Vaqt toʻxtagandek tuyuladigan makon — Chashmai Ayub

🔴 Maqbara tarixi haqida nimalar bilasiz?

 

🔴 Uning qurilishi qaysi sulola davriga toʻgʻri keladi?

 

🔴 Oʻzbekiston hududida Chashmai Ayub nomi bilan ataluvchi nechta maqbara bor?



 

    Oʻzbekiston tarixida tabarruk obidalarning har biri xalqimizning maʼnaviy hayoti, eʼtiqodi va qadimiy urf-odatlaridan darak beradi. Ana shunday manzillardan biri — Chashmai Ayub maqbarasi maketi endilikda Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida oʻziga xos oʻrin egallaydi.

 

    Chashmai Ayub (Ayub chashmasi deb ham yuritiladi) — Buxoro shahrining tarixiy qismida joylashgan buloq va u bilan bogʻliq maqbara majmuasidir. Rivoyatlarga koʻra, paygʻambar Ayyub (A.S.) Buxoroga kelib, shu yerda qurgʻoqchilikdan aziyat chekayotgan xalq uchun duo qilib, zamindan buloq olib chiqqanlar. Shuning uchun bu joy xalq orasida hamisha tabarruk va ziyoratgoh sifatida eʼzozlanib keladi.

 

    Maqbara meʼmoriy jihatdan XII–XVI asrlarga oid bir nechta qurilish bosqichlarini oʻz ichiga oladi. Maxsus gumbaz va turlicha hajmdagi hujralardan iborat tarkibiy tuzilishi ushbu obidani Oʻrta asr islom meʼmorchiligida alohida ajralib turadi.

 

    Islom sivilizatsiyasi markazi mazkur maketni ekspozitsiyaga joylashtirish orqali nafaqat milliy qadriyatlar, balki islom tarixidagi muqaddas joylar va rivoyatlarni ilmiy asosda namoyon etishga intilmoqda.

 

    Mazkur maket koʻrgazma mehmonlariga nafaqat maʼrifiy, balki maʼnaviy taassurot ham ulashishi, bugungi kunda tabarruk joylarni asrab-avaylash va kelajak avlodga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.

    Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston hududida Chashmai Ayub nomi bilan ataluvchi uchta maqbara bor:


birinchisi, Buxorodagi “Chashmai Ayub” xazirasi. Maqbara masjid va uning ichidagi quduqdan iborat. Ular XII -XVI asrlarda qurilgan;


ikkinchisi, Qarshi shahridagi “Chashmai Ayub” maqbarasi XII-XV asrlarga mansub;


uchinchisi, Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi Xargush va Xayrobod qishloqlari kesishuvida joylashgan. Obida hijriy 650 yil (1252-1253 yillar)da qurilgan.