“Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori”: oʻtmishdan kelajak sari



 

    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida tarixiy haqiqat, vizual obraz va fan bir nuqtada birlashmoqda.

 

    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida yaratilayotgan “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar” devori — yurtimizning islomdan avvalgi davridan to bugungi kungacha boʻlgan intellektual va maʼnaviy taraqqiyotini vizual va axborotga boy tarzda ifodalaydigan yirik ekspozitsiyadir. Bu devor — faqat devor emas, balki millatning ilmiy, madaniy, maʼnaviy qudratini koʻrsatuvchi zamonaviy tadqiqot va dizayn namunasidir.

 

    Shu borada ekspozitsiyaning mazmun va sifatini nazorat qilish maqsadida tashkil etilgan maxsus ekspert komissiyasining navbatdagi yigʻilishida muhim taklif va tanqidiy mulohazalar bildirildi. Unda tarixchi va olimlar, dizaynerlar va muzeyshunoslar ishtirok etib, ayrim mavzularga chuqurroq yondoshish zarurligini taʼkidlashdi.


    Yigʻilishda “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar” devorining asosiy bloklaridan biri — Ikkinchi Renessans mavzusi muhokama markazida boʻldi. Professor Baxtiyor Toʻrayevning taʼkidlashicha, ekspozitsiyada Mirzo Ulugʻbek faoliyati yetarlicha qamrab olinmagan. Ulugʻbek qurgan oliy madrasalar faqat diniy ilm emas, astronomiya, matematika, geografiya kabi ilmlar bilan ham shugʻullangan ilmiy markazlar sifatida namoyon boʻlishi shart.

 

    Mirzo Ulugʻbekning shogirdi Ali Qushchi qayerda ilm olgan?

 

    Professor, shuningdek, Mirzo Ulugʻbekning shogirdi Ali Qushchi haqidagi baʼzi manbalardagi tarixiy xatolarni tuzatish zarurligini bildirdi. Uning fikriga koʻra, Ali Qushchi ilmni Eronning Kermon shahrida emas, balki Navoiy viloyatining Karmana tumanidagi madrasalarda olgan.


    Mulyajlarda tarix qiyofasi qanday namoyon boʻladi?

 

    Ekspozitsiyaning yana bir muhim qismi — tarixiy shaxslar qiyofalarini yaratish jarayoni. Masalan, Toʻmaris qiyofasi aks etgan mulyajda u massaget ayoli sifatida namoyon etilgan, ammo olimlar bu obraz yetarli emasligini, qiyofa qayta koʻrib chiqilishi va tarixiy dalillar asosida takomillashtirilishi lozimligini taʼkidlashdi.

 

Ekspozitsiyada xaritalar qanday namoyish etiladi?

 

    Ekspozitsiya uchun tayyorlanayotgan interaktiv xaritalar ham muhokama markazida boʻldi. Bu yoʻnalishda tayyorlanayotgan qadimgi shaharlar va madrasalarni aks ettiruvchi xaritalar loyihasi ham jiddiy muhokama qilindi. Masalan, tarix fanlari doktori Dilnoza Jamolova faqatgina Buxoroda 350 dan ortiq madrasa boʻlganini hisobga olganda, bu miqdordagi maʼlumotni bitta xaritada joylashtirish murakkabligini qayd etdi. Loyihaning ishchi guruh aʼzolari esa xaritalar chizma emas, balki 3D yoki gologramma formatda tayyorlanishi rejalashtirilganini maʼlum qilishdi.

 

    Ilm uchun – xalqaro yechimlar

 

    Yigʻilishda mutaxassislar ekspozitsiyani sifatli va ilmiy asoslangan holda yaratish uchun xalqaro ekspertlarni jalb etish zarurligini qayd etishdi. Chunki bunday yirik ekspozitsiya nafaqat ichki, balki xalqaro ilmiy miqyosda ham savollarga javob berishga qodir boʻlishi kerak.

 

    Yakuniy bosqich: mazmun tekshirilib, keyingina muzeyga

 

    Yigʻilishda shunday qaror qabul qilindiki, ekspozitsiya uchun tayyorlanayotgan har bir kontent, maket va mulyaj avval ilmiy ekspertlar tomonidan baholanadi, shundan soʻnggina muzey ekspozitsiyalariga joylashtiriladi.
 


Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati