“Adolatli pullar” nomini olgan tangalar
🔴 Mirzo Ulugʻbek davridagi tangalar nega “adolatli pullar” deb nomlangan?
🔴 Ulugʻbek tangalarining bitiklari qaysi tilda yozilgan va buning qanday ahamiyati bor?
🔴 2023 yilda Mirzo Ulugʻbek tangalari qayerdan topilgan va ular qanday taqdirga uchragan?
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasining numizmatikaga ajratilgan yeridan Temuriylar davri tangalari ham oʻrin oladi.
Muhammad Taragʻay Mirzo Ulugʻbek (1394–1449) yirik davlat arbobi, tarixchi va alloma boʻlishi barobarida, islohotchi sifatida ham katta iz qoldirgan shaxsdir. U otasi Shohrux Mirzoning Samarqanddagi noibi sifatida qariyb qirq yil davomida Movarounnahrni boshqargan. Umrining oxirgi ikki yilida esa otasining oʻrnini egallab, poytaxtni Hirotdan Samarqandga koʻchirdi.
Mirzo Ulugʻbek davrida iqtisodiy islohotlar olib borilib, tangalarning vazni, sifati va qiymati oshirildi. Uning nomidan zarb qilingan mis tangalar avvalgi pullarga nisbatan sifatli, ogʻir va toza boʻlgani uchun xalq orasida “fulusi adliya” — “adolatli pullar” nomi bilan mashhur boʻldi.
Hozirgi kunda Mirzo Ulugʻbek nomidan zarb etilgan mis, kumush va oltin tangalar nafaqat Oʻzbekistonda, balki dunyo muzeylari va xususiy kolleksiyalarda ham saqlanmoqda. 2023 yil mart oyida Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidan oqib oʻtuvchi Toʻpalang daryosi sohilidan Mirzo Ulugʻbek davriga oid 500 dan ziyod tanga topilgani esa bu tarixiy merosga boʻlgan qiziqishni yanada oshirgan. Tangalar tegishli mutaxassislar tomonidan oʻrganilib, Termiz Arxeologiya muzeyiga topshirilgan.
Mirzo Ulugʻbek tangalarining muhim jihatlaridan biri — ulardagi bitiklar turkiy tilda yozilganidir. Tanganing bir tomonida “La ilaha illollohu Muhammadur Rosululloh” degan ibora, ikkinchi tomonida esa eski oʻzbek tilida “Amir Temur Koʻragon himmatidin Ulugʻbek Koʻragon soʻzumuz” degan yozuv uchraydi. Shuningdek, tangada zarb qilingan sana — 852 yil (1448–1449) va shahar nomi — Hirot ham qayd etilgan.
Bu tangalar nafaqat iqtisodiy hayotning bir qismi, balki madaniy, tarixiy meros sifatida ham yuksak qiymatga egadir. Ular orqali biz nafaqat Ulugʻbek zamonidagi iqtisodiy islohotlar, balki ona tilimizdagi yozuv madaniyati va davlat ramzlariga boʻlgan munosabat haqida ham tasavvurga ega boʻlamiz.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
