Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Dolzarb 30 kunlik” eʼlon qilindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va gʻoyasi bilan bunyod etilayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi quruvchilarning fidoyi saʼy-harakatlari natijasida yakuniy bosqichda amalga oshirilmoqda. Bir vaqtning oʻzida “Sivilizatsiyalar, shaxslar, kashfiyotlar” konsepsiyasi asosida 2000 dan ortiq mahalliy va xorijlik olimlar, ilm-fan, zamonaviy texnologiyalar mutaxassislari, muzeyshunoslar, tadqiqotchilar, dizaynerlar kabi qator soha vakillari birlashib, kontentlarni tayyorlash ustida ham qizgʻin ish olib borishmoqda. Bugun Markaz rahbari, Ilmiy kengash raisi Firdavs Abduxoliqov boshchiligida boʻlib oʻtgan navbatdagi yigʻilishda bu boradagi ishlarni jadallashtirish uchun “Dolzarb 30 kunlik” eʼlon qilindi.
Kun tartibidan 20 dan ortiq masala oʻrin olgan yigʻilishda Markaz kontentini boyitish borasidagi ishlar, loyihalar ijrosi, tahlillar doirasida fikr va mulohazalar tinglandi. Shuningdek, soʻnggi bosqichlarda amalga oshirilayotgan ekspozitsiya loyihalarini jadallik bilan yakuniga yetkazish, kamchiliklarni bartaraf etish asosiy masala sifatida koʻrildi.
Markaz rahbariyati va ilmiy kengash aʼzolari tomonidan bugun Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari tarixi, madaniyati va hayot tarzini qamrab olgan “Vaqt devori” loyihasi doirasida yaratilayotgan oltita yirik barelef kompozitsiyasi, ularning umumiy vizual konsepsiyasi amaliy muhokamasida qayd etilgan kamchiliklar ham muhokama qilindi.
Davlat rahbari bildirgan ishonchni oqlash va topshiriqlar ijrosini oʻz vaqtida bekami-koʻst bajarish uchun ekspozitsiyalardagi bu kabi loyihalarni yakuniga yetkazish maqsadida Kengash yigʻilishida “Dolzarb 30 kunlik” eʼlon qilindi. Bu davr mobaynida barcha loyihalarning yakuniy bosqichda amalga oshirilishini taʼminlash ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
— Prezidentimizning buyuk gʻoya va tashabbusi atrofida bir maqsad yoʻlida olimlar, xalqaro mutaxassislar, dizaynerlar, rassomlar, muhandislar birlashgan. Markaz kontentini boyitish doirasida zimmamizga qoʻyilgan vazifalarni bajarish uchun barchamiz birdek yuksak masʼuliyat bilan ishlashimiz talab etiladi. Shu munosabat bilan "30 kunlik safarbarlik" eʼlon qilishni taklif etaman, — dedi F.Abduxoliqov.
Kengash aʼzolari va yigʻilish qatnashchilari bir ovozdan bu taklifni qoʻllab-quvvatlashdi. Shuningdek, navbatdagi muhim masalalar boʻyicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
