Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida Alisher Navoiy asarlarining XV-XVII asrlarga oid qoʻlyozma nusxalari joylanishi kutilmoqda. Jumladan, “Xamsa” dostonining XV asrda Abdulmajid Toqoniy hamda xattot Sulton Ali Mashxadiy tomonidan Sulton Husayn Mirzo uchun koʻchirilgan nusxalari oʻrin olishi koʻzda tutilgan. Sharq va Gʻarb olimlari tomonidan Navoiy merosining gultoji hisoblangan “Xamsa” asari insoniyatning tafakkur va tazzakkurini sayqallaydigan bebaho xazina sifatida eʼtirof etiladi. Bugun esa, Markaz ekspozitsiyasidan “Xamsa” asarining eng nodir va asl nusxalari oʻrin egallayotgani, ahli maʼrifat uchun ruhlarni imtiyozlatuvchi xushxabar boʻldi. Zero, komil inson falsafasining eng goʻzal talqinlari: Ishqi ilohiyot, qanoat, saxovat, himmat, nafsi tanqid, tavba tazarru, zikru samo kabi qalbning eng ichkari holatlari hamma zamonlar va davrlar uchun subhi sodiq kabi hayotiydir. Keling, bugun siz bilan Hazratning taʼbiricha, Kaʼbadanda ulugʻ uy haqida bir oz tadabbur yuritaylik. “Hayratul-abror” dostonining 17-bobi Koʻngil taʼrifida boʻlib:
“Kaʼbaki, olamning oʻlub qiblasi
Qadri yoʻq, andoqki, Koʻngul kaʼbasi,
Kim bu Xaloyiqqa erur sajdagoh,
Ul biri Xoliqqa erur jilvagoh.
Ushbu misralar orqali Navoiy butun dunyo qiblasi boʻlgan Kaʼbatullohi muazzamning qadri koʻngilchalik emasligi, chunki u Kaʼba odamlarning oddiy sajda va ibodat qiladigan joyi, Koʻngil esa Yaratganning jilvasi zohir boʻladigan Haqning qarorgohi ekanligini aytadi. Koʻngil taʼrifida davom etib:
Solik ani arshi muallo dedi,
Soʻfi ani olami kubro dedi.
Ayni nazohatda bu aʼzam jahon
Barcha jahon ahli koʻzidin nihon.
Soliklar (hidoyat yoʻliga boshlovchilar) koʻngilni “eng baland osmon”, soʻfiylar esa “eng katta olam” deb atashganini, lekin moddiy dunyoda bu katta jahon, maydoni arshi aʼlodan ham keng olam (koʻngul) odamlar koʻzidan yashirin (pinhon)ligi, uni qalb koʻzi ochiqlargina koʻra olishiga va bu barchaga ham nasib etmaydigan nasiba ekanligiga ishora qiladi. “Uning fikricha, Xudoning inson vujudini yaratishdan maqsad-muddaosi inson vujudining eng sharif aʼzosi-koʻngilni yaratishdir”, deydi navoiyshunos olima Dilnavoz Yusupova.
Shuningdek, Xazrat Navoiy “Mahbub ul-qulub”ning 125-tanbehida ham koʻngul uyi haqida soʻz yuritib, 5 tur uyni 5 hil narsadan asramoq haqida gapiradi: Tuproq va balchiqdan tiklangan uyni suvdan, yogʻoch va qamishdan tiklangan uyni oʻtdan, boʻzdan tiklangan uyni shamoldan, koʻz uyini tuproqdan, koʻngul uyini esa Haqdan boshqa narsalardan asramoq kerakligini aytadi.
Nechukkim, toʻrt uyga toʻrt ziddi nuqsoni shoedur,
Beshinchi uy dagʻi agʻyordin ul navʼ zoyeʼdur.
Toʻrt uyning ziddida toʻrt narsa bor boʻlganidek, beshinchi uyni ham dushmandan asramasang, barcha ishlaring bekordir, deydi. Beshinchi uyning ziddini dunyoga boʻlgan muhabbat bilan bogʻlaydi. Koʻngul uyini dunyo matohi bilan mashgʻul qilish insonni Haq yoʻlidan chalgʻitishi va u juda koʻp ziyon keltirishi quyoshdek ravshanligini aytadi.
Hazrat “Mahbub ul-qulub”ning 59-tanbehida koʻngul xazinasining kaliti haqida fikr yuritadi. Uning talqinicha, koʻngul xazinasining qulfi til va u xazinaning kalitini til deb bilish kerakligi anglashiladi.
Koʻngul holati soʻz degach bilgirur
Ki, mahzanda dur yo sadafrezadur,-
deb yozganida koʻngilning asl holati, uning xazinasida dur yoki sadaf sinigʻi borligi inson soʻzlaganda yuzaga chiqishi mumkinligini nazarda tutadi.
Alloh inson qalbini ilm xazinasi bilan toʻldirib, soʻng botinni zohirga tarjima qiladigan til bilan quvvatlantirib, uni jamiki maxluqotidan afzal qilgan ekan, nega bu ulugʻ neʼmatni xayr va mukofotimiz yoʻlida ishlatmayapmiz?! Axir, dunyodagi eng muborak uy-Kaʼbatullohdan ham muqaddas Koʻngillarni sezib-sezmay nega choʻktirmoqdamiz?! Har kuni uygʻonib, turmush tadorigi bilan safarga otlanamiz. Yoʻlimizda uchragan tilanchimi, birovning bebosh bolasimi, harakatlari bilan bizga uygʻun kelmayotgan kimsa boʻlsin, darrov tilimiz bilan sozlab qoʻyamiz barini. Hatto, qulayligimiz buzilmasin uchun Muborak Onamizning muqaddas Koʻngliga-da, til tekkizib qoʻyishdan ham malollanmaymiz, baʼzan. Hazratning “Nasoyim ul-muhabbat”ida meni ancha yillardan beri taʼsirlantirib kelgan bir hikoyani sizga ham ilingim keldi. Shayx Abu Abdulloh onasi bilan hajga boradi.Ramazon oyining soʻnggi oʻn kunligida shayxning koʻnglida Laylat ul-qadr ibodatiga musharraf boʻlish ishtiyoqi tushadi. Tomga chiqib, har kecha namoz oʻqiydi. Onasi Ummu Muhammad esa uyning ichida Haq taologa tavajjuh (iltijo) qilib oʻtirarkan. Nogoh Laylat ul-qadr nurlari unga zohir boʻla boshlabdi. Ovozini chiqarib:
-Ey Muhammad, farzandi anjumandim, kelki sen tilayotgan narsa bu yerdadir.
Shayx tomdan tushadi va ilohiy nurga choʻmgan Onasining oyogʻlari ostiga yiqiladi....Balki shuning uchun ham Jannat Onalar oyogʻi ostidadir, deyilar!
Onalarimizning oyogʻi ostida Jannat tursa, Onalarimizning Koʻngli Kaʼbalarini tavof qilish qanchalar ulugʻ saodat boʻlsa ekan?! Buning magʻzini chaqmoqni Tafakkuri azmingizga havola qilsam, mendan rozi boʻlgaysiz! Hazratning yana bir oltin bayti bilan fikrimga yakun yasasam, nur ustiga nur boʻlar:
Kimki bir koʻngli buzugʻning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Kaʼba vayron boʻlsa obod aylagay,-
deya naqadar Haq gaplarni aytib ketgan buyuk mutafakkir!
Laylo Orziyeva
P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
