Bojxona qoʻmitasi tarixiy merosni haqiqiy egasiga topshirdi
Bugun Bojxona qoʻmitasida tizim xodimlari tomonidan qoʻlga kiritilgan tarixiy-madaniy boyliklarni Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Bojxona qoʻmitasi raisi Akmalxoʻja Mavlonov va Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov ishtirok etdi.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 23-iyundagi PQ-3080-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va muvofiqlashtirish boʻyicha Vasiylik kengashi tarkibiga Bojxona qoʻmitasi raisi ham kiritilgan.
Tadbirda bojxona organlari tomonidan elimizning noyob tarixiy va madaniy boyliklarini asrab-avaylash yoʻnalishida keng koʻlamdagi chora-ishlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi. Xususan, noyob madaniy meros namunalarining noqonuniy ravishda chetga olib chiqib ketilishini oldini olish har bir bojxona xodimining burchiga aylangani eʼtirof etildi.
Raqamlarga koʻra, 2024-yilda hamda joriy yilning oʻtgan olti oyi davomida bojxona organlari tomonidan 299 ta huquqbuzarliklar aniqlanib, ushbu holatlar boʻyicha 5 981 ta madaniy boyliklar noqonuniy olib oʻtilishining oldi olingan.
Bojxona qoʻmitasi raisi Akmalxoʻja Mavlonovning qayd etishicha, xizmat faoliyatida shu vaqtga qadar ushlab qolingan ana shunday madaniy meros ashyolarini endi lozim joyga, aynan egasiga taqdim etish kerak.
– Prezidentimiz tashabbusi bilan bunyod etilayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kontentini boyitish uchun juda katta ishlar olib borilyapti. Qilinayotgan barcha ishlar Oʻzbekistonning obroʻsini oshirishga qaratilgan. Qolaversa, bu Markaz xalqimiz ham oʻz tarixini tanib olishiga hissa qoʻshadigan katta maskan, ulkan ilm dargohi boʻladi. Nafaqat Oʻzbekiston xalqiga, butun dunyoga islom dini, islom sivilizatsiyasi, unda Oʻzbekistonning roli, umuman olganda tarixni namoyish etadigan, soʻz bilan toʻliq ifodalash qiyin yirik majmua dunyoga keldi.
Xizmat faoliyatimiz jarayonida madaniy meros ashyolarini noqonuniy olib chiqib ketilishi bilan bogʻliq har qanday holatlarning oldini olishga harakat qilamiz. Musodara qilingan narsalar albatta, amaldagi tartib va talab boʻyicha turli muzeylarga topshirilgan. Mana endi biz Bojxona qoʻmitasi jamoasi bilan shunday fikrga keldikki, xizmat faoliyatimizda shu vaqtga qadar ushlab qolingan ana shunday madaniy meros ashyolarini lozim joyga, aynan egasiga taqdim etish kerak. Avvallari ushlab olingan madaniy meros ashyolarimiz, qadimiy sanʼat asarlarimiz turli muzeylarga topshirilgan. Lekin baʼzi muzeylarda eksponat sifatida odamlarga namoyishga qo‘yilmagan, hatto yerto‘lalarda, sandiqlarda saqlab turilgan holatlarga ham guvoh bo‘lganmiz. Har bir toʻxtatib qolingan madaniy, tarixiy boylik zamirida bojxona xodimlarining zahmatli xizmati bor. Shu sababli ham biz ushbu madaniy boyliklar muzeylar fondida qolib ketmasdan, aynan ekspozitsiyada yurtdoshlarimiz eʼtiboriga namoyish qilinishini istaymiz.
Agar aniq raqamlarga eʼtibor beradigan boʻlsak, oʻtgan bir yarim yilning oʻzida 299 ta qizil roʻyxatga olingan 5981 ta madaniy boyliklarni noqonuniy olib chiqib ketilishining oldini oldik.
Jumladan, 3055 ta qadimiy tangalar, 706 ta muomalada boʻlmagan pul banknotlari, 1212 ta orden va medallar, 118 ta sanʼat asarlari, 46 ta haykaltaroshlik asarlari, 29 ta qadimiy kitob va qoʻlyozmalar, 3 ta arxeologik ashyolar, 14 ta qadimiy musiqa asboblari, 424 ta hunarmandchilik buyumlari, 358 ta qadimiy zargarlik buyumlari, 14 ta fotomateriallar, 1 ta arxitektura yodgorligi qismi va 1 ta qadimiy qurol-aslaha aniqlangan.
Bu kichkina miqdor emas. Toʻgʻri, biz bu borada mutaxassis emasmiz, ammo aminmanki, madaniy meros ashyolarining katta-kichigi boʻlmaydi, har birining oʻz qiymati, qadri bor. Har biri tengsiz bahoga ega boʻlishi mumkin.
Noqonuniy holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan 4 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan, 295 ta holatda esa maʼmuriy ishlar yuritilib, koʻrib chiqish uchun sudlarga yuborilgan.
Bugungi uchrashuvning maqsadi – bojxona xizmatlari tomonidan ushlab qolingan ana shunday madaniy meros ashyolarini faqat oʻz egalariga topshirilishini taʼminlashdir.
Shu kunlarda biz respublikamizdagi barcha muzeylarga bojxona organlari tomonidan topshirilgan madaniy va tarixiy boyliklarni qaytadan oʻrganib chiqmoqdamiz. Ularning keyingi taqdiri qanday boʻlmoqda, ekspozitsiyada namoyish qilinyaptimi yoki yoʻqmi? Shunga qarab, qonunchilik doirasida turli muzey fondlarida qolib ketayotgan eksponatlarni saralab, eng noyoblarini Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyiga topshirish ustida ishlayapmiz.
Shu oʻrinda yana bir faktga toʻxtalsam: yaqindagina Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi "Sariosiyo" chegara bojxona posti xodimlari tomonidan respublikamiz hududidan 267 dona qadimiy tangalar va taqinchoqlar qismlarini noqonuniy yoʻllar bilan olib chiqishga urinish fosh qilingan edi.
Ushbu ashyolarning qadimiyligi va qiymatini aniqlash maqsadida oʻtkazilgan badiiy ekspertiza xulosasiga koʻra, 39 dona osma bezak koʻrinishidagi kumush tangalar XIX asrda Buxoro amirligida zarb qilingan, 228 ta taqinchoq qismlari esa XIX asr oxiri va XX asr boshlariga mansub deb topildi.
Bu ashyolarni toʻgʻridan-toʻgʻri aynan Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markaziga topshirishni lozim topdik, - dedi Bojxona qoʻmitasi raisi.
Markaz rahbari Firdavs Abduxoliqov Bojxona qoʻmitasi rahbarining ushbu tashabbusi va taklifini qoʻllab-quvvatladi. Shu oʻrinda Markaz tomonidan bugungi kunda madaniy merosimizning bu kabi nodir ashyolari oʻz vaqtida xorijga chiqib ketgani, bugungi kunda esa ayni shu bebaho durdonalar Davlatimiz rahbari tashabbusi va amaliy koʻmagida yurtimizga qaytarilayotgani borasidagi ishlar haqida toʻxtaldi.
– Prezidentimiz gʻoyasi asosida bunyod etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi bugun yakuniy bosqichda. Ayni paytda bu maskanning kontentini boyitish masalasida katta ishlar olib borilyapti. Xususan, yaqinda Markaz delegatsiyasi navbatdagi xizmat safari bilan Londonda boʻlib qaytdi. Unda Sotheby's va Christie's kabi dunyoning nufuzli auksionlarida qatnashib, yurtimizga, xalqimizga tegishli boʻlgan 83 ta noyob ashyolar, artefaktlar qaytarildi. Bu ashyolar ichida millatimizga tegishli har xil madaniy boyliklar, chet elga chiqib ketgan, 60-70-yillar kolleksiyalari bor. Navbatdagi jarayonlar yana ham samaraliroq boʻlishi uchun xorijdagi dilerlar bilan hamkorlik oʻrnatildi.
Bunday saʼy-harakatlarning mantiqiy davomi sifatida Bojxona qoʻmitasi tomonidan ham ayni vaqtda va kerak paytda koʻmak koʻrsatish taklifi bildirilgani qimmatli tashabbus. Chunki hozir bizda kontentni shakllantirish jarayoni ketyapti. Shu maʼnoda Bojxona qoʻmitasining tashabbusini biz olqishlaymiz.
Haqiqatan ham biz aksariyat muzeylar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish jarayonida koʻrdikki, juda koʻp artefaktlar gʻaladonlarda turibdi. Agar Qoʻmita tomonidan ilgari surilgan tashabbus va taklif nuqtai nazaridan mana shu eksponatlar bilan Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalari boyitilsa, ularni xalqimizga, mehmonlarimizga koʻrsatsak, nihoyatda foydali va samarali ish boʻladi. Bu borada Markaz tomonidan alohida Ishchi guruhi tuzilib, Bojxona qoʻmitasi taklif etayotgan eksponatlar, ashyolar katalogini tayyorlaymiz va oʻrganamiz. Chunki har bitta faktning ortida tarix bor. Tarixning ortida esa katta-katta kashfiyotlar boʻlishi mumkin, - deb alohida taʼkidladi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari.
Akademik Akbar Hakimov Bojxona qoʻmitasining bu tashabbusini yuqori baholab, taqdim etilayotgan ashyolar Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasiga katta tuhfa boʻlayotganini qayd etdi. Shuningdek, Londondagi nufuzli savdo uylarida oʻtkazilgan auksionlar orqali madaniy merosimizning xorijga chiqib ketgan nodir namunalarini qaytarish jarayonlari, ularning bahosi xorijda qanchalik yuqori ekanligiga toʻxtaldi. Bojxona qoʻmitasining esa madaniy merosni xorijga chiqib ketilishining oldini olish va uni aynan Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasiga topshirish tashabbusini bu boradagi yangi bosqich deya baholadi
Shu munosabat bilan tadbir doirasida ikkala tashkilot rahbarlari “Bojxona organlari tomonidan ushlab qolingan madaniy boyliklarni Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga topshirishda oʻzaro hamkorlik qilish toʻgʻrisida” Memorandumni imzolashdi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
