Zamonaviy taraqqiyotimiz muzey “tili”da taqdim etiladi
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi — bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli maʼnaviy-maʼrifiy islohotlarning timsoli, tarix va zamonaviylik uygʻunlashgan yirik ilmiy-maʼrifiy maskan sifatida shakllanib bormoqda. Markaz muzeyining “Yangi Oʻzbekiston – Yangi Renessans poydevori” deb nomlangan boʻlimda infografikalar, interaktiv displeylar, gologrammalar, raqamli xaritalar, immersiv videolar hamda real maket va modellardan foydalaniladi.
Markaz tarkibidagi muzey 5 ta asosiy boʻlimni qamrab oladi. Ular orqali Oʻzbekistonning qariyb 3 ming yillik tarixiy taraqqiyoti davomidagi eng muhim bosqichlar keng yoritiladi. Xususan, “Yangi Oʻzbekiston – Yangi Renessans poydevori” deb nomlangan boʻlimda soʻnggi 8 yil mobaynida yurtimizda amalga oshirilgan islohotlar, ulkan yutuqlar zamonaviy muzey texnologiyalari asosida taqdim etiladi.
Bu boʻlimdagi 9 ta asosiy yoʻnalish orqali mamlakatimizning ijtimoiy, ilmiy, madaniy va iqtisodiy sohalardagi taraqqiyoti oʻz ifodasini topadi. Ayniqsa, iqtisodiy islohotlarga bagʻishlangan qismda shaharsozlik, yashil energiya, agrotexnologiya, infratuzilma va transport sohalariga oid eksponatlar alohida oʻrin tutadi.
Ekspozitsiyada infografikalar, interaktiv displeylar, gologrammalar, raqamli xaritalar, immersiv videolar hamda real maket va modellardan foydalaniladi. Jumladan, “Tashkent City” majmuasi, Samarqand xalqaro aeroporti, quyosh va shamol elektr stansiyalarining modeli, yangi yoʻl va temiryoʻl infratuzilmasini aks ettiruvchi maketlar orqali iqtisodiy rivojlanish vizual tarzda yoritiladi.
Yaqinda markazda oʻtkazilgan muhokamali yigʻilishda ushbu boʻlimni takomillashtirish yuzasidan mutaxassislar ishtirokida fikr va takliflar bildirildi. Unda “Tomoshabin muzeyga nimani koʻrish uchun kiradi?” degan savol asosida yangi muzey yondashuvlari muhokama qilindi.
Xususan, sanʼatshunoslik fanlari falsafa doktori Kamola Nishonova iqtisodiy taraqqiyot kabi murakkab mavzularni taqdim etishda faqat ekranli texnologiyalarga bogʻlanib qolmaslik, real eksponatlar va turli interaktiv elementlarni uygʻunlashtirish zarurligini taʼkidladi.
Bir soʻz bilan aytganda, zamonaviy taraqqiyotimiz muzey “tili”da taqdim etiladi.
Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat oʻtmish, balki bugungi Oʻzbekiston taraqqiyotini ham tahlil qiladigan, kelajakni koʻzlagan ilmiy-maʼrifiy maskan sifatida shakllanmoqda.
Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
