Ekranda qayta tirilgan oʻtmish: sivilizatsiyalar haqida filmlar




🔴Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari ekspozitsiyasi uchun qanday  filmlar ishlab chiqilishi rejalashtirilmoqda?

 

🔴 Media mahsulotlar yaratish jarayonida qaysi mutaxassislar ishtirok etmoqda va ularning roli nimadan iborat?
 

🔴Yigʻilish yakunida qanday kelishuvga erishildi va filmlar qanday tartibda yaratiladi?

 

    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari” ekspozitsiyasi uchun ilk bor bronza davri yodgorliklari, Zardushtiylik taʼlimoti, Poykent topilmalari va qadimiy davlatlar haqida qisqa metrajli filmlar yaratilishi rejalashtirilmoqda — ularning ssenariylari tarixchi va arxeolog olimlar hamkorligida ishlab chiqilmoqda.

 

    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalariga bagʻishlangan ekspozitsiyani boyitish maqsadida kinostudiyalar va media mahsulotlar ishlab chiqaruvchi tashkilotlar vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda markazning ishchi guruhi aʼzolari hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.

 

    Mazkur uchrashuvda “Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari” ekspozitsiya qismi uchun tayyorlanadigan videoroliklar va qisqa metrajli filmlarning gʻoyaviy mazmuni, ssenariylari va texnik topshiriqnomalari yuzasidan muhokamalar olib borildi. Media mahsulotlar yaratish jarayonida tarixchi, arxeolog va sanʼatshunos olimlar maslahatchi sifatida jalb etilishi qayd etildi.


    Loyiha doirasida turli mavzulardagi videomahsulotlar yaratilishi rejalashtirilmoqda. Jumladan, Xorazm davlatchiligi, qadimgi Soʻgʻd, Yunon-Baqtriya va Kushon sivilizatsiyalari, Qadimgi Choch, bronza davri yodgorliklari — Jarqoʻton manzilgohlari haqidagi filmlar ishlab chiqiladi.

 

    Shuningdek, Poykent shahri tarixi, u yerda olib borilgan arxeologik qazishmalar natijalari, Zardushtiylik taʼlimotining jamiyatda tutgan oʻrni, yozuv madaniyati, hunarmandchilik va tasviriy sanʼatga oid videomateriallar tayyorlash rejalashtirilgan.
 

    Yigʻilish yakunida har bir filmning ssenariysi sohaning yetakchi olimlari — tarixchi, arxeolog va sanʼatshunoslar tomonidan koʻrib chiqilishi va tasdiqlanishi, shundan soʻng ular asosida filmlar yaratilishi boʻyicha kelishuvga erishildi.

 

    Ushbu tashabbus Islomdan avvalgi davr madaniy merosini ilmiy asosda yoritish, uni keng jamoatchilikka vizual shaklda taqdim etish hamda Oʻzbekistonning boy sivilizatsion tarixini xalqaro miqyosda namoyon etishga qaratilgan muhim qadam hisoblanadi.