“Sahihi Buxoriy” 22 tilda: Imom Buxoriy innovatsion muzeyida tarjimalar mukammallashtirilmoqda

 

👉 “Sahihi Buxoriy”ning hadislari 22 tilda tarjima qilinmoqda.

 

👉 Har bir til uchun uslubiy, imloviy va maʼnoviy jihatlar ustida mutaxassislar jalb qilingan.

 

👉 Tarjimalar texnik va vizual jihatdan uygʻun boʻlishiga eʼtibor berilmoqda.




    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Imom Buxoriy innovatsion muzeyi uchun tayyorlanayotgan 9 ta pavilondan iborat ekspozitsiyaning mazmun-mohiyatini yanada takomillashtirish maqsadida navbatdagi ishchi guruh yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

 

    Yigʻilishda muzeydagi har bir pavilon orqali Imom Buxoriy merosi, islomiy ilm-fan, tarixiy shaxslar va maʼnaviy qadriyatlarni zamonaviy vizual yondashuvlarda ifoda etish masalalari muhokama qilindi.

 

    Alohida eʼtibor 7–8-pavilonlarda joylashtirilishi moʻljallanayotgan “Sahihi Buxoriy” hadislarining 22 tildagi tarjimasiga qaratildi.











    Xususan, har bir til boʻyicha mutaxassislardan uslubiy, imloviy va maʼnoviy jihatlar yuzasidan tegishli koʻrsatmalar olinishi lozimligi taʼkidlandi. Ingliz, yapon, koreys, urdu kabi tillardagi tarjimalar ustidan tegishli soha mutaxassislari ish olib borayotgani maʼlum qilindi.

 

    Yigʻilishda Oʻzbekitistondagi Islom sivilizatsiyasi  markazi boʻlim boshligʻi Sh. Minavarov matnlar tahriri va nashrida oʻzbek tili mutaxassislari doimiy jalb etilishi zarurligini qayd etdi. 

 

    Uning fikricha, barcha tillardagi tarjimalar nihoyasiga yetgach, oʻzbek matnlari asosida har bir versiya alohida tahlil qilinib, elektron nusxalarning sifatli tayyorlanishi taʼminlanishi kerak.


    Shuningdek, yigʻilishda “Sahihi Buxoriy”da keltirilgan hadislar miqdori boʻyicha turli manbalardagi farqlar yechilmay qolayotgani  bildirilib, ularni tadqiq qilish orqali yagona xulosaga kelish zarurligi taʼkidladi. 


    Shu bilan birga, devoriy matnlarning oʻzbekcha, arabcha va inglizcha variantlaridagi tarjimalar texnik va vizual jihatdan uygʻun boʻlishi kerakligiga eʼtibor qaratildi.

 

    Yangi tashkil etilayotgan Imom Buxoriy innovatsion muzeyida amalga oshirilayotgan bu ishlar muqaddas hadis ilmi merosini jahon miqyosida ilmiy va estetik jihatdan namoyon etishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.