Fransiyada taqdimoti o‘tkazilgan Bibixonimning muhtasham libosi ISM ekspozitsiyadan joy oladi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Wilmotte&Associes kompaniyasi vakili Emmanuel Brelot Markaz xodimlari, san’atshunos, tarixchi va manbashunoslar ishtirokida ekspozitsiya devorlari va ichki intereri muhokama etildi. 

Markaz binosi zamon talablariga munosib bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Uning nafaqat tashqi ko‘rinishi, balki, ichki qismi ham jahon standartlariga mos bo‘lishi reja qilingan. 

Wilmotte&Associes kompaniyasi vakili Emmanuel Brelot taqdimoti davomida Markaz binosining arxitekturasi, qolaversa,  devorlarida aks etuvchi sharqona bezak namunalari haqida ma’lumot berib o‘tdi:

— Markaz ekspozitsiyasi devorlarida o‘zbekistonlik mahalliy olimlar taklifiga binoan tarixiy yodgorliklar va qadimiy devor suratlari – Varaxsha yodgorligi kabi ekspozitsiyalar bo‘ladi.  “Smart” devorlarda  "Buyuk Ipak yo‘li" xaritasi joylanadi. Bu devorlar oddiy devor emas, ularda katta ilm aks etadi. Markazga tashrif buyuruvchilar devorlardan  ham O‘zbekiston tarixi va madaniyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ladi. Bino peshtoqlari kunning har bir qismlariga qarab o‘zgarib turadi, zallarga o‘rnatilgan katta va kichik chiroqlar nurlari ham shu ko‘rinishda bo‘ladi.  

Uchrashuvda texnika fanlari doktori, xalqaro moda olami vakili  professor Xolida Komilova Markaz ekspozitsiyasida milliy liboslar va ularning tarixiy ko‘rinishiga ham alohida ahamiyat qaratilishi haqida so‘z yuritdi:  

— Buyuk Ipak yo‘li esga olinganda to‘qimachilik va ipak mahsulotlarisiz ekspozitsiyani tasavvur qilib bo‘lmaydi. Yurtimizda islomgacha bo‘lgan davrda liboslar uchun paxta, ipak, jun mahsulotlaridan foydalanilgan. Biz ham ekspozitsiyada mana shularni hamohanglashtirmoqchimiz.  Yana bir yangilik, yaqinda shogirdlarimiz bilan sayyoh Klavixo yozganlariga asoslanib Bibixonimning libosini yaratdik. Fransiyada libosning taqdimotini o‘tkazganimizda, uni keng jamoatchilik katta qiziqish va hayrat bilan kutib oldi. Ekspozitsiyaga ana shu libosni ham taqdim etmoqchimiz. 

Ekspozitsiyaning moddiy va ma’naviy ashyolar bilan boyitilishi bo‘yicha ham salmoqli fikrlar bildirildi. Sharqshunoslik instituti professori  Mirsodiq Is’hoqov ekspozitsiya devorlarida tarix ro‘y-rost gavdalanishi kerakligini ta’kidladi:     — Yozuvlar tarixni  ishonchli qilib tiriltirib beradi. Shu kunga qadar mamlakatimiz hududida insoniyat paydo bo‘lgandan buyon 20 ga yaqin yozuv bo‘lgani aytiladi. Mana shu yozuvlar bizning tariximiz, uni inkor etib bo‘lmaydi. So‘g‘d, Baqtriya, Parfiya, Xorazm yozuvlari sivilizatsiya jarayonlariga munosib hissa qo‘shgan. Biz buni ekspozitsiya jarayonlarida ko‘rsatishimiz kerak. Binoni fikriy, aqliy materiallar bilan boyitishni zimmamizga olganmiz. Bugungi majlisda ham Markaz qurilishiga oid arxitektura va dizayn ishlariga alohida ahamiyat qaratildi. Ayni vaqtda ekspozitsiyani mazmunan boyitish, eksponatlar  va dizaynerlik ishlarining xronologik ketma-ketligini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish ustida xalqaro hamkorlar bilan ish olib boryapmiz. Maqsadimiz – bu yerga tashrif buyurganlar sivilizatsiya ildizi qachondan qay tarzda boshlangani va bugun ham ushbu jarayonlar davom etayotganidan ilmiy asoslarga tayangan holda xabardor bo‘lishi kerak. 

Shuningdek, yig‘ilish so‘ngida Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov va Wilmotte&Associes kompaniyasi vakili Emmanuel Brelot markaz binosining umumiy ichki ko‘rinishi loyihasi yuzasidan muzokaralar o‘tkazdi. 

Islom sivilizatsiyasi markazi  Axborot xizmati