Toʻqimachilik va tikuvchilik tarixiga bagʻishlangan loyiha ustida ishlar olib borilmoqda
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasining “Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyasi” boʻlimi doirasida toʻqimachilik, ipakchilik va tikuvchilik sanʼati taraqqiyotini yorituvchi maxsus ekspozitsiyani yaratish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
Shu munosabat bilan tarix fanlari doktori, professor Jannat Ismoilova rahbarligida loyihaning mazmun-mohiyati, ekspozitsiya shakli va namoyish etish usullarini muhokama qilishga bagʻishlangan navbatdagi ishchi yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda Turkiyaning “Outdoor Factory” dizaynerlik kompaniyasi mutaxassislari ham ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, Islomdan avvalgi davrdagi toʻqimachilik va ipakchilik anʼanalarini, tabiiy boʻyoqlar va milliy naqshlar orqali ifoda etilgan chevarlik madaniyatini zamonaviy vizual vositalar — 3D modellar, multimediaviy stendlar, interaktiv eksponatlar orqali namoyish qilish rejalashtirilmoqda.
Mutaxassislar fikricha, ushbu ekspozitsiya nafaqat arxeologik va tarixiy maʼlumotlarga asoslanadi, balki yosh avlod qalbida milliy oʻzlik, tarixiy meros va ajdodlar mehnat madaniyatiga hurmat tuygʻusini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Uchrashuv yakunida loyihani yanada samarali tashkil etish, uning ilmiy va maʼrifiy jihatlarini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida qoʻshimcha ishchi guruhlar tashkil etish va amaliy rejalar ishlab chiqishga kelishib olindi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
