Islomdan avvalgi hayot bareleflarda gavdalanadi

 

🔴 Oʻzbekistonda noyob ekspozitsiyaga tayyorgarlik ketmoqda

 

🔴 Oʻtmishga zamonaviy nigoh

 

🔴 Қадимги давр цивилизациялари "Вақт девори"да



 

    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasining muhim yoʻnalishlaridan biri — Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari tarixi, madaniyati va hayot tarzini qamrab olgan “Vaqt devori” loyihasi boʻyicha amaliy muhokamalar boʻlib oʻtdi.


    Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov rahbarligida oʻtkazilgan ushbu amaliy muhokama yigʻilishida ilmiy-ijodiy guruh aʼzolari — tarixchilar, sanʼatshunoslar, arxeologlar, dizaynerlar va rassomlar ishtirok etib, ekspozitsiyaning muhim badiiy-bezak qismini tashkil etuvchi oltita yirik barelef asari badiiy-bezak yechimlari yuzasidan fikr almashishdi. Xususan, “Vaqt devori” loyihasi doirasida yaratilayotgan oltita yirik barelef kompozitsiyasi va ularning umumiy vizual konsepsiyasi muhokama qilindi.




    Ushbu loyiha orqali Sugʻd, Baqtriya, Xorazm, Fargʻona va Choch kabi qadimiy sivilizatsiyalarning hayot tarzi, meʼmorchilik uslubi, mafkuraviy va diniy qarashlari, urf-odatlari hamda madaniy merosi barelef uslubida badiiy ifodada namoyon etiladi. Shuningdek, qadimgi savdo yoʻllari va Zardushtiylik, Buddaviylik, Yahudiylik kabi dinlarning jamiyat hayotiga taʼsiri ham loyihada inobatga olingan.
Haykaltarosh Shohrux Oʻrozov taʼkidlaganidek, har bir barelef uch qismga boʻlinib, maxsus texnika yordamida ekspozitsiya zaliga oʻrnatiladi. Montaj ishlaridan soʻng detallashtirish, pardoz va yoritish elementlari bajariladi. Bareleflar orasidagi boʻshliqlar esa har bir tarixiy davrga xos boʻlgan ornament va naqshlar bilan bezatiladi.


    Tarix fanlari doktori Jannat Ismoilova “Vaqt devori” loyihasini ekspozitsiyaga kirishdan oldin tomoshabinga Islomdan avvalgi davr tarixi boʻyicha vizual kontekst berish imkonini yaratadi, deb taʼkidladi. Uning fikricha, bu kompozitsiya tarixiy voqealar va madaniy hayotni ifodalovchi muhim badiiy element boʻlib, keyingi eksponatlar mazmuniga zamin yaratadi.


    Yigʻilish davomida bareleflar kompozitsiyasi boʻyicha mutaxassislar tomonidan bir qator taklif va tavsiyalar bildirildi. Jumladan, pol, shift va yorugʻlik yechimlari umumiy muhitga mos tarzda tanlanishi, ortiqcha bezaklardan voz kechib, tarixiy davr estetikasini saqlashga alohida eʼtibor qaratilishi taʼkidlandi.


    Ushbu ishlar ekspozitsiyaning toʻrtinchi bosqichiga tayyorgarlik sifatida baholandi va loyihaning keyingi texnik hamda ijodiy jarayonlariga asos boʻladigan qarorlar qabul qilindi.




    Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan amalga oshirilayotgan “Vaqt devori” loyihasi nafaqat Islom merosi, balki undan avvalgi yuksak sivilizatsion taraqqiyotni ham yoritadigan muhim madaniy loyihalardan biri hisoblanadi.