Oʻzbekistonda 52 metrli “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yaratilmoqda

 



   Bugun Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” boʻylab joylashtiriladigan miniatyuralarning tayyorlanish jarayoni bilan tanishish uchun olimlar, mutaxassislar ishtirokida ommaviy axborot vositalari vakillariga press tur tashkil etildi. 


    Ikkinchi Renessans davri miniatyuralarini oʻz ichiga olgan  “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” uzunligi qariyb 52 metr, boʻyi bir metrli ganchkor bezak bilan hisoblaganda 5 metrni tashkil etadi.


    Devor boʻylab jami 10 dan ortiq miniatyura oʻrin oladi. Devoriy suratning hajmini hisobga olgan holda miniatyuralarni 50 ga yaqin rassomlar ikki oydan buyon tinim bilmay mehnat qilmoqda.


    Sanʼatshunoslik fanlari boʻyicha falsafa doktori, rassom Behzod Hojimetovning maʼlum qilishicha, devor uchun Hirot Buxoro, Samarqand va qisman hind miniatyura maktablari asosida ishlangan miniatyuralar saralab olingan. 

 


    “50 ga yaqin miniatyuralar orasida Sheroz, Isfahon, Tabriz miniatyura maktablari uslubida ishlanganlari ham bor edi, ammo oʻzimizning allomalar, tarixiy voqeliklar aks etgan rasmlar tanlab olindi. Bundan tashqari ov, jang kabi manzaralardan voz kechildi. Sababi devoriy suratlar konsepsiyasi birinchi oʻrinda sivilizatsiyalar, shaxslar hamda kashfiyotlar mavzularini oʻz ichiga oladi. Miniatyuralar ham shu mavzulardan chetlab oʻtilmagan holda saralangan. 10 dan ortiq miniatyura chizish ishlarining 80 foizini bajarib boʻldik. Muzey devorining balandligi 8 metrni tashkil qilib, uning 3 metrdan yuqori qismiga aynan ushbu miniatyuralar devori joylashtirishi koʻzda tutilgan. Miniatyuralar hajmini inobatga oladigan boʻlsak, uni Ginness rekordlar kitobiga ham kiritishimiz mumkin. Kompozitsiyalarimiz yuqori sifatli matoga, sifatli boʻyoqlar bilan chizildi hamda Italiyadan keltirilgan tilla suvi bilan ishlov berildi. Endilikda ustaxonada ishlangan barcha ishlarni Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining qurilishi yakuniga yetgan binosiga olib borib, maxsus yelimlar bilan devorga joylashtirish ishlari qolgan. Miniatyuralarni tanlashda ekspozitsiyada joylashtirilgan faksimellar, eksponatlar va qoʻlyozmalarni takrorlamaslikka eʼtibor qaratildi. Shuningdek, bosh gʻoya sifatida kashfiyotlar va sivilizatsiyalar mavzusiga eʼtibor berildi.
 
   Miniatyuralarning ayrimlari bizgacha toʻliq yetib kelmagan, ularni devor hajmiga moslashtirib, oʻz uslubidan chiqmagan holda kompozitsiyani toʻliq tikladik. Shuningdek, har bir miniatyuralar orasiga oʻsha davrda ishlatilgan naqshlar bilan hoshiyalar chizildi. Ushbu naqshlarni ikki xil – Buxoro hamda Hirot maktabi uslubida chizdik. Naqshlardan aynan bittasi ilmiy kengash aʼzolari tomonidan tanlanib, barcha miniatyuralar orasiga joylashtiriladi” – dedi rassom Behzod Hojimetov. 




 

    
    Qayd etilishicha, devordagi miniatyuralardan Amir Temurning Movarounnahr hukmdori deb eʼlon qilinishi va uning ilm-fan, madaniyat va meʼmorchilik rivojiga qoʻshgan hissasiga alohida eʼtibor qaratiladi. Bu tarixiy jarayonni ifodalashda Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarining Londonda, Britaniya kutubxonasida saqlanayotgan nusxasidagi miniatyuralardan foydalanilgan. Devor markazida Amir Temurning toj kiyish marosimi aks etgan “Balx qurultoyi” miniatyurasi joylashtirgan. Asosiy eʼtibor Amir Temurning maʼrifatparvar hukmdor sifatidagi siymosini koʻrsatib berishga qaratiladi. Jumladan, ushbu yirik tasviriy sanʼat asarida Amir Temur davrida qurilgan imoratlar tasvirlanadi. Shu bilan birga Samarqandda Behzod tomonidan aks ettirilgan Bibixonim masjidining qurilish jarayoni ham alohida koʻrsatiladi. Mirzo Ulugʻbek va uning jahon ilm-faniga qoʻshgan hissasiga ham alohida eʼtibor qaratiladi. Ulugʻbekning hayotligida chizilgan ikkita miniatyura – ulardan biri Nizomiy “Xamsa”sidan olingan miniatyura, ikkinchisi As-Sufiyning “Kitabi sivaril-kavakib as-sabita” kitobidagi Sefey yulduz turkumi suratidir. Mirzo Ulugʻbekning asl qiyofasini tiklashda bu suratlar katta oʻrin tutadi. Shu bois rangtasvir asarida ushbu miniatyuralarni ham aks ettirish nazarda tutiladi. 


    Xurosondagi Temuriylar davri Renessansida Husayn Boyqaro va Alisher Navoiyning hissasi alohida koʻrsatiladi. Bunda qadimiy miniatyuralar orqali Hirot manzaralari, Navoiy, Husayn Boyqaro, ularning davrasida turgan Abdurahmon Jomiy, Kamoliddin Behzod, Xondamir singari Hirot madaniy muhiti namoyandalari koʻrsatib beriladi. Shuningdek, Husayn Boyqaroning ilm va madaniyat homiysi sifatidagi rolini ham koʻrsatib berish maqsad qilingan. Bunda ham turli qoʻlyozmalarda aks etgan ana shunday miniatyuralardan foydalaniladi. 


    Mazkur ekspozitsiyada Bobur va Boburiylar merosiga ham alohida eʼtibor qaratiladi. Boburga bagʻishlangan qismda uning tarixiy qoʻlyozmalardagi miniatyuralaridan keng foydalaniladi. Ayniqsa, Amir Temurning Bobur va va uning avlodlari qurshovida yaratilgan miniatyurasi alohida oʻrin tutadi. 

 

    Shuningdek, Markaziy Osiyoda Temuriylardan soʻng davlatni uzoq vaqt idora qilgan Shayboniylar va Ashtarxoniylar davridagi ilm-fan, taʼlim va madaniy hayot oʻsha davrda chizilgan tarixiy suratlarda oʻz aksini topadi.


    Oʻtkazilgan taqdimotda bir qator tarixchi va sanʼatshunos olimlar, ishchi guruh aʼzolari hamda rassomlar ishtirok etib, “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yuzasidan oʻz fikr va mulohazalarini bildirib oʻtdi. Ayrim koʻzga tashlangan kamchiliklarni tuzatish boʻyicha takliflar berildi.  


   Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi Rustam Jabborov ham miniatyuralar devorini shakllantirishda rassomlar bilan birgalikda fikr almashib, oʻzining tavsiyalarini bergan.

 

    “Markazning muzey ekspozitsiyasi ichki kontentini boyitish, markaz devorlarini oʻz davriga xos miniatyura hamda suratlar bilan bezatish yuzasidan qizgʻin jarayon davom etmoqda.  Markazning kengaytirilgan yigʻilishlari muhokamasida olimlar va mutaxassislar tomonidan aynan “Ikkinchi Renessans davri” boʻlimini miniatyuralardan iborat kompozitsiya bilan boyitish taklifi berilgan edi. Ikkinchi Renessans davri Amir Temur taxtga oʻtirgan paytdan boshlanishini inobatga oladigan boʻlsak, ushbu devorda aynan shu mavzuga mos miniatyura ham joylashtiriladi. 1450 yilga oid Sharafiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma» asaridagi miniatyura bugungi kunda Britaniya kutubxonasida saqlanadi. Endilikda biz ushbu miniatyurani Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida koʻrishimiz mumkin boʻladi. 35 yoshli navqiron Amir Temur beklar, sarkardalar, saroy amaldorlari hamda ustozlari qurshovida tasvirlangan surat qoʻsh sahifada chizilgan. Uni rassomlarimiz devor hajmiga moslashtirgan holda yaxlit kompozitsiya sifatida tiklagan. Ushbu miniatyuralarning har birining asosi mavjud. Oʻylashimcha, Markazga tashrif buyuradigan tomoshabin "Ikkinchi Renessans davri" zalida aynan oʻsha paytdagi muhitni his qiladi. Sababi ayni shu davrda miniatyura sanʼati taraqqiy etgan. Oʻsha davrning eng buyuk rassomlaridan Kamoliddin Behzod, Mahmud Muzahhib singari musavvirlar ijod qilishgan. Devor uchun tanlangan miniatyuralar ham aynan shu musavvirlar hamda ularning shogirdlari tomonidan ishlangan. Bu miniatyuralarda oʻsha paytdagi davlatchilik, xalq hayoti, ijtimoiy himoya, ayollar, yoshlar kabi masalalar aks ettirilgan”, – deydi Rustam Jabborov.



 

    Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi muzeyida Ikkinchi Renessans davri miniatyuralarini oʻz ichiga olgan  “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” tashrif buyuruvchilar koʻz oʻngida tarixni jonlantirsa, ajabmas.