XVI asrdagi ekologiya siyosati
Suv – hayot manbai. Ammo u faqat ichimlik yoki tabiiy boylik emas, balki tarixiy taraqqiyotlar, agrar siyosatlar va hatto siyosiy hokimiyatlar barqarorligida ham asosiy omil boʻlgan. Oʻrta Osiyo kabi iqlimi quruq, yillik yogʻingarchiligi kam, lekin daryo tarmoqlariga boy mintaqalarda irrigatsiya tizimi qadimdan taraqqiyot mezoni boʻlib kelgan. Ayniqsa, XVI asrda hukmronlik qilgan Shayboniylar sulolasi davrida sugʻorma dehqonchilik va suv resurslarini boshqarish boʻyicha olib borilgan siyosat oʻziga xos tarixiy bosqichni tashkil etadi.
Shayboniylar va irrigatsiya: muvozanatli siyosatning namunasi
Shayboniylar hukmronligi davrida (asosan XVI asr) barpo etilgan irrigatsiya tizimi – bu faqat suv inshootlari emas, balki markazlashgan davlat boshqaruvi, ilm-fan, muhandislik va ijtimoiy rejalashtirish uygʻunligining tarixiy mahsulidir. Bu tizim orqali daryolar nazoratga olinib, Amudaryo, Sirdaryo, Zarafshon va Murgʻob daryolari, ularning irmoqlari orqali sugʻorish tizimi shakllantirilib, daryo suvlari tabiiy va sunʼiy yoʻllar orqali dehqonchilik uchun jalb etilgan. Bu orqali agrar hayot asoslari mustahkamlangan, mehnat unumdorligi va mahalliy iqtisodiyot yuksalgan.
Tarixiy asarlarda irrigatsiya
«Mehmonnomai Buxoro» asarida Sirdaryo boʻyidagi sugʻorish tizimlariga alohida urgʻu beriladi. Daryo boʻyidan koʻplab anhorlar qazilib, ular orqali ekinzorlar sugʻorilgan. Bu maʼlumotlar shuni koʻrsatadiki, Shayboniylar davrida suv inshootlari nafaqat tabiiy ehtiyoj, balki markazlashtirilgan siyosiy eʼtiborning mahsuli sifatida qaralgan.
Zarafshon boʻyidagi yirik inshootlar
1502-yilda Shayboniyxon tomonidan Zarafshon daryosiga qurilgan suvayirgʻich (koʻprik) daryo suvini vodiy boʻylab adolatli taqsimlashga xizmat qilgan. Bu inshoot oddiy muhandislik emas, balki irrigatsiya boshqaruvida rejali yondashuv mavjud boʻlganining dalilidir.
Xuddi shunday, XVI asr 80-yillarida Abdullaxon II tomonidan Beklarsoy darasida barpo etilgan «Abdullaxon bandi» nomli toʻgʻon oʻz davrining eng murakkab va puxta loyihalaridan biri sanaladi. Toʻgʻon slanets toshlari va maxsus qir qorishmasi yordamida qurilib, 1,2 mln. kubometr suv toʻplash quvvatiga ega boʻlgan. 1,2 ming gektar yerni sugʻorishga xizmat qilgan bu tizim, hududiy iqtisodiyotning markaziy tarmogʻini tashkil etgan.
Hududiy irrigatsiya tarmoqlarining kengayishi
Shayboniylar davrida irrigatsiya faqat markaziy hududlar bilan cheklanmagan. Zarafshon daryosi boʻyida qurilgan Puli Karmana, Puli Mehtar, Puli Jondor kabi sugʻorish inshootlari va Tuyatortar kanali orqali Jizzax vohasiga suv yetkazib berish tizimi shakllantirilgan. Murgʻob daryosi havzasida ham Hovuzxon suv ombori va unga bogʻlangan kanallar orqali Marv atroflari sugʻorilgan.
Shuningdek, Joʻybor shayxlarining ijtimoiy-siyosiy taʼsiri ortib borar ekan, ularga tegishli yerlar atrofida irrigatsiya tizimi yanada kengaytirilgan. Vaxsh daryosidan kanallar chiqarilib, bu yerlarning daromad salohiyati oshirilgan. Bunday qurilishlarda asosan mahalliy aholi mehnatga majburan jalb etilgan boʻlsa-da, natijalar mamlakat iqtisodiyoti uchun sezilarli boʻlgan.
Abdullaxon II davrida Buxoro xonligi siyosiy, iqtisodiy va madaniy jihatdan yuksalish bosqichiga kirgan edi. Xususan, irrigatsiya tizimining rivojlanishi, yer-suv munosabatlarining takomillashuvi, shaharsozlik, hunarmandchilik va savdo-sotiq sohalaridagi oʻsish bu davr taraqqiyotining muhim koʻrsatkichlari sifatida eʼtirof etiladi. Abdullaxon agrar islohotlar orqali dehqonchilikni barqarorlashtirish, aholining farovonligini oshirishga katta eʼtibor qaratgan. Yerga egalik masalasini tartibga solish va sugʻorish inshootlarini rivojlantirish orqali mamlakat iqtisodiy asoslarini mustahkamlashga erishilgan.
Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ana shu ilmiy va madaniy merosni chuqur oʻrganish, uni xalqaro miqyosda targʻib etish yoʻlida faoliyat yuritishi koʻzda tutilgan. Markaz nafaqat diniy-maʼrifiy yondashuvlarni ilgari surmoqda, balki tarixiy irrigatsiya tizimlari, shaharsozlik madaniyati va iqtisodiy islohotlar kabi yoʻnalishlarni ham chuqur tahlil etishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Bu esa tarixiy xotirani tiklash va undan zamonaviy taraqqiyot uchun ilhom manbai sifatida foydalanish imkonini beradi.
Shunday qilib, Abdullaxon bandi singari yirik muhandislik inshootlari va ular bilan bogʻliq siyosiy-iqtisodiy islohotlar bugungi Oʻzbekiston taraqqiyot yoʻlida amaliy ahamiyat kasb etmoqda. Tarixiy tajriba, adolatli boshqaruv va ilmiy yondashuvlar asosida olib borilayotgan islohotlar mamlakatimizning barqaror va farovon kelajagiga xizmat qilmoqda.
Husan TURSUNOV
P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
