Oʻzbekistonda tarixiy tashabbus amalga oshirilmoqda
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida xattotlik sanʼatini saqlash, ilmiy asosda rivojlantirish va yosh avlodga yetkazish maqsadida Xattotlik maktabi tashkil etilmoqda.
Mazkur tashabbusga bagʻishlangan navbatdagi muhokamalar va yigʻilishda Markaz rahbariyati, taniqli xattotlar, mutaxassislar, loyiha koordinatorlari, hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Madaniyat, ilm va maʼnaviyat uygʻunligi
Yigʻilishda taʼkidlanganidek, xattotlik nafaqat muqaddas Qurʼon ilmlari bilan bogʻliq islomiy anʼanalarning ajralmas qismi, balki xalqimizning estetik didi va badiiy dunyoqarashini ifoda etuvchi milliy madaniyat hamdir. Zamonaviy globallashuv sharoitida bu sanʼat turini texnologiyalar bilan uygʻunlashtirib, yoshlarga estetik tarbiya berish muhim vazifa sifatida koʻrilmoqda.
Maktab konsepsiyasi va infratuzilmasi
Xattotlik maktabini tashkil etishdan maqsad – nafaqat xattotlikni oʻrgatish, balki ijodiy muhit yaratish. Shu bois, Islom sivilizatsiyasi markazi binosining ikkinchi qavatidagi beshta xona maktab uchun maxsus jihozlanib, koʻp funksiyali makonga aylantiriladi. Bu yerda oʻquv darslari, koʻrgazmalar, mahorat darslari va xalqaro tadbirlar oʻtkazilishi mumkin boʻladi.
Xattotlik maktabining faoliyati quyidagi yoʻnalishlarda tashkil etiladi:
- Oʻquv dasturlari — anʼanaviy ustoz-shogird tizimiga asoslanib, bosqichma-bosqich mahorat imtihonlari bilan amalga oshiriladi.
- Ustaxonalar — zamonaviy texnika, interaktiv doskalar, taqdimot texnologiyalari bilan jihozlanadi.
- Fanlar — xattotlik bilan bir qatorda tazhib, Qurʼon nusxalari, musʼhaflar restavratsiyasi kabi mashgʻulotlar qamrab olinadi.
- Interer — maktab dizayni sharq arxitekturasi va kalligrafik bezaklar asosida ishlab chiqiladi.
Xalqaro hamkorlik va maslahat kengashi
Yigʻilishda maktabning xalqaro nufuzini taʼminlash va yirik tashkilotlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish yuzasidan aniq takliflar bildirildi:
- TURKSOY xalqaro tashkiloti, Butunjahon islom uyushmasi bilan kelishuv asosida turkiy dunyo xattotlarini jalb etilishida hamkorlik qiladi.
- Xalqaro koʻrgazma va musobaqalar oʻtkaziladi.
- Xalqaro xattotlik Vasiylik kengashi tuzilib, uning tarkibiga dunyodagi yetakchi xattotlar, sanʼatshunoslar va homiylar kiritiladi.
Tarixiy loyiha uchun ilk qadam
Davlat rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yangi Oʻzbekiston Qurʼoni” loyihasi doirasida:
- dunyo xattotlari oʻrtasida tanlov oʻtkaziladi. Tanlovda gʻolib boʻlganlar orasida yuqori natijaga ega boʻlgan 114 nafar xattot 114 ta bir surani qurʼa asosida tanlab olib, nasx xatida koʻchiradi;
- sahifalar oʻzbek naqshlari bilan bezatiladi;
- har bir sura alohida koʻrgazma sifatida taqdim qilinadi;
- Tanlov doirasida “Milliy xattotlik mukofoti” taʼsis etiladi.
Yigʻilish qatnashchilarining qayd etishicha, bu harakatlar tarixiy loyiha uchun ilk qadamdir.
Shayx Abdullaziz Mansur, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi katta ilmiy xodimi:
– Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Xattotlik maktabi ochilishi — Qurʼon kalomiga boʻlgan hurmatimizning amaliy ifodasidir. Bu sanʼat — sabr, ixlos va muqaddas soʻzga xizmatdir. 114 xattot tomonidan koʻchiriladigan 114 ta sura aynan shu maktabda koʻchirilishi — tafakkur, sanʼat va eʼtiqod uygʻunligining yorqin namunasi boʻladi.
Muhokamada bildirilgan taklif va kelishuvlar Xattotlik maktabini nafaqat mahalliy, balki xalqaro miqyosdagi ilmiy-ijodiy markaz sifatida shakllantirishga qaratilganini koʻrsatdi. Bu tashabbus Oʻzbekistonda xattotlik sanʼatini qayta tiklash, yosh isteʼdodlarni tarbiyalash va milliy merosni himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu kabi loyihalar yurtimizda Prezident tashabbusi bilan bunyod etilayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining madaniy-maʼrifiy yetakchilik mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
