Oʻzbekistonda “Birinchi Renessans” davri interaktiv ekspozitsiyasi tayyorlanmoqda
Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazida “Birinchi Renessans davri” boʻlimida IX–XII asrlardagi ilk uygʻonish davriga oid davlatchilik, ilm-fan, madaniyat yutuqlari va buyuk allomalar merosini qamrab oladigan 7 mavzuli kapsuladan iborat ekspozitsiya tayyorlanyapti. Mutaxassislarning qayd etishicha, Markaz muzeyining “Birinchi Renessans davri” boʻlimi ekspozitsiyasi orqali milliy uygʻonish davri qayta kashf etiladi. Bu borada Italiyaning “Magister art” dizayn kompaniyasi mutaxassislari bilan olib borilayotgan hamkorlik natijasida jonlangan allomalar, sunʼiy intellekt, animatsion kontent, xalqaro eksponatlar va estetik muhitni qamrab olgan ekspozitsiya xalqaro muzey amaliyotidagi ilgʻor tajribalar darajasiga chiqarilishi kutilmoqda.
Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazida “Birinchi Renessans davri” boʻlimi ekspozitsiyasini yaratish boʻyicha ishlar yangi bosqichga qadam qoʻydi. Mazkur ekspozitsiyani konseptual va texnologik jihatdan boyitishga qaratilgan navbatdagi onlayn muzokara boʻlib oʻtdi. Unda markaz olimlari, Ishchi guruh aʼzolari hamda Italiyaning “Magister art” kompaniyasi mutaxassislari ishtirok etdi.
Muzokara davomida IX–XII asrlardagi ilk uygʻonish davriga oid davlatchilik, ilm-fan, madaniyat yutuqlari va buyuk allomalar merosini qamrab oladigan 7 mavzuli kapsuladan iborat ekspozitsiya konsepsiyasi muhokama qilindi. Qayd etilganidek, har bir kapsula zamonaviy texnologiyalar – immersiv shou, mulyaj, interaktiv namoyishlar orqali namoyon etiladi.
Innovatsiya va estetika uygʻunligi
Tarix fanlari doktori, professor Surayyo Karimovaning taʼkidlashicha, “Birinchi Renessans” allomalarining siymosini sunʼiy intellekt va vizual effektlar yordamida jonlantirish – nafaqat innovatsion, balki estetik jihatdan ham muhim.
– Bu orqali tomoshabin faqat koʻruvchi emas, balki his qiluvchi, mulohaza qiluvchi faol ishtirokchiga aylanadi. Kalligrafik yozuvlar bilan bezatilgan ustunlar esa tarixiy muhit ruhini yaratishda muhim element hisoblanadi, – deydi professor S. Karimova.
Ekspozitsiya doirasida har bir alloma haqida animatsion videoroliklar tayyorlanishi va ularning ilmiy merosi interaktiv formatda taqdim etilishi ham koʻzda tutilmoqda.
Taʼlimiy yechimlar va texnologik yangiliklar
Tarix fanlari doktori Faxriddin Karimovning soʻzlariga koʻra, eksponatlarni mavzular va davrlar boʻyicha izchil joylashtirish — ekspozitsiyani yaxlit tarixiy saboqqa aylantiradi.
“Jonlangan alloma obrazlari va ular haqidagi animatsiyalar yosh avlod uchun murakkab gʻoyalarni sodda va taʼsirchan shaklda yetkazishga xizmat qiladi”, deydi F.Karimov.
Yigʻilishda interaktiv xaritalar, sensorli ekranlar, koʻp funksiyali displeylar orqali mehmonlarning mustaqil oʻrganish imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Dotsent Ibrohim Usmonov bu borada shunday fikr bildirdi:
“Har bir sensorli ekran mehmonni oʻtmish bilan muloqotga chorlaydi. Ilmiy aniqlik bilan tayyorlangan mulyajlar esa ekspozitsiyaning ishonchliligini taʼminlaydi”.
Xalqaro hamkorlik va yangi bosqich
“Magister art” kompaniyasi bilan olib borilayotgan hamkorlik konsepsiya, dizayn va texnologik yechimlar boʻyicha aniq kelishuvlarga erishish imkonini berdi. Ayniqsa, jonlangan allomalar, sunʼiy intellekt, animatsion kontent, xalqaro eksponatlar va estetik muhitni qamrab olgan ekspozitsiya xalqaro muzey amaliyotidagi ilgʻor tajribalar darajasiga chiqarilishi kutilmoqda.
Beruniy kabi buyuk allomalarning ilmiy faoliyatini aks ettiruvchi asbob-uskunalar mulyajlari tayyorlanishi ham rejalashtirilgan. Bu ekspozitsiyani nafaqat vizual, balki taʼlimiy jihatdan ham boyitadi.
Milliy uygʻonish ramziga aylanadi
“Birinchi Renessans” boʻlimi nafaqat Oʻzbekistonning ilmiy-maʼnaviy merosini keng ommaga yetkazish, balki uni xalqaro maydonda tanitish, tarix va texnologiya uygʻunligini namoyon etishga xizmat qiladi. Bu ekspozitsiya orqali milliy uygʻonish davri qayta kashf etiladi va yosh avlod qalbida faxr va hurmat tuygʻusi yanada mustahkamlanadi.
Kelgusida bu kabi loyihalar izchil ravishda davom ettirilishi va Islom sivilizatsiyasi markazining global ilmiy-maʼrifiy muassasaga aylanishi maqsad qilingan.
Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
