Abduqodir Shakuriy — yangi usul maktablari asoschilaridan biri


    Oʻzbekistonda maorif sohasida yuz bergan islohotlar tarixida Abduqodir Shakuriy alohida oʻrin tutadi. U nafaqat pedagog va maʼrifatparvar sifatida, balki yangi usuldagi maktablar tashkilotchisi va ilk darsliklar muallifi sifatida ham eʼtirof etiladi.

 

    Shakuriy ilk taʼlimni anʼanaviy maktab va madrasada olgan boʻlsa-da, u zamonaviy taʼlim uslubini oʻrganish orqali yangi maktablar tashkil qilish gʻoyasiga ega boʻldi. Bu gʻoya amaliy hayotga 1901 yilda oʻz qishlogʻida yangi usuldagi maktabni ochish bilan tadbiq etildi.

 

    Abduqodir Shakuriy maorif sohasidagi xizmatlaridan biri yangi taʼlim uslublarini xalq orasida keng joriy qilishga harakat qilgan. U oʻquvchilar uchun maxsus darsliklar — “Rahnamoyi savod”, “Jomiʼ ul-hikoyat”, “Zubdat ul-ashʼor” kabi asarlarni yozgan. Bu kitoblar nafaqat oʻqitishni osonlashtirgan, balki oʻqituvchilar uchun uslubiy asos ham boʻlib xizmat qilgan.

 

    Shakuriyning faoliyatida qizlar taʼlimiga eʼtibor muhim oʻrin tutadi. U yangi usuldagi qizlar maktabini tashkil etib, unda oʻzi rahbarlik qilgan va rafiqasi muallimalik qilgan. Keyinchalik qiz va oʻgʻil bolalar uchun aralash taʼlim shaklini joriy etgan.

 

    1921 yilda Samarqanddagi 13-maktabga mudir etib tayinlangan Shakuriy bu yerda nafaqat rahbar sifatida, balki ona tili va adabiyot oʻqituvchisi sifatida ham faoliyat yuritgan. 1925 yilda esa uning tashabbusi bilan qishloq aholisi oʻz mablagʻlari hisobidan yangi maktab qurgan.

 

    Islom sivilizatsiyasi markazi Shakuriy kabi ziyolilar merosini ilmiy tahlil qilish va jamoatchilikka yetkazishni oʻzining ustuvor vazifalaridan biri, deb biladi.