Oʻzbek xonliklari davriga zamonaviy yondashuv: bizni nimalar kutyapti?

 


    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyida tashkil etilayotgan “Oʻzbek xonliklari davri” boʻlimi ekspozitsiyasi dizayni, loyiha natijalari va kontentni boyitishga oid dolzarb masalalar muhokama etildi. 

 

    Unda boʻlim ekspozitsiyasining vizual taqdimoti, 1-toifa loyihalarning ekspozitsiyadagi oʻrni, respublika va xorijiy kolleksiyalardan noyob ashyolar, artefaktlarni saralash ishlari, vaqtinchalik koʻrgazma uchun zarur eksponatlar roʻyxatini shakllantirish, mulyaj va maketlar tayyorlash, tasviriy sanʼat asarlarini joylashtirish, shuningdek, 2-toifa loyihalarga oid texnik topshiriqlar ijrosi koʻrib chiqildi.

 

    Ishchi guruhlar ishtirokida oʻtkazilgan muhokamada berilgan maʼlumotlarga koʻra, ekspozitsiya konsepsiyasi har bir xonlikka xos moddiy va maʼnaviy meros obʼektlarini qamrab olgan holda ishlanmoqda. 


    Shayboniylardan Qoʻqongacha


    Ekspozitsiyaning oʻng qismi Shayboniylar davriga bagʻishlanib, unda islom ilmlari, taʼlim va adabiyotga oid qoʻlyozmalar namoyon etiladi. Abdullaxon portreti va maketlar bilan boyitilgan vitrinalar ekspozitsiyani toʻldirib turadi.


    Ashtarxoniylardan soʻng Buxoro xonligi sektorida Ahmad Donish faoliyati, Mir Arab madrasasi, Shashmaqom sanʼati va Komil Xorazmiyga oid asarlar, shuningdek, Zarafshon daryosi xaritasi va immersiv shoular joylashtiriladi. 


    Muhokama jarayonida ekspozitsiyaning Komil Xorazmiyga bagʻishlangan qismini Xiva xonligi qismiga koʻchirish taklifi bildirildi. Xiva xonligi sektorida Ichanqalʼa va Juma masjidi maketi, mahalliy va xorijiy fondlardan olingan liboslar va musiqa asboblari bilan boyitilgan ekspozitsiya koʻzda tutilgan. 


    Qoʻqon xonligi boʻlimida esa qogʻoz ishlab chiqarishga oid arxiv fotosuratlar, adabiy muhitga bagʻishlangan videokontent va amaliy sanʼat asarlari namoyish etiladi.




    Ekspozitsiyaning markaziy va yakuniy qismida esa...


    Ekspozitsiyaning markaziy qismida Registondagi Tillakori madrasasi peshtoqining grafik tasviri joylashtirilib, mazkur qism “Ikkinchi Renessans” mavzusini yoritishda xizmat qiladi. 


    Yakuniy qismida esa “Vaqt devori” konsepsiyasi asosida rassomlar ijodiy ishlari, hukmdorlarga bagʻishlangan infokiosklar va maxsus vitrinalar joylashtiriladi. Ushbu kontentni yaratishda Rossiyaning “Planet9” kompaniyasi masʼul etib belgilangan.


    Yigʻilishda, shuningdek, “Mohlaroyim”, “Qoʻqon qogʻozi”, “Shayboniylar davri meʼmorchiligi”, “Xorazm xonligidagi irrigatsiya tizimi” kabi medialoyihalar qoʻllab-quvvatlandi hamda ularni Ilmiy kengashda koʻrib chiqish tavsiya qilindi. 

 

    Yoshlar “tili”dagi medialoyiha


    Yangi texnologik formatda amalga oshirilishi rejalashtirilgan Gulxaniyning 400 dan ziyod xalq maqollarini oʻz ichiga olgan mashhur “Zarbulmasal” asari asosida tayyorlanayotgan yoshlar “tili”dagi interaktiv medialoyiha alohida oʻrin tutadi. 

 

— Mazkur loyiha orqali har bir maqolni asar qahramonlari tilidan eshitish imkoni yaratiladi. Animatorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan bu loyiha bolalar uchun maʼnaviy tarbiya, maqollarning mazmun-mohiyatini anglashda muhim ahamiyat kasb etadi,  — dedi Alisher Navoiy nomidagi oʻzbek tili va adabiyoti universiteti katta oʻqituvchisi Husan Maqsudov.

 

    Husan Maqsudovning qoʻshimcha qilishicha, Qoʻqon xonligi sektorida Turdi Farogʻiy ijodiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Uning 18 ta sheʼridan iborat adabiy merosi qayta tahlil qilinib, Buxoro amirligi davridagi ijtimoiy-siyosiy muhitni ifodalovchi manba sifatida namoyon etiladi. Adabiy tahlillar Alisher Navoiy nomidagi oʻzbek tili va adabiyoti universiteti mutaxassislari ishtirokida tayyorlanmoqda.

 

    Yigʻilish yakunida loyihalar boʻyicha masʼul mutaxassislar, ularning vazifalari, sektorlar va mavzular aks etgan umumiy jadval ishtirokchilarga taqdim etildi. Barcha loyihalar boʻyicha olingan takliflar asosida dizaynerlar va Fransiyaning “Avesto group” kompaniyasi hamkorligida yakuniy qarorlar qabul qilinishi belgilandi.