Qonuni Maʼsudiy: oʻrta asr musulmon astronomiyasining eng yirik ensiklopediyasi

  

     Oʻzbekiston zamini qadim-qadimdan isteʼdodlar va allomalar diyori boʻlgan. Shunday ajdodimiz borki, u Hindistondagi Nandna qalʼasidagi oʻlchash ishlari orqali Yerning jugʻrofiy oʻlchamlarini aniqlaydi va oʻz hisob-kitoblari bilan hozirgi fanga yaqin natijalarga erishadi. Uchta nuqta orqali masofani aniqlashda birinchi boʻlib chiziqli triangulyatsiya usulini qoʻllagan. Azimutni aniqlashdagi analitik usullari va radiusi birga teng boʻlgan aylana bilan ishlash uslublari ilmga yangi yondashuvlarni taqdim etadi. Uning faoliyatida astronomik asboblarni ixtiro qilish va ularni hisoblashlarda qoʻllash amaliyoti katta ahamiyatga ega.

 

        Medialoyihadan oʻrin olgan qadimiy qoʻlyozma

 

    Bu alloma serqirra Abu Rayhon Beruniydir. Uning eng qadimiy qoʻlyozmalaridan biri Fransiya Milliy kutubxonasida saqlanayotgan “Qonuniy Masʼudiy” asari. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining "Oʻzbekistonning 100 qadimiy qoʻlyozmasi" medialoyihasidan ushbu qoʻlyozma ham joy olgan.

 

     Beruniy “Masʼud qonuni”(“al-Qonun al-Masʼudiy”) asarini 1030 yildan keyin Gʻazna sultoni Masʼudga bagʻishlab yozadi. Unda matematik astronomiyaning asosiy qoidalari, yoritqichlarning koordinatlari, ularning harakatlanish tartiblarini hisoblab chiqarish yoʻllari batafsil tushuntirilgan. Bu kitobda bayon etilgan taʼlimotlarning aksariyatini Beruniy “Qurʼon” oyatlari bilan solishtirgan. Bu uning “Qurʼon”ni yaxshi bilganligidan dalolat beradi.

 

     Shuningdek, mazkur kitobda Beruniy tuzgan yulduzlar jadvali – Beruniy ziji ham ilova qilingan boʻlib, mazkur jadvalda 1029 ta yulduzning koordinatalari va yulduzlar hajmi Ptolomey va arab astronomi as-Sufiy jadvallariga asoslanib berilgan. 

 

           Shveysariyalik sharqshunos va tarixchining eʼtirofi

 

    Shveysariyalik sharqshunos va tarixchi Adam Mets IX asr oxiridan XIII asr boshlarigacha boʻlgan davrda musulmon olamidagi ilmiy va madaniy rivojlanish jarayonlarini har tomonlama tahlil qilib, bu davrni “Musulmon Renessansi” deb atagan. Bu yuksalish davrida Abu Rayhon Beruniy kabi allomalar ilm-fanning deyarli barcha sohalarida faoliyat koʻrsatib, tarixiy taraqqiyotda muhim oʻrin tutdilar. Beruniy ushbu Renessansning eng yorqin va tengsiz namoyandalaridan biri sifatida tan olingan. Amerikalik fan tarixi mutaxassisi Jorj Sarton ham Beruniyning boy ilmiy faoliyatini yuqori baholab, XI asrni “Beruniy davri” deb atagan va u haqda “zamonasining ulugʻ olimi va hamma davrlarning ham eng ulugʻ siymosidir”, deb yozgan.

 

            “Fihrist”da nimalar yozilgan?

 

      Beruniy oʻz asarlarining roʻyxatini keltirgan “Fihrist” asarida 113 ta asarini qayd etgan, ularning 70 tasi astronomiyaga, 20 tasi matematikaga, 12 tasi geografiya va geodeziyaga bagʻishlangan. Shu bilan birga, u “Fihrist” tuzilgandan keyingi 13 yilda yana 50 dan ortiq asar yozgan, ular orasida tarix, dorishunoslik va dinshunoslikka oid muhim ishlar ham bor.

 

      Eng koʻp shugʻullangan fan sohalari

 

    Astronomiya Beruniyning eng koʻp shugʻullangan fan sohalaridan biri edi. Uning “Qonuni Masʼudiy” asari oʻrta asr musulmon astronomiyasining eng yirik ensiklopediyasi hisoblanadi. Unda yulduzlar jadvali (1029 yulduz), astronomik hisob-kitoblar, apogey harakatlari haqidagi tahlillar va sferik astronomiya muammolari oʻz aksini topgan. Uning bu asari nafaqat Tusiy va Mirzo Ulugʻbek rasadxonalarida asosiy darslik sifatida oʻqilgan, balki keyingi asrlarda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan. Shuningdek, Beruniy Muhammad ibn Muso al-Xorazmiyning astronomiyaga oid asariga uchta sharh yozgani ham uning ushbu sohadagi chuqur bilimlaridan dalolat beradi.

 

          22 yoshdagi ulkan qadam

 

    Beruniy 22 yoshida Yer globusini yaratib, u orqali Quyosh, Oy va yulduzlar proyeksiyalarini aks ettirgan. Bu nafaqat astronomiya, balki geografiya va taʼlim sohalarida ham ulkan qadam boʻlgan.

 

    Qadimgi tillarni bilishi va koʻp manbalarni oʻrganishi uni yuksak darajadagi qomusiy olimga aylantirgan. U faqat maʼlumot yigʻuvchi emas, balki tahlilchi va tanqidchi sifatida ham ilmning taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan. Uning fanga, xususan xronologiya, astronomiya, matematika, geodeziya va geografiya sohalariga qoʻshgan hissasi uni oʻz davrining ulkan olimlaridan biri sifatida tan olishga toʻla asos boʻladi.

 

Durdona Rasulova

 

P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.