Oʻzbekiston uchun katta tarixiy voqea
Olimlar Buyuk Britaniyadagi nufuzli auksion savdo uylari, kolleksionerlardan madaniy merosimizga oid nodir ashyolar, bebaho durdonalar davlatimiz rahbari tashabbusi va hukumatning amaliy koʻmagi bilan yurtimizga qaytarilayotganini Oʻzbekiston uchun tarixiy voqea deya baholashmoqda.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Kengaytirilgan Ilmiy kengashning navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda kengash aʼzolari, ishchi guruh rahbarlari, jumladan, OʻzFA vitse-prezidenti, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti direktori, professor Bahrom Abduhalimov, akademik Akbar Hakimov, tarix fanlari doktori, professor Jannat Ismoilova, Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasi direktori, akademik, sanʼatshunos olima Kamola Akilova hamda markaz rahbariyati va xodimlar ishtirok etdi.
Yigʻilish avvalida Markaz rahbari Firdavs Abduxoliqov Davlatimiz rahbari gʻoyasi asosida bunyod etilayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan bir qator xorijiy mamlakatlardagi ilmiy-maʼrifiy maskanlar, tadqiqotchilar va olimlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar haqida maʼlumot berdi. Ayni paytda ushbu markaz kontentini boyitish, ekspozitsiyalarni Oʻzbekiston tarixi va madaniyatiga oid eng nodir eksponatlar bilan toʻldirish boʻyicha xorijiy davlatlarga xizmat safarlari uyushtirilayotganiga toʻxtaldi.
Madaniy merosimizga oid noyob va qadimiy ashyolar, bebaho artefaktlarni izlash, ularni qaytarish maqsadida bir qator olim va tadqiqotchilardan iborat hayʼat vakillarining Buyuk Britaniyadagi qator muzeylar, kutubxonalar, tadqiqot markazlarida xizmat safarida boʻlib qaytgani ham mamlakatimizda Davlat rahbarining bu borada yaratib berayotgan ana shu imkoniyatlar amaliy isbotidir.
Yigʻilishda qayd etilishicha, Britaniya muzeyi, Britaniya kutubxonasi, Viktoriya va Albert muzeyi, Bodlean kutubxonasi singari muassasalarda jahon tamaddunining nodir durdonalari, jumladan, Oʻzbekiston madaniy merosining betakror namunalari saqlanadi.
Mamlakat poytaxti London shahri oʻzining yirik auksion markazlari bilan ham mashhur. Ushbu savdo uylarida har yili Sharq xalqlari madaniy merosiga oid koʻplab osori-atiqalar ham savdoga chiqariladi. Shu bois, ushbu yirik savdo tashkilotlari bilan yaqin hamkorlik maʼlum maʼnoda mamlakatimizga oid tarixiy ashyolar, qoʻlyozmalar va eksponatlarni Oʻzbekistonga qaytarishda katta oʻrin tutadi.
Ana shu asoslarga koʻra, joriy yilning 7-8 iyul kunlari Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Oʻzbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi hamkorligida “Sotbis” va “Kristis” auksion markazlarida Londonda mazkur artefaktlarning koʻrgazmalari tashkil qilindi. Islom sivilizatsiyasi markazi direktori ushbu koʻrgazma jarayonlari haqida kengash yigʻilishida maʼlumot berarkan, Davlatimiz rahbari Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini bunyod etish tashabbusini ilgari surish barobarida uning amalga oshirilishiga ham shaxsan boshchilik qilayotganliklarini taʼkidladi. Qayd etilishicha, ushbu keng qamrovli loyiha tarixiy va maʼnaviy durdonalarni Vatanga qaytarish boʻyicha davlatimiz rahbarining tegishli topshirigʻi asosida amalga oshirilmoqda.
“Bu faqat qadimiy artefaktlarning qaytishi emas, balki tarixiy xotiraning, milliy oʻzlikning va Oʻzbekistonning islom merosini asrashdagi yuksak tashabbus”, – deydi Markaz direktori.
Ilk bor xalqaro jamoatchilik eʼtiboriga havola etilgan eksponatlar koʻrgazmalarida dunyoning yetakchi sharqshunos olimlari va ekspertlari, mashhur muzey va kutubxonalarning masʼul mutaxassislari, taniqli kolleksionerlar ishtirok etgani alohida taʼkidlandi.
Koʻrgazmada taqdim etilgan eksponatlar
Yigʻilishda Oʻz FA akademigi, sanʼatshunoslik fanlari doktori Akbar Hakimov soʻzga chiqib, markaz ekspozitsiyasi uchun mazkur auksion uylaridan tanlangan eksponatlar taqdimotini oʻtkazdi.
– Buyuk Britaniyaga navbatdagi safarimiz asnosida tariximizga tegishli koʻplab durdona asarlar keng jamoatchilikka namoyish etildi. Kelgan barcha mehmonlar bu tashabbusga katta qiziqish bildirib, olqishlashdi. Safarimiz davomida art-dillerlarning shaxsiy kolleksiyalari bilan ham tanishib, Oʻzbekistonga aloqador bir qancha artefaktlarni aniqladik. Hatto islomdan avvalgi davrga mansub kashtalar ham bor, – dedi akademik Akbar Hakimov taqdimot avvalida.
Agar shunday noyob eksponatlar qaytsa...
Oʻz FA vitse-prezidenti, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti direktori, professor Bahrom Abduhalimovning qayd etishicha, agar shunday noyob eksponatlar qaytsa, Oʻzbekiston muzeyi boyligi va noyobligi jihatidan MDH davlatlari orasida ikkinchi oʻrinni egallaydi.
– Bu eksponatlarning yurtimizga qaytarilishi nafaqat Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasi, balki Oʻzbekiston uchun katta tarixiy voqea. Agar shunday noyob eksponatlar qaytsa, Oʻzbekiston muzeyining boyligi va noyobligi jihatidan MDH davlatlari orasida ikkinchi oʻrinni egallaydi. Quvonarlisi shundaki, Londonga xizmat safarimiz davomida Ibn Sinoning “Kitob-ush-shifo” asarining eng qadimiy qoʻlyozmasi aniqlandi. Asar 600 varoqdan iborat boʻlib, uning juda yaxshi holatda saqlangan. Bu esa asarning Temuriylar yoki Boburiylar saroyida saqlangani haqidagi taxminga asos boʻladi.
Biz shu bugungacha chet elda saqlanayotgan merosimiz qaytmaydi deb oʻylar edik. Hukumat tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan bu kabi saʼy-harakatlar bu fikrimiz notoʻgʻri ekanligini yana bir bor isbotladi, - dedi professor Bahrom Abduhalimov.
Kengash bir ovozdan harakatni qoʻllab-quvvatlashdi
Buyuk Britaniyaga amalga oshirilgan xizmat safarlari davomida maxsus hayʼat vakilllarining taklif-mulohazalari bilan ayni paytgacha nufuzli “Sotbis”, “Kristis” savdo uylaridan 46 ta lot sotib olindi. Yigʻilishda qayd etilishicha, maxsus komissiya aʼzolarining Buyuk Britaniyaga navbatdagi xizmat safari davomida esa ushbu mamlakatdagi bir qator xususiy kolleksiyalardan 120 dan ortiq tarixiy eksponatlar roʻyxati tuzilgan. Ular orasida eramizdan avvalgi V asrdan XIX asrlar mobaynida yaratilgan madaniy yodgorliklar mavjud. Ushbu osori-atiqalarni yurtimizga qaytarish masalasi Kengaytirilgan ilmiy kengash muhokamasiga qoʻyildi. Kengash aʼzolari bir ovozdan ushbu tarixiy asarlarni qaytarishga rozilik bildirishdi va qoʻllab-quvvatlashdi.
Xorijlik hamkorlar ishtiroki
Kengaytirilgan ilmiy kengash yigʻilishida xorijiy hamkorlarga ham soʻz berildi. Xususan, uzoq yillardan beri Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ekspozitsiyasini shakllantirishga oʻz hissasini qoʻshib kelayotgan Fransiyaning “Avesto Grupp” kompaniyasi vakili Aleksandra Belousova soʻnggi paytlarda amalga oshirilayotgan jarayonlar haqida axborot berdi. Ayni paytda kompaniya vakillari markaz ekspozitsiyalarda vitrinalar va tachpanellar, tarixiy artefaktlar boshqa ekspozitson vositalarni joylashtirish boʻyicha muayyan ishlar bajarishmoqda. Qurʼon zali, Islomdan avvalgi davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans, Yangi Oʻzbekiston – Yangi Renessans poydevori zallari tobora takomillashib bormoqda.
Yana bir muhim vazifa
Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktor oʻrinbosari Usmon Sharifxoʻjayev tomonidan Markaz muzeyiga imkoniyati cheklangan tashrif buyuruvchilar uchun inklyuziv imkoniyatlarni joriy etish boʻyicha kichik ishchi guruh tomonidan amalga oshirilgan ishlar va rejalashtirilayotgan vazifalar taqdimoti ham boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyuradigan imkoniyati cheklanganlarning ham holati inobatga olinib, har bitta ekspozitsiya ular uchun ham tushunarli boʻlishi ustida ishlar olib borilmoqda. Xususan, Fransiyaning “Avesto grupp” kompaniyasi tomonidan taqdim etilayotgan medialoyihalar va dizayn masalasida shu jihatlarga ham alohida ahamiyat berilishi, kontentlar ostida surdo tarjimalari ham albatta boʻlishi kerakligi taʼkidlandi. Shuningdek, markaz boʻylab harakatlanish ham alohida yoʻnalishni koʻrsatuvchi koʻrsatmalar orqali tushuntirilishini taʼminlash masalasiga ham eʼtibor qaratildi.
Global koʻrgazmani tashkil etish jarayonlari
Global koʻrgazma va xorijiy davlatlardan Oʻzbekistonga keltiriladigan artefakt¬lar roʻyxatini tasdiqlash ham yigʻilish kun tartibidan oʻrin oldi. Mazkur tadbirda qatnashishga rozilik bildirgan xorijning qator nufuzli muzey va kolleksiyalarida saqlanayotgan Oʻzbekiston tarixiga oid eksponatlar Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasi direktori, akademik, sanʼatshunos olima Kamola Akilova tomonidan taqdim etildi.
– Xorij muzeylari eksponatlarini jalb qilish uchun Tashqi ishlar vazirligi koʻmagida hamkorlarimiz bilan aloqa oʻrnatganmiz. Ularning koʻpchiligi taklifimizni iliq qabul qildi. Lekin masalaning boshqa tomonlari ham bor. Eksponatlarni tashish, ularni muayyan sharoitda saqlash, olib kelishni hatto yorugʻlik va namlikni ham hisobga olgan holda tashkillashtirishimiz zarur. Har bir eksponat davlat kafolatidan oʻtishi, sharoitlarga qoʻyilgan talab, sugʻurta kompaniyasini aniqlash, transport va qabul qilish, saqlash kabi majburiyatlarimizni yana bir tahlil qilib tez fursatda shu savollarga javob topishimiz kerak, – dedi Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasi direktori.
10 ta yangi kitob-albom
Yigʻilishda qayd etilishicha, Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi va Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati bilan hamkorlikda joriy yilda oʻtkazilishi kutilayotgan xalqaro kongress, shuningdek, markazning ochilish marosimida "Oʻzbekiston madaniy merosi dunyo toʻplamlarida" turkumidan 10 ta yangi kitob-albom, yana yettita sovgʻabop nashr chop etilishi koʻzda tutilgan. Bu galgi oʻnta yangi jild Markaz ekspozitsiyasining turli boʻlimlaridan oʻrin oladigan eksponatlarga bagʻishlanadi.
Muzey ekspozitsiyasining muhim elementlaridan biri namoyish etildi
Kengaytirilgan Ilmiy kengash yigʻilishi kun tartibidagi yana bir muhim taqdimot bu markaz muzeyi ekspozitsiyasi uchun tayyorlanayotgan muhim elementlardan biri — Amir Temur va Bibixonim haykallari va liboslarining namunalari boʻldi. Ushbu namunalar taniqli haykaltaroshlar tomonidan tarixiy manbalar va ilmiy xulosalarga tayangan holda yaratilgan.
Kengash aʼzolari haykallar namunalariga oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi. Xususan, Amir Temur obrazi birmuncha qahrli koʻrinishda tasvirlangani qayd etildi va asarni qayta ishlash yuzasidan takliflar ilgari surildi. Olimlar tomonidan Amir Temur tarixda nafaqat buyuk hukmdor, balki maʼrifatparvar shaxs sifatida nom qoldirgani taʼkidlandi.
Shuningdek, yigʻilishda sanʼatshunoslik fanlari doktori, professor Xolida Kamilova tomonidan namoyish etilgan Amir Temur va Bibixonim liboslari eskizlarida tarixiy aniqlik va badiiy mahorat uygʻunlashgani eʼtirof etilib, kengash aʼzolari tomonidan yuksak baholandi. Mutaharrik obrazlar oʻz davriga xos tashqi koʻrinish va maʼnaviy-maʼrifiy muhit bilan uygʻun holda tasvirlangan.
Amir Temur libosi shijoat, maʼrifat, hukmronlik va harbiy qudrat timsoli sifatida yaratilgan boʻlib, zardoʻzlik anʼanalari, davlat ramzlari va hashamatli uslublar orqali buyuk sarkardaning timsoli mujassam etilgan. Bibixonim libosida esa ayol zotining nafosati, ijtimoiy maqomi va ichki dunyosi nozik estetik tushunchalar ifodasini topgan.
Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan taqdim etilgan ushbu obrazlar Ilmiy kengash aʼzolari tomonidan maʼqullandi va ekspozitsiya uchun muhim yutuq sifatida qayd etildi.
Allomalarning sunʼiy intellektda yaratilayotgan qiyofalari
Tadbir doirasida Abu Rayhon Beruniy va Xudoybergan Devonov haqida maxsus tayyorlangan videoroliklar namoyish etildi. Ushbu roliklar Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyasi uchun moʻljallangan boʻlib, sunʼiy intellekt yordamida allomalarning tashqi qiyofasi, faoliyati va yashagan davri realistik va taʼsirli tarzda tasvirlangan. Vizual yechimlar, sahnaviy qurilish va ovoz orqali tomoshabinni tarixiy muhitga boshlaydi.
Yigʻilish qatnashchilarining fikricha, bunday materiallar ekspozitsiyaning taʼsirchanligini oshiradi, yosh avlodda ilmiy merosimizga qiziqish uygʻotadi.
Muhokamalarda sunʼiy intellektda yaratilgani uchun xato kamchiliklari ham koʻzga tashlangani qayd etilib, ularni tuzatish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.
Shuningdek, allomalar va sunʼiy intellekt platformasi haqida axborot ham berildi. Markaz boʻlim boshligʻi Sohibxon Zokirov allomalar platformasi haqida gapirar ekan, bu platformaning maqsadi — Oʻzbekistonning buyuk allomalarining ilmiy merosini raqamlashtirish, uni sunʼiy intellekt yordamida qayta tahlil qilish va keng jamoatchilikka yetkazish ekanini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, “Allomalar va sunʼiy intellekt” platformasi faqatgina maʼlumotlar jamlanmasi emas, balki interaktiv oʻquv va tadqiqot muhiti sifatida yaratilmoqda.
Platformada Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Abu Nasr Forobiy, Muhammad Xorazmiy, Mirzo Ulugʻbek kabi yuksak yetuk allomalarimizning ilmiy merosi zamonaviy tarjima, ilmiy izoh va tahlillar asosida jamlangan. Eʼtiborli jihati shundaki, platformaning yangi avlod texnologiyalari bilan uygʻunlashgan formati — yaʼni allomalarning sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan interaktiv qiyofalari maxsus planshetlarda namoyon boʻlib, foydalanuvchi ular bilan muloqot qilish imkoniga ega boʻladi.
Mazkur texnologiya tufayli har qanday yoshdagi foydalanuvchi — oʻquvchi, talabadan tortib, tadqiqotchi va keng jamoatchilik vakillarigacha — allomalarga qiziqtirgan savollarini berishi, ularning falsafiy, ilmiy va maʼnaviy qarashlari yuzasidan javob olishi mumkin. Bu esa, nafaqat milliy merosimizni yangi texnologik ifodada qayta kashf etish, balki yosh avlodda ilmga muhabbat va tarixiy zehniyatga hurmatni shakllantirishda muhim qadam boʻlib xizmat qiladi.
“Munavvar qori Abdurashidxonov” medialoyihasi
Shuningdek, Kengash yigʻilishi yakunida tarix fanlari doktori, professor Dilnoza Jamolova tomonidan “Munavvar qori Abdurashidxonov”ga bagʻishlangan medialoyiha loyihaviy konsepsiyasi kengash aʼzolari diqqatiga havola etildi. Ushbu loyiha doirasida maʼrifatparvar allomaning hayot yoʻli, maʼnaviy merosi, ijtimoiy-siyosiy faoliyati va zamonaviy taqdimot shakllari orqali keng jamoatchilikka yetkazish rejalashtirilgani qayd etildi.
Taqdimot soʻngida medialoyiha ilmiy kengash aʼzolari tomonidan maʼqullandi va rasman tasdiqlandi. Ushbu loyiha amalga oshirilishi, Munavvar qori Abdurashidxonov singari ulugʻ zotlarimizning maʼrifatparvarlik gʻoyalarini yangi avlod ongiga yetkazishda muhim qadam boʻlishi taʼkidlandi.
Kengash yigʻilishi kun tartibida koʻrib chiqilgan ana shu kabi 10 ga yaqin muhim masalalar boʻyicha alohida vazifa va topshiriqlar belgilab olindi.
Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
