Islom sivilizatsiyasi markazi uchun kufiy xatida bitilgan sakkizta Qurʼon sahifasi xarid qilindi
🔴 Kufiy xati qachon va qayerda paydo bulgan?
🔴 Uning qanday turlari mavjud?
🔴 Mazkur xat uslubi asosan qayerlarda uchraydi?
Kufiy xati VII asr oxiri – VIII asr boshlarida Iroq hududida joylashgan Kufa shahrida paydo boʻlgan. Mazkur xat turi aynan shu shaharda rivojlangani sababli “kufiy” deb nomlangan. U arab yozuvining Nabatiy xatidan kelib chiqqan.
Kufiy xati geometrik shakllarga asoslangan boʻlib, tik burchakli, qatʼiy va aniq tuzilishdagi harflar bilan ajralib turadi. Unda gorizontal chiziqlar, odatda, vertikal chiziqlarga nisbatan uzunroq yoziladi. Ayrim turlarida harflar gullar, oʻsimliklar va geometrik naqshlar bilan bezatilgan boʻlib, ular “gulli kufiy xat” deb yuritiladi.
Bu xatda koʻpincha nuqtalar va belgilar ishlatilmaydi, bu esa uni oʻqishni qiyinlashtiradi. Kufiy xati turli shakl va uslublarga ega:
Sodda kufiy — Eng qadimiy va oddiy shakl.
Guldor kufiy — Harflar gullar va oʻsimliklar bilan bezatilgan.
Geometrik kufiy — Harflar geometrik shakllarda yoziladi.
Oʻrilgan kufiy — Harflar bir-biriga oʻralganday koʻrinishda boʻladi.
Sharqiy kufiy — Eron va Markaziy Osiyoda rivojlangan oʻziga xos shakl.
Kufiy xati dastlab Qurʼoni Karimni koʻchirish uchun ishlatilgan. Qurʼonning eng qadimiy nusxalari aynan kufiy xatida yozilgan. U meʼmoriy bezak sifatida ham keng qoʻllanilgan — masjidlar, saroylar va boshqa inshootlar devorlarida, shuningdek, tangalar va idishlardagi yozuvlarda uchraydi.
Islom madaniyati va sanʼatida muhim oʻrin tutadigan kufiy xati XII asrdan boshlab oʻz ahamiyatini asta-sekin yoʻqota boshladi. Vaqt oʻtishi bilan nasx, muhaqqaq, nastaʼliq kabi yangi xat turlarining paydo boʻlishi va ularning oʻqishda qulayligi kufiy xatining qoʻllanilishini chekladi. Shu bilan birga, kufiy xati butunlay yoʻqolib ketmadi. U meʼmorchilikda, xususan, Samarqand, Buxoro, Shahrisabz, Termiz kabi shaharlarda qurilgan madrasa, maqbara va boshqa binolarda oyat, hadis va hikmatli soʻzlarni yozishda qoʻllangan.
Kufiy xatda yozilgan mashhur Qurʼon qoʻlyozmalaridan baʼzilari:
⚫️ Tunisda yozilgan “Moviy Qurʼon”;
⚫️ Hazrati Ali mushafi;
⚫️ Katta Langar Qurʼoni.
2025 yil 1 may kuni Londondagi “Christie’s” auksion savdolarida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi uchun kufiy xatida bitilgan sakkizta Qurʼon sahifasi xarid qilindi. Bu voqea kufiy xatning musulmon sharqida keng tarqalganidan dalolat beradi.
Kufiy xati Markaziy Osiyoga, jumladan, Oʻzbekiston hududiga ham VIII asrda islom taʼlimoti bilan birga kirib kelgan. Samarqand yaqinidagi Mugʻ togʻi atrofida topilgan Sugʻd hukmdori Devashtichga oid hujjatlar orasidan ham kufiy xatida yozilgan namuna aniqlangan.
Ayni paytda Toshkentda saqlanayotgan va yaqinda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelinishi kutilayotgan “Hazrati Usmon Qurʼoni” — kufiy xatda bitilgan eng qadimiy Qurʼon nusxalaridan biri hisoblanadi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
