Yozuv sanʼatiga ikkinchi nafas: Islom sivilizatsiyasi markazida xattotlik maktabi tashkil etilmoqda


    Yurtimizda milliy-maʼnaviy merosni asrab-avaylash, qadimiy sanʼat turlarini qayta tiklash va kelajak avlodga yetkazish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning joriy yil yanvar oyida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishish chogʻida bergan koʻrsatmalariga asosan xattotlik anʼanalarini qayta tiklash va rivojlantirishga qaratilgan amaliy qadamlar ana shunday muhim yoʻnalishlardan biridir.

 

    Shu maqsadda, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hududida zamonaviy, uch qavatli alohida binodan iborat Xattotlik maktabi barpo etildi. Ayni paytda markazda qurilish ishlari yakuniy bosqichga yetgan boʻlib, yaqin kunlarda bino toʻliq faoliyat yurita boshlashi kutilmoqda.

 

    Mazkur maktab qurilishi va uning faoliyati bilan bogʻliq yakuniy masalalar Markaz ishchi guruhining navbatdagi kengaytirilgan ilmiy kengashida muhokama qilindi. Unda Xattotlik maktabi nafaqat bino, balki maʼnaviy-maʼrifiy dargoh sifatida faoliyat olib borishi, maxsus oʻquv reja va dasturlar asosida ishlashi taʼkidlandi.

 

    Bu loyihaga asos boʻlgan muhim tashabbus Prezidentimiz tomonidan 2025 yil yanvar oyida Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif chogʻida ilgari surilgan edi. Tashrif davomida mamlakat rahbari xattotlik anʼanalari yoʻqolib borayotgani, uni qayta tiklash va avloddan-avlodga yetkazish zarurligini alohida taʼkidlagan edi.

 

    Shu asosda, Xattotlik maktabi tashkil etish boʻyicha barcha meʼyoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilmoqda. Bu jarayonga mamlakatimizdagi eng taniqli xattotlar — Habibulloh Solih, Abdurazzoq domla, Shayx Abdulaziz Mansur va qator yosh mutaxassislar jalb etilgan.


    Ular tomonidan maktabning ustavi, oʻquv rejalari, metodik qoʻllanmalar va dasturlar ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, unda oʻqitilishi rejalashtirilgan suls, nasx, nastaʼliq, ruqʼa, divoniy, kufiy kabi anʼanaviy xat turlari boʻyicha maxsus dasturlar tayyorlanmoqda.

 

    Eʼtiborlisi, maktab faoliyati keng auditoriya uchun moʻljallangan boʻlib, unda 6 yoshdan 70 yoshgacha boʻlgan fuqarolar xattotlik sanʼati sir-asrorlarini oʻrganish imkoniga ega boʻladi. Bunday yondashuv nafaqat kasbiy tayyorgarlik, balki ommaviy maʼnaviy uygʻonish, milliy sanʼatga boʻlgan qiziqishni kuchaytirishga xizmat qiladi.

 

    Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi Xattotlik maktabi — bu shunchaki taʼlim muassasasi emas, balki yurtimiz tarixidagi xat sanʼati anʼanalarini mustahkamlash, bobolar merosini qayta hayotga qaytarish sari tashlangan muhim qadamdir.