BMTni zabt etgan Sharq allomasi




    BMTning Tinchlik Kengashi binosi peshtoqidagi: “Odam bolalari ibtidoda bir gavhardan bino boʻlganlari tufayli yaxlit bir vujud kabidirlar. Binobarin, zamon uning bir aʼzosiga jarohat yetkazsa, boshqa aʼzolari ham oʻz tinchini yoʻqotadi”, jumlasi Saʼdiyning “Guliston” asaridan olinganini bilasizmi?


    Yuksak maʼnaviyat va badiiy fikr shodasini oʻz ichiga olgan asarlar borki, ular orqali xalqning ruhiy qiyofasi va madaniy salohiyati namoyon boʻladi. Ana shunday bebaho asarlardan biri — Sharq adabiyotining buyuk namoyandasi, shoir va mutafakkir Saʼdiy Sheroziyning “Kulliyot”idir.


    Bu mashhur asarning yurtimizda saqlanayotgan nodir qoʻlyozma nusxasi Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Qoʻlyozmalar institutida, №6108 raqam ostida saqlanmoqda. Uning yaratilish tarixi oʻziga xos. Bu nusxa XVI asr oxirida Buxoroda koʻchirilgan boʻlib, oʻsha davrdagi xattotlik, kitobat va badiiy madaniyatning yuksak namunasi sifatida eʼtirof etiladi.


    Saʼdiy Sheroziy (1203/1210–1292) oʻzining “Guliston”, “Boʻston” asarlari, gʻazallari va hikmatlari orqali butun islomiy Sharq madaniyatini yuksak pogʻonaga olib chiqqan mutafakkir sifatida tanilgan. Uning “Kulliyot”i esa ijodiy merosining toʻliq va mukammal toʻplami sifatida yuksak qadrlanadi. Unda sheʼriyat va nasr, hikmat va fazilat, aql va qalb uygʻunlashgan holda namoyon boʻlgan.


Gulistonning navosi endi Islom sivilizatsiyasi markazida yangraydi


    Qoʻlyozma faqat adabiy ahamiyatga ega boʻlmay, balki tarixiy, tilshunoslik, xattotlik va sanʼatshunoslik nuqtai nazaridan ham oʻta muhim manba sanaladi. Qogʻoz sifati, siyoh ranglari, sarlavhalar va bezaklari orqali oʻsha davrning intellektual muhitini, kitobat anʼanalari va eʼtiqodini anglash mumkin. 


    Bugungi kunda ushbu qoʻlyozma nusxasi “Oʻzbekistonning 100 qadimiy qoʻlyozmasi” deb nomlangan medialoyiha doirasida Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan keng jamoatchilikka taqdim etilish arafasida. Loyihaning asosiy maqsadi yurtimizda saqlanayotgan, oʻtmishdan soʻz ochuvchi noyob yodgorliklarni ommaga tanitish, maʼnaviy merosimizni qadrlash va yosh avlod ongiga singdirishdir.


Qalbdan qalbga oʻtgan hikmat: Saʼdiy asarining qoʻlyozmadagi safari


    Saʼdiyning “Kulliyot”i shu maʼnoda nafaqat sheʼriyat, balki hayot falsafasi, inson maʼnaviyati va jamiyat axloqini targʻib etuvchi maktabdir. BMT ning Tinchlik Kengashi binosi peshtoqiga “Guliston”dan olingan quyidagi misralar bitilgan: “Odam bolalari ibtidoda bir gavhardan bino boʻlganlari tufayli yaxlit bir vujud kabidirlar. Binobarin, zamon uning bir aʼzosiga jarohat yetkazsa, boshqa aʼzolari ham oʻz tinchini yoʻqotadi”. Buning oʻzi Saʼdiy merosining butun insoniyat uchun naqadar ahamiyatli ekanini koʻrsatadi.


    Shu bois ham, Oʻzbekistonda Saʼdiy singari allomalarning asarlari avloddan-avlodga oʻtib, milliy oʻzlikni anglashda, maʼnaviyat va maʼrifat targʻibotida muhim oʻrin tutadi. “Kulliyot”ning bu qoʻlyozma nusxasi esa yurtimiz qoʻlyozma xazinasining durdonasi sifatida nafaqat oʻtmishdan, balki kelajakdan ham soʻz ochayotgan maʼnaviy yodgorlik.


    1958 yilda “Guliston” asarining 700 yilligi Butunjahon Tinchlik qoʻmitasi qarori bilan xalqaro miqyosda nishonlangan. Bu voqea ham Saʼdiy ijodining butun insoniyat maʼnaviy hayotida tutgan oʻrni naqadar ulkan ekanini koʻrsatadi. Uning asarlari nafaqat oʻtmishda, balki bugungi kunda ham axloqiy, falsafiy va maʼnaviy tarbiya manbai sifatida oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan. Saʼdiy Sheroziy qalam bilan qalblarni tarbiya qilgan, hikmat bilan hayotga nur sochgan muhtasham shaxsiyatdir.

 

Durdona Rasulova

P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.