1400 yillik madaniy merosga qayta asos solinmoqda
Xattotlik sanʼati bugungi kunda qariyb 1400 yillik tarixga ega boʻlib, islom madaniyatining eng nozik va boy anʼanalaridan biri sifatida qadrlanadi. U ilk bor Qurʼoni karim oyatlarini chiroyli va tartibli yozib, odamlar orasida yoyish zaruratidan kelib chiqqan. Bu sanʼat, vaqt oʻtishi bilan butun Sharq madaniyatining ajralmas qismiga aylandi. Xattotlik nafaqat chiroyli yozuv sanʼati, balki inson ruhiyatini tarbiyalovchi, estetik didni shakllantiruvchi va maʼnaviy goʻzallikni ulugʻlovchi madaniy qadriyat sifatida qadrlanadi.
Bugungi kunda ham xattotlik oʻzining boy tarixiy ildizlarini yoʻqotmagan holda, zamon ruhi bilan uygʻunlashib, yangi mazmun kasb etmoqda. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida tashkil etilayotgan xattotlik va kitobat maktabi ana shu 1400 yillik bebaho merosni saqlash, uni ilmiy asosda oʻrganish va kelajak avlodlarga yetkazish yoʻlida muhim ahamiyatga ega.
Xattotlik — insoniyat madaniy merosida alohida oʻrin tutgan nozik va nafis sanʼat turlaridan biri hisoblanadi. Sharq xalqlari asrlar davomida xatni nafaqat axborot yetkazish vositasi, balki sanʼat darajasiga koʻtargan. Ayniqsa, Markaziy Osiyo hududida xattotlik qadimdan xalqning maʼnaviy hayotida alohida oʻrin egallab, ilm-maʼrifatning yoyilishida, kitoblarni koʻpayib odamlar orasida tarqalishida, meʼmoriy va badiiy obidalarni bezashda katta ahamiyat kasb etgan.
Sharq mutafakkirlari xatni “koʻzni quvontiruvchi, qalbni tarbiyalovchi” sanʼat deb atashgan. Ibn Sino kabi buyuk allomalar esa xunuk yozuvning koʻzga zarar yetkazishi haqida ogohlantirib, husnixatning sogʻlomlik uchun ham foydali ekanini alohida taʼkidlaganlar. Shu sababli ham goʻzal xatda koʻchirilgan kitoblar qadrlangan va eʼzozlangan.
Markaziy Osiyoning yirik shaharlarida — Buxoro, Samarqand, Hirot, Qoʻqon, Xiva, Toshkent kabi madaniyat markazlarida asrlar davomida husnixat maktablari shakllanib, rivojlanib bordi. Har bir maktabning oʻziga xos uslubi, estetik didi va badiiy yondashuvi boʻlib, ular bir-birini boyitib, Sharq xattotlik sanʼatini dunyoga tanitdi. Temuriylar davrida Hirotda yuksalgan nastaʼliq, Shayboniylar davrida Buxoro uslubi, Qoʻqon va Xorazmda shakllangan mahalliy anʼanalar, Toshkent xattotlik maktabining toshbosma asarlardagi izlari — bularning barchasi oʻz davrida madaniy hayotning eng muhim belgilaridan biri boʻlib qolgan.
Bugun bizga yetib kelgan minglab qoʻlyozmalar, Qurʼoni karim nusxalari, tarixiy va adabiy asarlar ana shu xattotlar fidoyiligi mahsulidir. Markaziy Osiyo xattotlarining ilm-maʼrifat va maʼnaviy-maʼrifiy merosni avlodlarga yetkazish yoʻlidagi xizmatlari har qancha eʼtirof etilsa, shuncha oz.
Arab yozuvining ilk uslublari va takomillashuvi
Islom olamida xattotlik arab yozuvining maʼqaliy (kufiy) shaklidan boshlangan. Hazrati Usmon ibn Affon (r.a.) davrida Qurʼoni karim mana shu kufiy xatida koʻchirilgan. Keyinchalik Kufa shahridan tarqalib, «kufi xati» deb atalgan bu uslubga nuqtalar va eʼroblar qoʻshilib, yanada mukammal koʻrinish kasb etdi.
Bagʻdodlik Abu Ali ibn Muqla kufiy asosida arab yozuvining yetti asosiy turini yaratib, xattotlik sanʼatini yangi bosqichga olib chiqdi. Uning izdoshi — Shayx Jamoliddin Yoqut Jazoiriy bu uslublarni yanada mukammallashtirib, Qurʼonning mingga yaqin nusxasini muhaqqaq (yoqut) xatida forscha tarjimasi bilan birga koʻchirdi. Ibn Bavvob esa 17 yangi xat turini yaratib, arab yozuvini yanada goʻzal va badiiy qildi.
Markaziy Osiyodagi xattotlik maktablari
Markaziy Osiyoda xattotlik sanʼati ayniqsa Temuriylar davrida yuksak taraqqiyotga erishdi. Xuroson poytaxti Hirotda Sulton Ali Mashhadiy rahbarligida yirik xattotlik maktabi tashkil etilib, XIV asrda Mir Ali Tabriziy tomonidan yaratilgan nastaʼliq xati bu yerda yanada takomillashdi. Bu uslub tarixiy va badiiy asarlarni kitobat qilishda keng qoʻllanilib, oʻz davrining yetakchi xatiga aylandi.
Temuriylar davridan soʻng madaniy markaz Hirotdan Buxoroga koʻchdi. XVI–XVII asrlarda Buxoro maktabi oʻziga xos uslub va badiiy didni shakllantirib, mashhur xattotlarni yetishtirib chiqardi.
Xorazmda mustaqil xattotlik maktabi XVIII asr boshlarida shakllanib, Muhammad Rahim I va Muhammad Rahim II davrida yuksak taraqqiyotga erishdi. Aynan shu davrda kitobat ishlari, badiiy asarlar koʻchirish ishlari yangi surʼatda jadallashdi.
Qoʻqon xonligi davrida ham xattotlik sanʼati yuksak baholangan. XVIII asr oxiri va XVI asrda Muhammad Sharif Dabir rahbarligida Fargʻona vodiysida nastaʼliq va shikasta nastaʼliq xatlari keng qoʻllanilib, yangi namunalar yaratildi.
XIV asr oxirlariga kelib Toshkent ham madaniy va ilmiy markazga aylana boshladi. Shohmurod boshchiligida tashkil etilgan Toshkent xattotlik maktabi oʻziga xos anʼana yaratib, toshbosma kitoblarni koʻchirishda faol qatnashdi.
Husnixat maktablarining oʻrni va merosi
Markaziy Osiyodagi xattotlik maktablari oddiygina jugʻrofiy tushuncha emas, balki oʻz davrining madaniy, siyosiy va estetik taraqqiyot darajasini belgilovchi badiiy hodisalardir. Hirot, Buxoro, Xorazm, Qoʻqon va Toshkent maktablari bu borada yuksak sanʼat asarlarini yaratib, Sharq madaniyatiga ulkan hissa qoʻshdi.
Bugungi kunda bu maktablarda yaratilgan minglab qoʻlyozmalar dunyoning yirik kutubxonalari va muzeylarida saqlanmoqda. Ular xalqimizning ilm-maʼrifatga intilishi, maʼnaviyatga boʻlgan ehtiromini aks ettiruvchi beqiyos madaniy yodgorlikdir.
Xattotlik sanʼati bugungi kunda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan, balki yangi maʼnaviy va estetik talqinlarda yashayotgan qadriyatdir. Ajdodlarimiz uni nafaqat badiiy goʻzallik, balki bilim, sabr, did va eʼtiqodning yuksak namunasi sifatida shakllantirgan boʻlsalar, bugungi kun avlodi uni zamon ruhiga mos holda davom ettirishi kerak.
Ayni paytda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qoshida tashkil etilayotgan xattotlik va kitobat maktabi ana shu yuksak vazifani oʻz zimmasiga olmoqda. Bu maskan — qadimiy husnixat anʼanalarini chuqur oʻrganish, yosh avlodni uni qadrlashga oʻrgatish va uni yangi badiiy izlanishlar bilan boyitish imkonini beradi. Xattotlik va kitobat maktabining faoliyati kelajak avlodni tarixiy ildizlarga bogʻlash va milliy oʻzlikni asrashning zamonaviy modeliga aylanmoqda.
Bugungi oʻzgaruvchan va raqamli davrda xattotlikni saqlab qolish — madaniyatimizni saqlab qolish demakdir. Islom sivilizatsiyasi markazi bu borada nafaqat tarixiy xotirani tiklash, balki milliy sanʼatni yangi bosqichga olib chiqishda muhim maydon boʻlib xizmat qiladi. Shu bois, xattotlik sanʼati ertangi maʼnaviyatimiz va madaniyatimizga xizmat qiluvchi tirik qadriyat boʻlib qoladi.
Husan Tursunov
P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
