600 yillik doshqozon nusxasi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidan oʻrin oladi

Qozogʻiston Respublikasining Turkiston shahrida joylashgan Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasi nafaqat meʼmoriy mukammalligi bilan, balki unda saqlanayotgan tarixiy, madaniy va maʼnaviy boyliklari bilan ham alohida eʼtiborga loyiq. Shu boyliklar ichida ayniqsa eʼtiborga molik, yirik va simvolik ahamiyatga ega obʼekt — bu doshqozon, yaʼni ulkan bronza qozondir.

 

Doshqozon 1399 yil 25 iyunda, yaʼni 801 hijriy yilning 20 shavvolida yaratilgan boʻlib, Amir Temur farmoni bilan ishlangan. Bu maʼlumot qozon tanasidagi epigrafik yozuvda aniq qayd etilgan. Qozon nafaqat amaliy metall ishlash sanʼatining yorqin namunasi, balki islomiy eʼtiqod, soʻfiylik anʼanalari va Temuriylar davridagi madaniy jarayonlarning birlashuvi sifatida ham qaraladi.

 

Qozon balandligi 1,62 metr, diametri 2,42 metr, ichiga 3000 litrgacha suv sigʻadi, taxminiy ogʻirligi esa 2 tonna. Bu maʼlumotlar uni Markaziy Osiyodagi eng yirik bronza idishlardan biri sifatida koʻrsatadi. 

 

Artefaktda "Baraka topsin" iborasi fors tilida oʻn marta, kufi xat bilan arab tilida 22 marta "Hokimiyat Allohnikidir" deb yozilgan. Yuqori tasmada esa Qurʼon va hadislardan iqtiboslar keltirilgan. Shuningdek, Amir Temurning buyrugʻi va qozon yaratilish sanasi ham ushbu tasmada aks etgan.

 

 

Juma kunlari undagi shirin suv xalq orasida ehson sifatida tarqatilgan. Bu amaliyot soʻfiylikdagi barcha insonlarni bir idishdan nasibalanish ramzini ifoda etgan. Rivoyatlarga koʻra, qadimda koʻchmanchi aholi uchun qozon qadrli idish hisoblangan. Unda umumiy yeguliklar tayyorlangan, birlik va ehson tushunchasi aynan shu idish orqali amalga oshirilgan. 600 yillik mazkur doshqozon nusxasi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidan oʻrin olishi kutilmoqda.