Qatar Islom moliyasi va iqtisodiyoti markazi rahbari O‘zbekistondagi mega loyiha bilan yaqindan tanishdi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga Qatardagi Islom moliyasi va iqtisodiyoti markazi direktori va Islomshunoslik kolleji tadqiqot bo‘limi rahbari Said Nozim Ali tashrif buyurdi. Mehmonni Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov kutib oldi. 


Uchrashuv davomida markazning maqsad va vazifalari, ilmiy va innovatsion loyihalari haqida ma’lumot berildi. Markaz faoliyatiga oid videorolik ham namoyish qilindi. 


"Ayni paytda Qatar davlatining muzey va kutubxonalari, ilmiy-ma’rifiy muassasalarida O‘zbekistonning islomiy-ma’rifiy merosiga oid eksponatlar, nodir qo‘lyozmalar saqlanadi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimi munosabati bilan tashkil etiladigan ko‘rgazmada ushbu eksponatlarni ham vaqtincha namoyish etishga yordam berishga tayyormiz", — deya fikrlarini aytib o‘tdi Said Nozim Ali. 


Qatarlik mehmon Islom sivilizatsiyasi markazining qurilish maydonidagi bunyodkorlik ishlariga yuqori baho berdi. 


Uchrashuv davomida har ikki markaz rahbarlari kelgusida hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari yuzasidan kelishib olishdi.