Hofiz Sheroziy — maʼnaviy irfonni soʻzga solgan shoir

🔴 Hofiz Sheroziyning mashhur asari qaysi?

 

🔴 Shoir ijodi qanday maʼnaviy qadriyatlarni targʻib qilgan?

 

🔴 Gyote undan ilhomlanib qanday asar yozgan?



    Islom madaniyati tarixida sheʼriyat orqali ruhiy komillik, maʼrifat va muhabbatni targʻib etgan mutafakkirlar orasida Hofiz Sheroziy alohida oʻrin tutadi. XIV asrda Eronning Sheroz shahrida yashab ijod qilgan bu soʻfiy shoir fors-tojik adabiyotining iftixoriga aylangan.

 

    Uning mashhur asari “Devoni Hofiz” 500 ga yaqin gʻazal, ruboiy va qitʼalardan iborat. Hofiz Sheroziy ijodi faqatgina badiiy goʻzallikni emas, balki yuksak maʼnaviyat, tasavvufiy fikr va Islom axloqini targʻib etgan ilmiy-ruhiy boylik hisoblanadi. U oʻz gʻazallarida Ilohiy muhabbat, fanodan baqoga intilish, qalb pokligi, insoniylik, adolat va shukronalik kabi tushunchalarni koʻtarinki va oʻziga xos uslubda bayon qilgan.

 

    Sheʼrlarida zohir va botin, aql va qalb, shayx va oshiq, mast va hushyor kabi tasavvufiy muammolar nihoyatda nozik uslubda talqin etiladi. Uning har bir gʻazali maʼnaviy tarbiya va ruhiy ozuqa manbaidir.

 

    Hofiz Sheroziy asarlari faqat Eronda emas, balki Turon, Hindiston, Kavkaz va hatto Yevropada ham yuksak baholangan. Uning gʻazallari turli tillarga tarjima qilinib, Gʻarb mutafakkirlariga ham ilhom manbai boʻlgan. Nemis shoiri Gyote undan ilhomlanib, “Sharqiy divon” asarini yozgan.

 

    Islom sivilizatsiyasi markazi Hofiz Sheroziy kabi yuksak maʼnaviyat va ilm-fanni targʻib etgan shaxslarning merosini oʻrganish, tadqiq etish va jamiyat maʼnaviy hayotiga tatbiq qilishni ustuvor vazifalardan biri deb biladi.