Byust, libos va tarix: har bir detalda — oʻtmish



 

    Amir Temurning shijoatu maʼrifati, Bibixonimning nafosati endi haykal va libos orqali yangidan namoyish etiladi. Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida taqdim etilgan ushbu tarixiy obrazlar nafaqat oʻtmishning buyuk shaxsiyatlarini, balki xalqimizning sanʼat, estetika va maʼnaviyatga boʻlgan chuqur munosabatini namoyon etadi.

 

    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Kengaytirilgan Ilmiy kengashi yigʻilishi doirasida markaz muzeyi ekspozitsiyasi uchun tayyorlanayotgan muhim elementlardan biri — Amir Temur va Bibixonim haykallarining namunalari taqdim etildi. Ushbu byustlar taniqli haykaltaroshlar tomonidan tarixiy manbalar va ilmiy xulosalarga tayangan holda yaratilgan.


    Kengash aʼzolari tomonidan byustlar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirilib, xususan, Amir Temur obrazi birmuncha qahrli koʻrinishda tasvirlangani qayd etildi va asarni qayta ishlash yuzasidan takliflar ilgari surildi. Chunki Amir Temur tarixda nafaqat buyuk xukmdor balki maʼrifatparvar shaxs sifatida nom qoldirgan.

    Shuningdek, sanʼatshunoslik fanlari doktori, professor Xolida Kamilova tomonidan Amir Temur va Bibixonim liboslari eskizlari namoyish etildi. Tarixiy aniqlik va badiiy mahorat uygʻunlashgan ushbu asar kengash aʼzolari tomonidan yuksak baholandi. Mutaharrik obrazlar oʻz davriga xos tashqi koʻrinish va maʼnaviy-maʼrifiy muhit bilan uygʻun holda tasvirlangan.




    Amir Temur libosi shijoat, maʼrifat, hukmronlik va harbiy qudrat timsoli sifatida yaratilgan boʻlib, zardoʻzlik anʼanalari, davlat ramzlari va hashamatli uslublar orqali buyuk sarkardaning timsoli mujassam etilgan. Bibixonim libosida esa ayol zotining nafosati, ijtimoiy maqomi va ichki dunyosi nozik estetik tushunchalar asosida ifoda topgan.

 


- Eskizdagi har bir detal — mato tanlovi, naqshu nigorlar, aksessuarlar tarixiy manbalar va ilmiy tahlillarga tayangan holda ishlangan. Ushbu asar nafaqat tarixiy shaxslar obrazini yuksak darajada aks ettirish, balki milliy modalar tarixini qayta tiklashda muhim muhim qadamdir, - dedi sanʼatshunoslik fanlari doktori, professor Xolida Kamilova.


    Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan taqdim etilgan ushbu obrazlar Ilmiy kengash aʼzolari tomonidan maʼqullandi va ekspozitsiya uchun muhim yutuq sifatida qayd etildi.