Samarqand shahrining yoshi 3000 yil deb qayta baholanadi

Bu haqida Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining kecha oʻtkazilgan navbatdagi sessiyasida qaror qabul qilindi.
Joriy yil boshida viloyat hokimi tashabbusi bilan Samarqandning tarixi, madaniyati, meʼmoriy va arxeologik yodgorliklarini oʻrganish maqsadida hokimlik huzurida jamoatchilik kengashi tashkil qilingan edi. Taniqli tarixchi va arxeolog olimlar, ziyolilardan iborat kengash aʼzolari bir necha yoʻnalishlarda tadqiqot ishlarini olib borishga kirishdi.
Samarqand shahrining yoshiga aniqlik kiritishga masʼul guruh Afrosiyob va Koʻktepa yodgorliklarida, hozirgi Koʻksaroy maydoni oʻrnida boʻlgan Amir Temur arkida fanlararo tadqiqot usullarini qoʻllash orqali kompleks qazuv ishlarini amalga oshirdi.
– Samarqandning qadimiy oʻrni va yoshini oʻrganish 150 yildan ortiq vaqtdan buyon davom etib, shahar dastlab bundan 1500 yil oldin, keyinchalik 2000 ming yil, 1970 yilda 2500 yil oldin shakllanganligi borasida xulosalarga kelingan edi – dedi sessiyada soʻzga chiqqan Camarqand Arxeologiya instituti direktori Moʻminxon Saidov. – 2000 yillarda esa Oʻzbekiston – Fransiya qoʻshma ekspeditsiyasi yangi maʼlumotlarni aniqladi va Samarqand yoshi 2750 yil deb tasdiqladi. Lekin bu ham yakuniy xulosa emas va shuning uchun shaharning xronologiyasi boʻyicha tadqiqotlar keyingi yillarda ham davom etib kelmoqda. Xususan, joriy yildagi qazishma maʼlumotlari Samarqand shahridan 25 kilometr uzoqlikdagi Koʻktepa yodgorligida 1993-2006 yillarda olib borilgan qazishma ishlarining tahlili asosida mutaxassislar tomonidan yangi qarashlar shakllanishiga turtki berdi.
Oʻzbekiston – Fransiya qoʻshma ekspeditsiyasi aʼzolari M. Isomiddinov, Klod Rapen hamda M. Hasanov tomonidan shu vaqtga qadar Koʻktepa va Afrosiyobda topilgan materiallarni qayta tahlil qilish orqali Samarqand shahrining shakllanish davri 3000 yilga teng ekanligi borasida fikr ilgari surilmoqda. Qayd qilinishicha, miloddan avvalgi I ming yillik boshlarida, yaʼni bundan 3000 ming yil oldin bu yerda shahar hokimi qarorgohi va ibodatxonani oʻz ichiga olgan yirik shahar shakllangan. Bu holat “Avesto”da tilga olingan “Gava Sugʻuda” va “Sugʻud” tushunchalari bilan uygʻunlashadi. Unda “Gava Sugʻuda” dehqonchilik hududini, “Sugʻud” esa maʼmuriy markazni anglatgan. Ushbu markaz aynan Koʻktepa boʻlganligi taʼkidlanadi. Miloddan avvalgi VII-VI asrlarga kelib Sugʻdning markazi hozirgi Afrosiyob tepaligi oʻrniga koʻchadi. Shu yilning mart oyida Afrosiyob yodgorligining bir necha nuqtasida jumladan, ark va shahriston qismida, yaʼni mudofaa devori yaqinida keng koʻlamdagi qazuv ishlari olib borildi.
Qazishmalar davomida qadimiy mudofaa devori tabiiy less qatlam ustida guvalaksimon shakldagi xom gʻishtlardan qurilgani aniqlandi. Tadqiqotlar natijasida ushbu devorning gʻarbiy tomonga qarab 22 metrgacha davom etuvchi yangi qismi maʼlum boʻldi. Bu esa arkning miloddan avvalgi VII-VI asrlardagi meʼmoriy rejasiga aniqliklar kiritish imkonini berdi. Shuningdek, Ark hududidan miloddan avvalgi VII-VI asrlardan tortib XII asrgacha boʻlgan davrlarga oid topilmalar chiqdi. Devor asosidan pastda joylashgan qatlamlardan esa sopol parchalari, hayvon suyaklari va organik moddalarni oʻz ichiga olgan arxeologik materiallar aniqlandi. 7 metrdan ziyod chuqurlikda miloddan avvalgi VII-IV asrlarga mansub murakkab mudofaa tizimi ochib oʻrganildi. Ikkita qazishmada aniqlangan arxeobotanik va arxeozoologik topilmalar tahlil uchun Fransiya, Germaniya va Yaponiya laboratoriyalariga joʻnatildi. Hozirgi vaqtda ularning tahlili amalga oshmoqda. Shu paytgacha toʻplangan ilmiy maʼlumotlar tegishli idoralar, jumladan, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, Madaniy meros agentligi qoshidagi ilmiy kengashga joʻnatilib, ularning ijobiy xulosalari olindi.
Sessiyada Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Samarqand arxeologiya instituti va xalqaro hamkor tashkilotlar tomonidan olib borilgan tadqiqotlar natijalari boʻyicha Samarqand shahrining ilk urbanizatsiyasi miloddan avvalgi II minginchi yillik oxiri va I minginchi yillik boshlariga taalluqli ekanligi haqidagi taqdimot materiallarini maʼlumot uchun qabul qilish, Afrosiyob va Koʻktepa hududlarida olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida topilgan osori-atiqalar, ilmiy maʼlumotlar va hujjatlarni tegishli vazirlik va idoralarga taqdim etish boʻyicha qaror qabul qilindi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
