Islom dunyoqarashidagi kosmografik meros


    Islom dunyoqarashida koinot, tabiat va inson munosabatlarini qanday tasvirlash mumkin? Zakariyo al-Qazviniyning “Ajoyib ul-maxluqot” asari bu savolga XIII asrning ilmiy va falsafiy tafakkuri asosida javob beradi. Ensiklopedik xarakterga ega ushbu asar Islom sivilizatsiyasining bilim va maʼrifatga boʻlgan qarashini, ajoyib fikrlar orqali namoyon etishi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.


    Islom sivilizatsiyasida tabiat, inson va koinot haqidagi fikrlar nafaqat Qurʼoni Karim va hadis manbalari orqali, balki mutafakkirlar va olimlar tomonidan yaratilgan ilmiy va falsafiy asarlarda ham oʻz ifodasini topgan. Ana shunday asarlardan biri — Zakariyo al-Qazviniyning “Ajoyib ul-maxluqot va gʻaroib ul-mavjudot”. Bu asar Islom olamida eng keng tarqalgan va oʻrta asrlar davri ilm-fani, dunyoqarashi hamda mifologik tasavvurlari aks etgan oʻziga xos ensiklopedik manbalardan biri sifatida ahamiyat kasb etadi.  Mazkur asarning oʻnlab nusxalari turli davrlarda arab, fors va turkiy tillarga tarjima qilingan, Yevropa sharqshunoslarining ham diqqatini tortgan. Mashhur nemis sharqshunosi Karl Brokkelman bu asarni “Islom madaniyatidagi eng qimmatli kosmografiya” deya baholagan.


    Asar muallifi — XIII asrda Qazvinda yashagan tarixchi, tabiatshunos va geograf Zakariyo ibn Muhammad al-Qazviniy. U oʻz davrining bilimdon olimlaridan biri boʻlib, asarini yozishda Abu Rayhon Beruniyning “Osor ul-boqiya” hamda Yoqut Hamaviyning “Moʻʼjam ul-buldon” asari kabi buyuk manbalardan ilhom va maʼlumot olgani taʼkidlanadi. Asarning yozilishi Islom ilm-fanidagi izchil anʼanalarni davom ettirgan holda, tabiat va inson borligʻiga nisbatan ajoyib tasavvurlar uygʻunligini namoyon etadi.


    Ajoyib va gʻaroiblar dunyosida


    Qazviniyning “Ajoyib ul-maxluqot” asari ikki qismdan iborat boʻlib, birinchi qismida samoviy mavjudotlar — farishtalar, jinlar va hatto inson tasavvuridan tashqaridagi maxluqotlar (baʼzi talqinlarda “oʻzga sayyoraliklar” deb taʼbirlanadigan) haqidagi maʼlumotlar bayon etiladi. Ikkinchi qism esa Yer yuzida yashovchi xalqlar, hayvonot va nabotot olami, geografik mintaqa va tabiiy tabaqalashuv haqida hikoya qiladi. Bu qismlar orqali asar nafaqat Islom dunyoqarashini, balki inson va tabiat munosabatlari, xalqlar madaniyati, zamonaviy tilda aytganda, etnografiya va biologiya kabi sohalarning oʻrta asrdagi manzarasini ham koʻrsatib beradi.


    Qazviniyning yondoshuvi shunchaki tasviriy emas, balki ilohiy hikmat asosida tushuntirishga yoʻnaltirilgan. Unga koʻra, koinot — Allohning “Boʻl!” degan amri bilan yaratilgan mukammal tuzilma boʻlib, undagi har bir mavjudot oʻziga xos hikmat va vazifaga ega. Qazviniy insonni bu yaratilgan dunyo haqida tafakkur qilish, ajoyibotni oʻrganish va yaratuvchiga yanada yaqinlashishga chorlaydi.


    Madaniy va maʼnaviy ahamiyat


    “Ajoyib ul-maxluqot” asari oʻrta asrlardagi keng oʻquvchilar qatlami uchun yaratilgan boʻlib, u aynan ensiklopedik xarakter kasb etgan. Asar oʻz zamonasi uchun faqatgina ilm-fan manbai emas, balki ommabop va tushunarli uslubdagi maʼnaviy-maʼrifiy qoʻllanma boʻlib xizmat qilgan. Garchi undagi baʼzi maʼlumotlar hozirgi zamonaviy ilm mezonlari boʻyicha mifologik va tasavvufiy xarakterda boʻlsa-da, oʻsha davr insonlarining tabiat va jamiyat toʻgʻrisidagi fikrlash uslubini anglashda muhim oʻrin tutadi.


    Ayniqsa, Movarounnahr va Xorazm, Samarqand kabi ilm markazlarida ushbu asarga qiziqish katta boʻlgan. 1500 yillarda Samarqandda koʻchirilgan nusxalaridan biri — hozirda Berlindagi Sharq qoʻlyozmalar toʻplamida (SBB-PK, Hs. or. 14649) saqlanmoqda. Bu asarga boʻlgan qiziqish uning turli manbalarda qayta koʻchirilishi, miniatyuralar bilan bezalishi va xalq orasida keng tarqalishi orqali ham oʻz aksini topgan. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining “Oʻzbekistonning 100 qadimiy qoʻlyozmasi” medialoyihasidan ushbu qoʻlyozma ham joy olgan.


    Xulosa oʻrnida, “Ajoyib ul-maxluqot” Islom sivilizatsiyasining ilm, aqida va estetikasini birlashtirgan yodgorlikdir. Undagi maʼlumotlar tarixiy va ilm-falsafiy meros sifatida bugun ham jahon ilmiy jamoatchiligi, xususan, sharqshunoslik va manbashunoslik sohalari uchun ulkan ahamiyatga ega. U nafaqat bir davrning intellektual manzarasini belgilab berdi, balki keyingi avlod mutafakkirlari uchun asosiy manba va ilhom manbai boʻlib xizmat qildi. Qazviniyning bu asari inson va olam munosabatini qayta-qayta anglashga daʼvat etuvchi ezgu ilm sarchashmasidir.

 

Durdona Rasulova

P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.