Jorulloh maqomi — ilm va maʼnaviyatning yuksak choʻqqisi
Islom sivilizatsiyasi tarixida chuqur iz qoldirgan ulugʻ mutafakkirlar orasida Mahmud Zamaxshariy alohida oʻrin tutadi. Butun umri davomida ilm va maʼrifatni hayot mazmuni deb bilgan bu zotning nomi musulmon olamida «Jorulloh» — yaʼni «Allohning qoʻshnisi» sifatida ehtirom bilan tilga olinadi. Unga berilgan bu unvon tasodifiy emas, balki umrining muayyan qismini Kaʼba yaqinida, Makkada ilm izlash va asarlar bitishga bagʻishlagani tufaylidir.
Mahmud Zamaxshariyning toʻliq ismi Abul Qosim Mahmud ibn Umar Zamaxshariy boʻlib, u hijriy 467 yil, rajab oyining 27-kuni (milodiy 1075 yil 19 martda) Xorazmning Zamaxshar qishlogʻida tavallud topgan. Ilm va taqvo bilan yashagan oilada voyaga yetgan Zamaxshariy yoshligidan aql-zakovati, intiluvchanligi bilan ajralib turgan. Otasi Qurʼon tilovati va ibodatga koʻngil bergan, masjid imomi boʻlib xizmat qilgan va farzandini ham diniy-maʼnaviy tarbiya ruhida voyaga yetkazgan.
Afsuski, Mahmud yoshligida boshidan ogʻir sinovni kechiradi — bir kasallik sabab bir oyogʻidan oqsoqlanib qoladi. Lekin bu jismoniy nuqson uni ruhiy tushkunlikka tushirmaydi, aksincha, ilmga yanada jiddiyroq shoʻngʻishiga sabab boʻladi. Ogʻir mehnatga qodir emasligi bois otasi uni madrasaga beradi. Aynan madrasada Mahmudning bilimga chanqoqligi yanada charxlanadi. U arab tili va adabiyoti, xattotlik, diniy ilmlarni puxta egallaydi.
Zamaxshariyning shakllanishida koʻplab mashhur ustozlar muhim oʻrin tutdi. Abu Mudar ibn Jarir ad-Dabbiy al-Isfahoniydan til va adabiyot saboqlari oldi, Bagʻdodda esa shayxulislom Abu Mansur Nasr al-Xorisiy, Abu Soad ash-Shaqqoniy, Abu Xattob ibn Abul Batar kabi ulamolardan hadis ilmini oʻrgandi. Makkada yashab yurganida Abu Bakr Abdulloh ibn Talxat al-Yabiriy al-Andalusiy va shayx as-Sadid al-Xayyatiylarning shogirdi sifatida nahv va fiqh fanlarida chuqur bilimlarga ega boʻldi. Lugʻatshunoslikda esa Abu Mansur Mavhub ibn al-Xodar al-Javoliqiy kabi yirik allomalardan taʼlim oldi.
Mahmud Zamaxshariy umrining besh yilini Makkada oʻtkazdi. Shu davrda u koʻplab asarlarini yaratdi va Makkadagi faoliyati sabab musulmon dunyosida «Jorulloh» — Allohning qoʻshnisi degan yuksak unvonga sazovor boʻldi. U ilm yoʻlida koʻplab shogirdlarni tarbiyaladi. Xorazm va boshqa Sharq shaharlari madrasalarida oʻqigan talabalar uning taʼlimotidan baxra oldi.
Hayot yoʻlida koʻplab qiyinchiliklarga qaramay, Mahmud Zamaxshariy uylanmadi va butun umrini ilm yoʻliga bagʻishladi. Buyuk alloma hijriy 538 yilda, Arafot kuni (milodiy 1144 yil 14 aprel) Xorazmda vafot etdi va oʻz ortidan boy maʼnaviy-maʼrifiy meros qoldirdi.
Ilmiy merosi va asarlari
Mahmud Zamaxshariy serqirra ijodkor edi. U arab tili grammatikasi, lugʻatshunoslik, adabiyot, joʻgʻrofiya, tafsir, hadis va fiqhga oid 50 dan ortiq asar yaratdi. Uning asarlari nafaqat Sharqda, balki Gʻarbda ham mashhur boʻldi.
Arab tili ilmi
Arab tilining nazariy asoslarini ishlab chiqishda Zamaxshariyning «Al-Mufassal» asari alohida oʻrin tutadi. Bu grammatik qoʻllanma arab tili nahvini mukammal va tizimli ifodalab bergani sababli yuqori qadrlangan. Uning yuksak darajasi haqida olimlar:
«Agar bu turk (Zamaxshariy) boʻlmaganida, arablar oʻz tillarining nahvini unutib yuborgan boʻlardi», — deb taʼriflashadi.
Shuningdek, uning «Muqaddimatul adab» asari ham lugʻatshunoslik sohasida katta ahamiyat kasb etadi.
Balogʻat va nutq madaniyati asari
Mahmud Zamaxshariyning «Asosul balogʻat» nomli asari nutq madaniyati, balogʻat sanʼatini oʻrganishda asosiy manbalardan biridir. Bu kitob oʻsha davrda nutq madaniyati va soʻzlashuv uslubini yuksaltirishga xizmat qilgan.
Didaktika va tarbiya
Allomaning «Atvoquz zahab fil Mavoiz val xutab» risolasi axloq-odob, tarbiyaviy nasihatlarga bagʻishlangan. «Rabiul abror va nususul axyor» esa adabiy-badiiy yoʻsinda yozilgan boʻlib, tarixiy va maʼnaviy maʼlumotlarga boy.
Tafsir ilmi
Mahmud Zamaxshariyning eng mashhur va eng yirik asarlaridan biri «Al-Kashshof an haqoiqit tanzil va uyunil aqovil fi vujuhit taʼvil» nomli tafsiridir. Bu asar Qurʼon oyatlarini sharhlashda oʻziga xos yondashuvi, til va yuksak darajasi bilan ajralib turadi. Asar murakkab uslubda yozilgan boʻlsa-da, bugungi kunda ham musulmon dunyosida, jumladan Qohiradagi mashhur «Al-Azhar» universiteti talabalarining asosiy oʻquv manbalaridan biri boʻlib qolmoqda.
Mahmud Zamaxshariy nafaqat oʻz davrining, balki keyingi asrlarning ham maʼnaviy-maʼrifiy hayotiga ulkan taʼsir koʻrsatgan yirik allomadir. Chuqur bilimi, zukkoligi, ilmga sadoqati uni «Arab va ajam ustozi», «Xorazm faxri» sifatida tarixga muhrladi. Bugun ham uning merosi ilm ahlining qoʻlidan tushmaydigan bebaho boylik sifatida qadrlanmoqda.
Bugungi kunda yurtimizda, xususan, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida ana shunday buyuk allomalarimizning boy merosini targʻib qilish yoʻnalishida izchil ishlar olib borilmoqda. Markazda tashkil etilayotgan ekspozitsiyada Mahmud Zamaxshariy kabi ulugʻ siymolarning hayoti va ijodiga alohida eʼtibor qaratilgan.
Bu kabi ezgu tashabbuslar yurtimizning boy ilmiy va maʼnaviy merosini asrash va yangi avlodga yetkazish yoʻlidagi ulugʻ bir qadamdir. Zamaxshariy merosi esa bu yoʻlda abadiy mashʼala boʻlib qolaveradi.
Husan Tursunov
P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
