Har bir eksponat uchun 4 tilda izohlar tayyorlanmoqda




    Prezidentimiz tashabbusi va topshiriqlari asosida tashkil etilayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasining mukammalligi, har bir loyihaning puxta ishlanishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Markaz muzeyi ekspozitsiyalari uchun matnlar tayyorlash ishlari boshlandi.

 

    Mazkur matnlar — yaʼni eksponatlar yonida joylashtiriladigan izohlar — tashrif buyuruvchilarga har bir obʼekt haqida qisqacha, aniq va tushunarli maʼlumot berishga xizmat qiladi. Ular ayrim eksponatlar, ularning guruhlari yoki butun boʻlimga oid umumiy tavsifni taqdim etadi.


 

    Jarayonga tarixchilar, sanʼatshunoslar, va boshqa mutaxassislar jalb etilgan. Har bir matnda eksponat nomi, yaratilgan davri, u bilan bogʻliq tarixiy kontekst, texnik xususiyatlari va badiiy ifodasi haqida asosli, sodda va loʻnda maʼlumot berilishi koʻzda tutilgan.

 

    Izoh matnlari professional auditoriya bilan bir qatorda oddiy tashrif buyuruvchilar uchun ham teng darajada tushunarli boʻlishi muhim sanaladi. Markazda oʻtkazilgan yigʻilishda ushbu masalalar yuzasidan fikr almashildi. Unda maxsus atamalar yoritilishi yoki imkon qadar soddalashtirib berilishi aytib oʻtildi. Shuningdek, barcha matnlar oʻzbek, ingliz, rus va arab tillarida tayyorlanishi belgilangan.