Mashrab adabiy merosi targʻib qilinadi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasi doirasida milliy mumtoz adabiyotimizning mashhur namoyandalaridan biri – Boborahim Mashrabning ijodiy faoliyatini keng yoritish maqsadida maxsus medialoyiha ishlab chiqiladi.
Mazkur loyiha Mashrab asarlarining badiiy-irfoniy mazmuni, tasavvufiy fikr tarzi, islomiy maʼrifat va insonparvarlik gʻoyalarini zamonaviy vizual va interaktiv vositalar orqali keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan.
Loyiha doirasida “Qissai Mashrab”, “Qissai Shoh mashrab”, “Devonai Mashrab” nomlari bilan xalqimiz orasida keng tarqalgan qoʻlyozmalar va turli bayozlardan saralab olingan sheʼrlari, birlamchi qoʻlyozmalardagi uning hayotga oid tarixiy maʼlumotlar, zamonaviy animatsiya, infografika, audiosheʼrlar, ijtimoiy tarmoqlar uchun tayyorlangan videokontentlar tayyorlanishi rejalashtirilmoqda.
Boborahim Mashrab ijodidagi islomiy maʼnaviyat, irfon, yuksak axloqiy gʻoyalar milliy oʻzlikni anglash hamda jamiyat maʼrifiy hayotining rivojiga xizmat qilishda oʻziga xos nufuz va keng taʼsir doirasiga egadir.
Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu medialoyiha milliy qadriyatlar, ajdodlar va avlodlar oʻrtasidagi tarixiy birlikni asrash, boy maʼnaviy merosimizni yangicha usullarda keng targʻib qilish borasida yana bir muhim qadam boʻladi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi