Qoʻlyozmalardan kataloglargacha: Islom sivilizatsiyasi markazida 30 dan ortiq kitob nashr etilishi rejalashtirilmoqda

    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzey ekspozitsiyasini boyitish, kutubxona fondini shakllantirish va diniy-maʼrifiy yoʻnalishdagi kitoblarni nashr etish — Markazning ustuvor vazifalaridan biri sanaladi. Shu maqsadda Markaz tomonidan 30 ga yaqin kitoblar nashrga tayyorlangan. Bu haqda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida boʻlib oʻtgan noshirlik ishlariga bagʻishlangan muhokamali yigʻilishda maʼlum qilindi. Qayd etilishicha, tayyorlanadigan nashrlar Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining nodir va betakror maʼnaviy manbalarga nechogʻlik boyligini koʻrsatuvchi muhim yondashuvlardan biri boʻlishi kerak.

 

 

    Yigʻilishda joriy yilda chop etilishi rejalashtirilgan kitoblar roʻyxati tasdiqlandi.
Shu jumladan:

 

  - “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik – Yangi Oʻzbekistonning maʼnaviy kuchi” ikki jildli, bezakli risolalar toʻplami oʻzbek, arab va ingliz tillarida chop etiladi. Unda soʻnggi yillarda amalga oshirilgan maʼnaviy-maʼrifiy islohotlar va xalqaro hamjamiyat tomonidan berilgan yuksak baholar oʻz ifodasini topgan.

 

  - “Prezident Shavkat Mirziyoyevning diniy maʼrifat va bagʻrikenglik siyosati” kitobi yurtboshimiz olib borayotgan bagʻrikeng siyosat va uning xalqaro miqyosdagi ahamiyatini yoritadi.

 

  - “Katta Langar Qurʼoni: tarix va haqiqat” asari esa Qurʼoni karimning yurtimizda saqlanayotgan noyob nusxalaridan biri — Katta Langar Qurʼoni haqida ilmiy asoslangan maʼlumotlarni taqdim etadi.

 

    Yigʻilishda 30 ga yaqin kitoblarning nashrga tayyorlangani maʼlum qilindi. Har bir nashr uchun masʼul shaxslar biriktirilib, muddat va sifat talablari belgilandi.


    Shu bilan birga, Islom dinining insonparvar va tinchlikparvar mohiyatini yorituvchi 21 ta asarni ilmiy tarzda qayta ishlab, nashrga tayyorlash yuzasidan ham muhokamalar boʻlib oʻtdi.


    Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov yigʻilishda Turkiyaning Toʻpqopi saroyida saqlanayotgan Usmon Qurʼoni nusxalari haqida soʻz yuritib, uning Toshkentdagi nodir mushaf bilan oʻxshash tomonlariga eʼtibor qaratdi. Shu bilan birga “Usmon Qurʼoni tarixi” nomli kitobni chop etish taklifini ilgari surdi. Ushbu tadqiqotga  Qurʼonning faksimile nusxasi ham ilova qilinadi. 

 


“Markazning eng muhim artefakti boʻlgan Hazrati Usmon mushafi haqida tashrif buyuruvchilarda aniq va asosli tasavvur uygʻonishi uchun ana shunday fundamental asarlarga ehtiyoj katta”, - dedi Markaz direktori bu loyihaning afzalligi haqida soʻz yuritarkan. 


    Shuningdek, “100 ta eng qadimiy qoʻlyozma asarlar” va tarixiy xaritalar albom-katalogini yaratish taklifi ham bildirildi.


    Markaz ilmiy kotibi Rustam Jabborov nashrga tayyorlanayotgan qator kitoblar haqida maʼlumot berdi. Ular orasida:

 

  - “Oʻzbekistonning nodir Qurʼon qoʻlyozmalari”;

 

  - “Dunyoning 114 nodir Qurʼoni”;

 

  - “Islomdan oldingi davr sivilizatsiyalari”;

 

  - “Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari”;

 

  - “Oʻzbekiston XX asrda”;

 

  - “Oʻzbekistonning 100 nodir qoʻlyozmasi”;

 

  - “Markaz kutubxonasi toʻplami” singari ilmiy tadqiqotlar bor.

 

    Taʼkidlash joizki, “Oʻzbekistonning nodir Qurʼon qoʻlyozmalari” asari 2023 yilda yurtimizda oʻtkazilgan ekspeditsiya natijasida aniqlangan 200 dan ortiq Qurʼon qoʻlyozmasi haqidagi maʼlumotlarni qamrab oladi.


    Shuningdek, “Dunyoning 114 nodir Qurʼoni” asarida xorijiy toʻplamlarda saqlanayotgan, Oʻzbekiston bilan bogʻliq qoʻlyozmalar haqida maʼlumotlar keltirilgan. Bu loyihada xalqaro olimlar ham ishtirok etmoqda.

 


 

    Markaz direktori boshchiligidagi muhokama yigʻilishida yana bir yirik loyihaga alohida eʼtibor qaratildi. Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori Ravshan Xudoyberganov taqdim etgan maʼlumotlarga koʻra, tadbirkor Alisher Usmonov tomonidan taqdim etilgan 5000 ga yaqin kitob orasidan 80 ta noyob asar saralab olindi. Har birining bibliografik maʼlumotlari 3 tilda: oʻzbek, rus, ingliz — katalog-albom tayyorlanadi. Ularda ajdodlarimiz merosi, ularning Yevropa ilm-fanidagi oʻrni, hamda Islom sivilizatsiyasining Gʻarbdagi taʼsiri aks ettiriladi.

 

    Saralangan kitoblar orasida 1450–1501 yillarda chop etilgan “inkunabula” — oʻrta asr Yevropa bosmaxonasining ilk namunasi ham bor. Bu asar Balxlik astrolog olim Jaʼfar ibn Muhammad al-Balxiga tegishli boʻlib, 1488 yilda lotin tilida Yevropada chop qiligan ushbu asar Markaz fondining gultoji sifatida baholanmoqda.


    Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi yigʻilishda nashr ishlari yuzasidan qator muhim qarorlar qabul qilindi. Mazkur muhokama — Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy-maʼrifiy salohiyatini oshirish, qadimiy merosimizni keng jamoatchilikka yetkazish yoʻlidagi navbatdagi qadam boʻldi.