Intellektual pasport: u nima va nega kerak?
🔴 52 metr uzunlik va 8 metr balandlikdagi ekspozitsiya
🔴 “Shotlandiya kolleksiyasi”, xaritayu tangalar va boshqalar haqida...
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etilgan ilk kunlardanoq muzey ekspozitsiyasining mazmun-mohiyatini shakllantirish, har bir boʻlimni ilmiy va konseptual jihatdan boyitish borasida tizimli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Markaz ekspozitsiyasi turli sivilizatsiya davrlarini qamrab olgan holda 800 ga yaqin loyihani oʻz ichiga oladi va bu loyihalar bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etilishi rejalashtirilgan. Ayni paytda birinchi bosqich doirasidagi asosiy loyihalar yakunlanish arafasida.
Barcha kontentlar – eksponatlar, vizual va axborot materiallari – xalqaro tashkilotlar, nufuzli olimlar va muzeyshunoslar bilan hamkorlikda tayyorlanib, muzey ekspozitsiyasining yagona dizayn konsepsiyasiga muvofiq shakllantirilmoqda. Shu asosda har bir boʻlim uchun maxsus “ekspozitsiya pasporti” tayyorlanishi belgilandi.
Ekspozitsiya pasportida har bir boʻlimning mavzusi, tarixiy davrlar, eksponatlar roʻyxati, dizayn ijrochilari, kontent mualliflari va vizual yechimlar haqida batafsil maʼlumot jamlanadi. Bu hujjat elektron va qogʻoz koʻrinishida saqlanib, ekspozitsiyalardan oʻrin olgan eksponatlarni kelgusida ham aniq joyi boʻlishi va maʼlumotlari haqida qoʻllanma boʻladi.
Shu munosabat bilan Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov rahbarligida boʻlib oʻtgan navbatdagi ishchi yigʻilishida “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” ekspozitsiyasi doirasidagi “Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari” boʻlimi uchun ishlab chiqilgan pasport namunasi namoyish qilindi.
Markaz bosh ilmiy xodimi Zohidilla Munavvarovning taʼkidlashicha, ushbu pasport kontent ijrochilari, vizual kompozitsiya, kompozitsiya konsepsiyasi va eksponatlar roʻyxati kabi muhim qismlarni oʻz ichiga olgan boʻlib, har bir ekspozitsiya uchun yagona standart yaratishga xizmat qiladi.
Ilmiy xodim Obidjon Tangirov tayyorlangan namunaviy pasport ustida ishlagan mutaxassis sifatida eksponatlar sonini keyinchalik ortib borish ehtimolini hisobga olib, alohida roʻyxat shakllantirish taklifini bildirdi.
Yigʻilishda “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori”dan oʻrin olgan “Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari” ekspozitsiyasining namunaviy pasportga kiritilgan ilmiy asoslari, konsepsiyasi, xronologiyasi va muzeyshunoslik yechimlari keng muhokama etildi. Qadimgi shahar madaniyati, savdo yoʻllari, yozuv tizimlari, diniy eʼtiqodlar va hunarmandchilik anʼanalarini toʻla qamrab olish muhimligi taʼkidlandi.
Ushbu ekspozitsiya markaz muzeyidagi asosiy kompozitsiya — 52 metr uzunlik va 8 metr balandlikdagi “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori”da namoyon etiladi. Unda insoniyat taraqqiyotining islomdan avvalgi bosqichlari, diniy eʼtiqodlar, ilm-fan yutuqlari aks etadi.
Boʻlimda 429 ta loyiha mujassam, jumladan, 46 ta Shotlandiya kolleksiyasi, 60 ta multimedia elementlari, 17 ta xarita va 139 ta tanga joy olgan. Devorning yuqori qismida barelef tarzida Qadimgi Baqtriya, Sugʻd, Xorazm, Fargʻona va Choch sivilizatsiyalari, madaniy aloqalar va jahon savdo yoʻllari kompozitsion tarzda ifoda etiladi.
Yigʻilishda interaktiv muzey formatidagi namoyish usullari, arxeologik obʼektlar asosida ekspozitsiya ssenariylarini tayyorlash boʻyicha amaliy takliflar berildi. Masalan, Baqtriya oltinlari, Sugʻd hujjatlari, Afrosiyob devoriy suratlari, Dalvarzintepa va Kampirtepa yodgorliklari asosida zamonaviy multimediali hikoyalar tayyorlash taklif qilindi.
Ekspozitsiya tuzilishi kompozitsiya, ekspozitsiya, tafakkur maydoni va sukunat maydoni kabi qismlardan tashkil topgan. Keyingi bosqichda tarixchilar, arxeologlar, dizaynerlar, raqamli texnologlardan iborat jamoalar shakllantirilib, ekspozitsiyaning har bir boʻlimi teran va ilmiy yondashuv asosida yaratiladi.
Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat tarixiy merosni saqlash, balki uni ilmiy asosda tahlil qilish va dunyo hamjamiyatiga munosib ravishda taqdim etish maqsadini koʻzda tutadi. Mazkur yigʻilish — shu yoʻnalishdagi mantiqiy va samarali qadamlardan yana biri sifatida qayd etildi.
Taʼkidlash joizki, tarixiy faktlar va obʼektlar asosida yaratilayotgan ekspozitsiyalar muzeyshunoslik, tarixiy tafakkur va madaniyatlararo muloqot sohalaridagi markaz ahamiyatini yanada oshirishi shubhasiz.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
