xususan, vizual axborot texnologiyalari, tarixiy tahlil va zamonaviy ekspozitsiya vositalari orqali xalqimiz hamda xalqaro jamoatchilik uchun boy maʼnaviy qadriyatlar manbai yaratish koʻzda tutilgan.