Temuriylar maʼnaviy merosi va ilmiy taraqqiyotini yorituvchi interaktiv xarita yaratiladi
🔴 Amir Temur va Temuriylar sulolasiga bagʻishlangan interaktiv xaritada qanday tarixiy va meʼmoriy obʼektlar qamrab olinadi va ular qanday tarzda taqdim etiladi?
🔴Temuriylar davridagi ilm-fan va sanʼat sohasidagi rivojlanish interaktiv xaritada qanday yoʻnalishlar orqali yoritiladi?
🔴Mazkur interaktiv xarita loyihasi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining qaysi asosiy tamoyiliga xizmat qiladi va uning maʼrifiy ahamiyati nimada ifodalanadi?
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida Sohibqiron Amir Temur va Temuriylar sulolasi davri maʼrifatini qamrab olgan maxsus interaktiv xarita yaratish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Ushbu xarita markazdagi doimiy ekspozitsiyaning muhim ilmiy-maʼrifiy qismi sifatida xizmat qiladi.
Xarita orqali Amir Temur va Temuriylar davridagi arxitektura, shaharsozlik, bogʻdorchilik va irrigatsiya sohalaridagi ulkan bunyodkorlik yutuqlari keng qamrovda namoyon etiladi. Xususan, Amir Temur tomonidan qurilgan tarixiy binolar, maskanlar va bogʻlar, irrigatsiya inshootlari, yirik shaharlarning meʼmoriy rejalari va joylashuvi vizual shaklda, interaktiv elementlar orqali taqdim etiladi. Har bir tarixiy obʼekt haqida batafsil maʼlumot berilgan boʻlib, uning kim tomonidan va qanday maqsadda barpo etilgani, kimga bagʻishlangani, meʼmoriy uslubi, bezaklari va epigrafik yozuvlari haqida ilmiy maʼlumotlar aks etadi.
Shu bilan birga, interaktiv xaritada Temuriylar davridagi ilm-fan markazlari, ilm ahli va sanʼat ustalarining faoliyati keng yoritiladi. Ushbu qismda nafaqat Samarqandda jamlangan yetuk olim va mutafakkirlar, balki ularning keyingi taqdiri — turli mamlakatlardagi (masalan, Usmoniylar imperiyasi, Hindistondagi Boburiylar davlatining saroylari va boshqa) ilmiy va ijodiy faoliyati ham qamrab olinadi. Jumladan, Ali Qushchining Turkiyadagi ilmiy merosi yoki boshqa olimlarning Gʻarb va Sharq oʻrtasidagi ilmiy aloqalari ham ushbu xaritada oʻz ifodasini topadi.
Interaktiv xaritadagi yana bir muhim yoʻnalish — Temuriylar homiyligida rivojlangan ilmiy yutuqlar, kashfiyotlar, geografik va astronomik bilimlar, shifokorlik va matematika sohalaridagi asarlar, ijodiy maktablar va ularning tarqalish hududlari hisoblanadi. Bu orqali oʻsha davrdagi maʼrifiy muhit va uning mintaqaviy taʼsiri keng auditoriyaga yaqqol namoyon etiladi.
Ushbu loyiha markazning “Ilm va maʼrifat sivilizatsiyasi” tamoyiliga uygʻun holda, tarixiy merosni raqamli texnologiyalar asosida qayta tiklash, saqlash va ommalashtirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, u Islom sivilizatsiyasining rivojiga ulkan hissa qoʻshgan Temuriylar davrining maʼnaviy qudratini zamonaviy vositalarda teran anglash imkonini yaratadi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
