Soʻfiylikning ramzi – xirqa va darvesh kiyimlari Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyasida Movarounnahrga Islom dinining kirib kelishi, tasavvuf taʼlimoti va soʻfiy ulamolarning maʼnaviy merosi oʻrin olgan. Ekspozitsiyaning markaziy gʻoyasi — soʻfiylikdagi “xirqa” timsoli orqali maʼnaviy kamolotga intilish yoʻlini tasvirlash, tarixiy anʼanalar va diniy-maʼrifiy gʻoyalarni zamonaviy muzey formatida keng jamoatchilikka yetkazishdan iboratdir.
Toshkentda joylashgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida muzey ekspozitsiyalarini takomillashtirish boʻyicha navbatdagi Ishchi guruh yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Bu galgi muhokama markaz muzeyining “Birinchi Renessans davri” boʻlimiga bagʻishlandi. Yigʻilishda markaz masʼullari, Italiyaning “Magistr Art” dizayn kompaniyasi vakillari, tarixchi va ulamolar ishtirok etdi.
Ushbu boʻlimda Movarounnahrga Islom dinining kirib kelishi, tasavvuf taʼlimoti va soʻfiy ulamolarning maʼnaviy merosini ekspozitsion yoʻsinda yoritish maqsad qilingan. Ekspozitsiyaning dastlabki uch kapsulasi Islomning tarqalishi, tasavvuf ilmining yuzaga kelishi va uning ilmiy-maʼrifiy yoʻnalishdagi yutuqlariga bagʻishlanadi.
Soʻfiy kiyimlarining ekspozitsiyadagi oʻrni
Yigʻilish davomida tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori Ibrohim Usmonov olib borgan tadqiqotlari yuzasidan taqdimot oʻtkazdi. Shuningdek, markazning katta ilmiy xodimlari shayx Abdulaziz Mansur va Habibulloh Solih soʻfiylikka oid manbalar va liboslar tarixi haqida maʼlumot berdi.
Shayx Abdulaziz Mansur taʼkidlaganidek, xirqa — soʻfiy suluk yoʻlining ramziy belgisi boʻlib, uning tashqi koʻrinishi soddalik va nafsni tarbiyalashga yoʻnaltirilgan maʼnaviy mazmunni ifodalaydi. Turli mintaqalarda xirqalarning rangi va shakli farq qilgan, ammo ularning barchasida ziynatdan holi, kamtarlik timsoli sifatidagi umumiy yoʻnalish saqlangan.
Habibulloh Solih esa darveshlar kiyimining har bir elementi muayyan maʼnaviy mazmunni oʻzida mujassam etganini taʼkidlab oʻtdi. Shu bois, muzey ekspozitsiyasida ularning tarixiy va ruhiy mohiyati ilmiy asosda namoyon etilishi lozimligi qayd etildi.
Vizual loyihalar namoyish etildi
Yigʻilish yakunida Italiyaning “Magistr Art” dizayn kompaniyasi vakillari tomonidan maxsus tayyorlangan mulyajlar va vizual maketlar taqdim etildi. Shuningdek, navbatdagi muhokamada xirqa va bosh kiyimlar uchun maxsus eskizlar namoyish etilishiga kelishib olindi.
Ekspozitsiyaning markaziy gʻoyasi — soʻfiylikdagi “xirqa” timsoli orqali maʼnaviy kamolotga intilish yoʻlini tasvirlash, tarixiy anʼanalar va diniy-maʼrifiy gʻoyalarni zamonaviy muzey formatida keng jamoatchilikka yetkazishdan iboratdir.
Xulosa oʻrnida
Islom sivilizatsiyasi markazining mazkur tashabbusi — soʻfiylik ilmining tarixiy va maʼnaviy merosini ilmiy asosda namoyon etish, shu orqali milliy oʻzligimizni teran anglash, yosh avlodni maʼrifat va bagʻrikenglik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi