Londonda “Kitob-ush-shifo” ning eng qadimgi qoʻlyozmasi aniqlandi
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasining London shahridagi xizmat safari davomida art-dillerlarning xususiy kolleksiyalarida Islom ilm-fani tarixidagi eng muhim manbalardan biri — Ibn Sinoning “Kitob ush-Shifo” asarining eng qadimiy qoʻlyozma nusxasi borligi aniqlandi.
600 varoqdan iborat ushbu noyob qoʻlyozma juda yaxshi holatda saqlangan boʻlib, mutaxassislar uning Temuriylar yoki Boburiylar saroy kutubxonalarida saqlanganini taxmin qilmoqda. Qoʻlyozmaning saqlanish holati bu xulosani yanada mustahkamlaydi.
Joriy yilning 7-8 iyul kunlari Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Oʻzbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi hamkorligida Londondagi “Sotheby's” va “Christie's” auksion markazlarida mazkur artefaktlarning koʻrgazmasi tashkil qilindi.
Xorijdan eksponatlarni sotib olish boʻyicha maxsus komissiya tomonidan ayni paytgacha “Sotheby's”, “Christie's” savdo uyilaridan 46 ta lot sotib olindi. Kuni kecha maxsus komissiya aʼzolarining Buyuk Britaniyaga safari davomida ushbu mamlakatdagi bir qator xususiy kolleksiyalardan 120 dan ortiq tarixiy eksponatlar roʻyxatini tuzib qaytishdi. Ular orasida eramizdan avvalgi V asrdan XIX asrgacha boʻlgan davr mobaynida yaratilgan madaniy yodgorliklarga oid ekponatlar mavjud.
- Bu eksponatlarning yurtimizga qaytarilishi nafaqat Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasi, balki Oʻzbekiston uchun katta tarixiy voqea. Agar shunday noyob artefaktlar yurtimizga qaytsa, Oʻzbekiston muzeyi madaniy meroslarining boyligi va noyobligi jihatidan MDH davlatlari orasida ikkinchi oʻrinni egallaydi. Quvonarlisi shundaki, Londonga safarimiz davomida Ibn Sinoning “Kitob-ush-shifo” asarining eng qadimiy qoʻlyozmasi aniqlandi. Asar 600 varoqdan iborat boʻlib, juda yaxshi xolatda saqlangan. Bundan koʻrinib turibdiki, asar Temuriylar yoki Boburiylar saroyida saqlangan boʻlishi kerak. Biz shu bugungacha chet elda saqlanayotgan merosimiz qaytmaydi deb oʻylar edik. Hukumatimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan bu kabi saʼy-harakatlar bu fikrimiz notoʻgʻri ekanligini yana bir bor isbotladi, - dedi OʻzFA vitse-prezidenti, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti direktori, professor Bahrom Abduhalimov.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
