Islom sanʼatida sher tasviri: kim bunday jasoratga qoʻl urgan?
Odamlar Amir Temurni yaxshi taniydi. Boburning Hind zaminida imperiya barpo etganini, Ulugʻbekning yulduzlarni hisoblaganini ham yaxshi biladi. Ammo Yalangtoʻsh Bahodir deganda koʻpchilik biroz ikkilanib: “Ha, eshitganman...” deb qoʻya qoladi.
Aslida esa u — XVII asrning qudratli sarkardasi, dono davlat arbobi va buyuk bunyodkori edi. Uning hayoti faqat jang maydonlari bilan chegaralanmagan. U yurtni faqat qilich bilan emas, ilm, sanʼat, meʼmorchilik va maʼnaviyat bilan ham obod qilgan.
U na podsho edi, na valiahd. Ammo xalq unga suyangani uchun u shohlar kabi yuksak maqomga erishgan. Buxoro amirligi tarkibida boʻlsa-da, mustaqil harakat qilgan, Samarqandni oʻnlab yillar davomida oʻz irodasi bilan boshqargan, ilm ahli va meʼmorlar uchun keng imkoniyatlar yaratgan. Bugun Samarqandga borib, Registon maydonidagi Sherdor va Tillakori madrasalarini tomosha qilganimizda, aslida Yalangtoʻsh Bahodirning orzusi, didi va maʼnaviy merosi bilan yuzma-yuz kelamiz.
Sherdor madrasasining peshtoqidagi sher tasviri nafaqat sanʼat durdonasi, balki Yalangtoʻsh Bahodirning oʻz davri meʼyorlariga sigʻmagan jasorati timsolidir. Islomiy sanʼatda jonli mavjudot tasvirlash man etilgan bir davrda u bu anʼanani buzib emas, balki uning chegaralarini kengaytirib, xalq uchun mangu gʻurur ramzini yaratib ketgan. Chunki u bilardi: yurtni faqat qilich bilan emas, maʼnaviyat bilan ham himoya qilish mumkin.
Movarounnahr taraqqiyotining muhim ustuni
XVII asr oʻrtalarida yashab oʻtgan yirik sarkarda va davlat arbobi Yalangtoʻsh Bahodir oʻz davrining ijtimoiy, siyosiy va madaniy hayotida muhim oʻrin tutgan shaxslardan biridir. U harbiy jasorati bilan birga ilm-fan, meʼmorchilik, hunarmandchilik va maʼnaviyatga qoʻshgan ulkan hissasi bilan ham tarixda oʻchmas iz qoldirgan.
Siyosiy rivojlanish va siyosiy sahnadagi oʻrni
Yalangtoʻsh Bahodir taxminan 1576 yilda Samarqand viloyatining Urgut tumanidagi Dogʻiston qishlogʻida tugʻilgan. Barlos qabilasidan boʻlgan, va Amir Temurning avlodlaridan sanaladi. Yoshligidan harbiy va siyosiy iqtidori bilan ajralib turgan.
Shohjahon hukmronligi davrida (Boburiylar sulolasi) uni Balx viloyati hokimi etib tayinlashgan. U bu lavozimda Boburiylar taʼsirini Movarounnahrda mustahkamlashda muhim rol oʻynagan. Uning harbiy salohiyati tufayli Balx va atrof hududlarda nisbiy tinchlik va barqarorlik saqlangan.
Meʼmorchilikda qoldirgan merosi
Yalangtoʻsh Bahodirning eng ulugʻ xizmatlaridan biri — bu Samarqandda qurdirgan Sherdor (1619–1636) va Tillakori (1646–1660) madrasalaridir. Registon maydonida joylashgan bu meʼmoriy obidalar bugun ham oʻz hashamatini saqlab kelmoqda.
Sherdor madrasasi — murakkab naqshlar, muqarnaslar va ajoyib simmetriyaga ega boʻlgan arxitektura durdonasidir. Peshtoqidagi sher tasviri — nafaqat badiiy, balki maʼnaviy jasorat ramzi sifatida ham baholanadi.
Tillakori madrasasi esa nafaqat ilm maskani, balki jome masjid vazifasini ham oʻtagan. Uning ichki bezaklari — xususan oltin suviga boʻyalgan gumbazi, naqshinkor devorlari va qomusiy husniy xatlari Samarqandga tashrif buyurgan har bir mehmonda lol qoladigan taassurot qoldiradi.
Ilm-fan va maʼrifatga eʼtibori
Yalangtoʻsh Bahodir maʼrifatparvar rahbar sifatida ham tanilgan. Uning davrida Samarqanddagi madrasalar qaytadan ilm markazlariga aylangan. Qurʼon ilmlari, hadis, fiqh, mantiq, falsafa, tib, matematika kabi fanlar oʻqitilgan. Yuzlab talabalar bu yerda tahsil olgan.
U Qurʼon nusxalari, diniy va tarixiy asarlarni koʻchirtirish va tarqatishni ragʻbatlantirgan. Adolatli boshqaruvi tufayli xalq orasida “Bahodir” deb atalgani ham uning obroʻsidan darak beradi.
Harbiy salohiyat va geosiyosiy taʼsir
U uzoq yillar Buxoro amirligining eng ishonchli va kuchli sarkardasi sifatida xizmat qilgan. Samarqand hokimligi unga topshirilishi — uning sadoqati va harbiy-siyosiy strategik salohiyatiga boʻlgan yuksak ishonch ifodasidir.
Yalangtoʻsh Bahodir Hindiston, Eron, Qozoq xonligi va boshqa mintaqalar oʻrtasidagi murakkab siyosiy munosabatlarda muvozanatni saqlay olgan. U zarur paytda qatʼiyat bilan harakat qilgan, lekin kerak boʻlganda ehtiyotkor va siyosiy yetuklik bilan ittifoqlar tuzgan.
Uning harbiy yurishlari Hindiston, Afgʻoniston va Eron tarixiy manbalarda ham qayd etilgan. Ayniqsa, Balx atrofidagi yurishlari va moʻgʻul qoʻshinlariga qarshi jasorati alohida taʼkidlangan.
Yalangtoʻsh Bahodir taxminan 1656 yilda vafot etgan. Uning qabri haqida turli taxminlar mavjud boʻlib, haligacha aniq joyi ilmiy bahslar mavzusi boʻlib kelmoqda. Ammo uning nomi Samarqanddagi meʼmoriy yodgorliklarda, tarixiy manbalarda, xalq ogʻzaki ijodida va ilmiy asarlarda abadiy muhrlanib qolgan.
Islom sivilizatsiyasi markazi va Yalangtoʻsh Bahodir merosi
Bugungi kunda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Yalangtoʻsh Bahodir singari buyuk shaxslarning merosini qayta tiklashga xizmat qilmoqda. Markazda saqlanayotgan bebaho qoʻlyozmalar, qadimiy meʼmoriy loyihalar, tarixiy asarlar orasida Yalangtoʻsh Bahodirga oid maʼlumotlar ham alohida oʻrin tutadi.
Yalangtoʻsh Bahodir — faqat sarkarda emas, balki maʼrifat va maʼnaviyat homiysi sifatida xalq xotirasida mustahkam joy olmoqda. U barpo etgan madrasalar, koʻrsatgan fidokorlik va qilgan ezgu ishlar bugungi maʼnaviy uygʻonish davri bilan uygʻunlikda yangicha mazmun kasb etmoqda.
Shunday qilib, bugungi yosh avlod Yalangtoʻsh Bahodir hayoti va faoliyatini oʻrganar ekan, u xalqimizning tarixiy xotirasi, milliy gʻururi va maʼnaviy merosi bilan yaqindan tanishadi. Uning jasorati, bilimga boʻlgan ishtiyoqi va maʼrifatparvarligi zamonaviy Oʻzbekiston taraqqiyotining maʼnaviy poydevorida porlab turibdi.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida tashkil etilishi kutilayotgan Yalangtoʻsh Bahodir siymosiga bagʻishlangan ekspozitsiya — bu shunchaki tarixiy koʻrgazma emas. Bu — millat xotirasini uygʻotuvchi, ruhiyatni tiklovchi, maʼnaviyatni kuchaytiruvchi muhim madaniy hodisadir.
U orqali biz XVII asrning murakkab siyosiy manzarasini, meʼmorchilikdagi noyob uygʻunlikni va Yalangtoʻsh Bahodir kabi siymolarning vatanparvarlik ruhi bilan tarixga qanday muhr urganini teran anglaymiz.
Husan Tursunov
P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
